O’zbekiston o’zgarishlar fasliga tayyormi?

Posted January 25th, 2013 at 4:24 pm (UTC+0)
Leave a comment

O’zbekistonni sovet davridan beri boshqarib kelayotgan Islom Karimov bu yil 75 yoshni qarshiladi. © AP

So’nggi paytlarda turli ommaviy axborot vositalari va mustaqil tahlilchilar O`zbekistonda Islom Karimovdan keyin hokimiyatga kim kelishi haqida turli taxminlarni olg’a sura boshladi. Bu jarayon mamlakatda qanday o’tishi haqidagi  so`nggi hisobotlarning deyarli barchasi xavotirli. Ular O`zbekistonda silkinishlar davri kutilayotganidan darak beradi.

Taxminlar turlicha. Lekin barcha tadqiqotchilar,  ekspertlar bir fikrda yakdil: Karimovdan so`ng O`zbekistonda vaziyat qanday bo’lishi mavhum.

Ayrim tahlilchilar Karimov ketishi ortidan mamlakatda, hatto mintaqada beqarorlik yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantiradi.

Bunday qarash odamlarni cho’chitib, ayrimlarda Karimovning barqarorlikni ushlab turganiga shukr, ishqilib, tinchlik bo`lsin, degan fikr uyg`otishi mumkin.

Ammo tig` kuchiga asoslangan barqarorlik ortidan silkinish kelishi brinchi bor kuzatilayotgani yo`q. Bunday barqarorlikning umri qanchalik uzun bo`lsa, undan keyin yuz beradigan beqarorlikning tebranish  kuchi ham shunchalik yuqori bo’ladi.

Bizga esa normal, favqulodda silkinishlarsiz mamlakat yo`nalishi va rahbarini tanlash mumkin bo`lgan muhit kerak. Bu aksariyat davlatlar rivojlanishiga asos bo`lib kelayotgan ustun, boshqaruvning eng samarali usuli sifatida ko’riladigan o’sha eski gap – demokratiya.

So`nggi 20 yillik tariximiz davomida erkin so`z va muxolif qarashga nisbatan qo’llanayotgan ta’qiblar shu qadar oddiy ko`nikmaga aylandiki, bu haqda gapirishning o’zi zerikarli mavzuga aylandi. Qayta-qayta takrorlanayotgan gaplar hatto ayrimlarning ensasini qotira boshladi.

Lekin bir narsa bizga yaxshi ma’lum. 20 yil davomida yashirib kelingan muammolar hech qayoqqa yo`qolgani yo’q. Aksincha, keskinlashgancha yuzaga chiqish fursatini kutmoqda. Mamlakatda ochiq bir jamiyat paydo bo’lsa, ko’p narsa yuzaga qalqib chiqishi muqarrar. Bu esa silliq kechmaydi. Beqarorlik xavfining yuqoriligi aslida hozirgi yopiq jamiyatdan qolayotgan meros.

Shunday ekan, jamoatchilik bu davrga tayyor turishi kerak.  Afsuski, bugun xalq siyosiy jihatdan uyg’oq emas. Bunday uyg`oqliqlikni ta’minlab turuvchi ruh so’nggi 20 yil davomida boy berilgan.

O’zbekistonda hokimiyat o`zgarishi mamlakat uchun tahlikali davr bo`lishi haqida xulosa qilayotgan ekspertlar ko`proq shunga, O`zbekistonda fuqorolik jamiyati shakillanmaganiga, jamoatchilik kutilmagan o`zgarishlarga tayyor emasligiga e’tibor qaratmoqda. Bunday vaziyat jamiyatni parokanda qilishi mumkin, deydi ular.

Ammo jamiyat ham o`z instinktlariga ega. O’zgarishlar shamoli boshlanar ekan, millat xotirasida  unutilgan tuyg’ular qayta uyg’onishiga, xalq orasida yana jonlanish boshlanishiga umid qilging keladi.

Malik Mansur,

Germaniya

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.