Vatan Manzaralari

O’zbekistonni 2014-yildan keyin nima kutmoqda?

O`zbekiston mintaqa gigantiga aylanishga hozirlanmoqda. Islom Karimov O`zbekistonni 20 yillik ixtiyoriy izolyatsiyadan chiqarish qarorida”, – deb yozadi rossiyalik ekspert Aleksandr Sobyanin.

Shubhasiz, O`zbekistondagi hozirgi vaziyat soyasida bu o`ta jarangdor bayonot.  Ehtimol, bu jarangdorlik  boshqa bir maqsadda qilingan, haqiqatdan uzoqdir. Har holda, bir blog doirasida buni mulohaza qilib ko`rish mumkin.

Rossiyaning Strategik Konyukturalar  Markazi saytida e’lon qilingan suhbatda Aleksandr Sobyaninning aytishicha, Islom Karimovning  mamlakatni izolyatsiyadan chiqarish ixtiyori G`arbning moliyaviy va harbiy ko`magiga tayanadi va bu O`zbekistonni yaqin yillarda mintaqa gigantiga aylantirishi kerak.

Soddaroq qilib aytadigan bo’lsak, O`zbekiston siyosatida yaqin orada o`zgarishlar boshlanishi taxmin qilinmoqda. Ammo bu bashorat qanchalik asosli?

Islom Karimovning mamlakatda oshkoralik boshlanishiga yo’l berishini tasavvur qilish qiyin.  Lekin, beixtiyor so`nggi kunlarda kechgan voqeliklardan bu taxminlarni asoslovchi biror ishora topishga harakat qilasan…

Prezident kasalligi haqidagi gap-so`zlar ortidan Islom Karimov o`z faolligini ancha jonlantirgan ko`rinadi.

Moskvada ikki kunlik murakkab kechgan rasmiy safarda bo`lib qaytgan Islom Karimov Toshkentda zamonaviy uy-joy qurilishiga bag`ishlangan xalqaro konferensiyada qatnashdi.  Mazkur konferensiya xalqaro miqyosdagi yirik moliyaviy banklarni jalb qilgani bilan diqqatli.  Unda Xalqaro valyuta Jamg`ramasi, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki,  Osiyo taraqqiyot banki vakillari ishtirok etdi. Islom Karimov Oqsaroyda ITB rahbarini, bir kun o`tib esa OTB rahbarini qabul qildi.

Ayrim kuzatuvchilar nazarida, prezident bu konferensiyada o’qigan ma`ruzasida o`zidan keyin hokimiyatga qanday odam kelishini istashi haqida ishora bergan. Nutqda Karimov orzusidagi voris yosh, zamonaviy axborot texnologiyalarini yaxshi tushunadigan rahbar sifatida gavdalanadi.

Karimov, shuningdek, qishloq joylarida qurilayotgan zamonaviy uy-joylarning internet tarmog`iga ulanayotgani, natijada ingiliz tilini o`rganish ommaviy yo`lga qo`yilgani va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar haqida gapirgan.

Gap shundaki, prezident, avvalroq, Toshkent viloyat hokimini o`zgartirish marosimidagi nutqida ham yoshlar va internet yaratayotgan imkoniyatlarga ahamiyat qaratgan edi. Islom Karimov, shu bilan birga, Toshkent viloyat kengashi sessiyasidagi nutqida O`zbekiston uchun noqulay mavzulardan biri  bo’lgan “arab bahori” voqelariga ham to`xtalib o`tdi:

“Internet tarmog‘ini qandaydir temir devor bilan to‘sib, taqiqlash – bu mutlaqo aqlga sig‘maydigan ish. Mana, jahonning ayrim mintaqalarida, arab dunyosida turli notinchlik va qarama-qarshiliklar yuz bermoqda. Bu holatning sabablari ko‘p, lekin ularning aksariyati yoshlarga, ularning hayotiy manfaatlarini hal qilishga yetarli e’tibor bermaslik natijasida sodir bo‘layotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi”, – dedi prezident.

Qizig’i shundaki, Islom Karimov aqliga  sig`mayotgan amal, ya’ni  internetni to`sish O`zbekistonda o`n yillardan buyon muvaffaqiyatli amalga oshirib kelinmoqda. Bundan Islom Karimovning o`zi ham yaxshi xabardor. Shunday ekan, nega u bu mavzu tilga olmoqda,  kimga, nimaga ishora qilmoqda?

Oliy Majlis “Davlat organlari faoliyatida ochiqlikni ta`minlash  bo`yicha” qonun loyihasini sinovdan o`tkazayotgani,  Samarqandda boshlangan tajriba  mahalla qo`mitalarini  internet tarmog`iga ulash,  mahalla veb-sahiflarini ochish kabi choralarni nazarda tutayotgani ham shu ishoralar jumlasidan.

Qolaversa, Islom Karimov demokratiya va inson huquqlari masalasida bugun har qachongidan ko`ra kamroq bosim ostida. AQSh ham, Yevropa Ittifoqi ham Toshkent bilan munosabatlarida  ehtiyotkorlik bilan ish tutmoqda, ortiqcha umidlarga berilmayotgandek.

Har holda AQSh Davlat Kotibi yordamchisi Mayk  Hammerda  O`zbekiston safari silliq taassurot qoldirdi.

Ehtimol, voris masalasining dolzarblashgani hukumatdan o`zgarishlarni amalga oshirishni, jamiyatda nisbatan ochiqlikni yo’lga qo’yishni  talab qilayotgandir.   Xullas, esayotgan siyosiy shabadalar yaqin yillar ichida kutilayotgan jiddiy o’zgarishlar haqida darak berayotgandek.

Aslida bunday ishoralarning yuzaga chiqqani yangilik emas. So`ngi yigirma yil davomida ular  yetarli darajada kuzatilgan. Esda qoladigan muhim voqelik shuki, O`zbekistonning mintaqadagi o`rni so`nggi yigirma yil davomidagi izolyatsiya bois jiddiy cheklangan.

Nazarimda, jamiyatga erkinlik imkoniyati berilishining  o`ziyoq  O`zbekistonni  mintaqadagi tarixiy o`rnini tez fursatda tiklaydi.  Buning uchun esa rahbariyatda siyosiy iroda kerak, xolos.

Malik Mansur, Germaniya

Xorijdagi o’zbek saytlari nimani yorityapti?

© Spinybackwebdesign.com

“O’zbekistonda erkin fikr aytish, xavotirsiz ochiq muhokama yuritish orzuligicha qolayotgan bir paytda xorijda emin-erkin ishlayotgan ko’plab o’zbek saytlaridagi manzara hafsalani pir qiladi”, – deydi yaqinda vatandan chiqib ketishga majbur bo’lgan o’zbekistonlik.

Bu umidsiz xulosalar so’nggi yillarda o’zbek faollari tomonidan xorijda ochilgan mustaqil saytlar faoliyati haqida.

Bunday qarash birinchi bor aytilayotgani yo’q, qolaversa, vatandoshimiz nazarda tutayotgan mustaqil o’zbek saytlarining o’zida ham bu kabi fikrlarni o’qish mumkin: o’zaro haqoratlar, tahqirlar, shaxs qadrini yerga urish… Muhokama o’z yo’lida, lekin illatlar o’sha o’sha.

Gap xorijdagi o’zbek muxolifati, faollarining tarqoqligi, bo’linish yoki birlashish haqida ham emas, balki oddiy saviya, qolaversa, aksariyat o’zbeklar mosuvo bo’lgan imkoniyatdan ustida ketmoqda.

Har bir nashrning maqsadi o’quvchilarni vatandagi vaziyat haqida baholi qudrat xabardor qilib turish ekaniga shubha yo’q. Biroq xorijdagi aksariyat o’zbek saytlariga qo’yilayotgan maqolalar birinchi o’ringa nizo va adovat, bu ham yetmaganidek, haqoratga to’la.

Albatta, bunday paytda o’quvchiga beriladigan tavsiya oddiy: yoqmasa o’qimang, qaramang . Ehtimol, rostdan shunday qilish kerakdir.

Biroq tavsiyalarga to’sqinlik qiluvchi sabablar bor, bu borada suhbatdoshim Hasanboy Yo’ldoshev yaxshi fikrlar aytdi, uni matn sifatida emas, jonli keltirishni ma’qul ko’rdim.

Marhamat tinglang:

Hasanboy Yo’ldoshev mulohazalari – Audio:

Mohiyat shundaki, bu noxush jarayonga tortilganlar o’zbek demokratik jamoatchiligining old qismini tashkil etadi. Har holda faollar guruhi sifatida boshqa bir jamoatchilik hozircha yuzaga chiqqani yo‘q.

Men jurnalist, o’quvchi, fuqaro sifatida ham o’zbek jamoatchiligini tamsillovchi guruhni bir qadar saviyali ko’rishni, taqdim etishni xohlayman. Nazarimda sog’lom bir muhitni istagan boshqa o’zbeklar ham shunday fikrda.

Mustaqil saytlarni rasmiy axborot vositalaridan farqli tomoni bu yurtdagi jarayonlar haqida batafsil, ochiq, konstruktiv mushohada bilan yoritish imkoniyatiga egaligidir. Biroq haqorat urchigan, adovatga chulg’angan muhitda bunday muloqotga o’rin yo’qligi aniq. Shunday bo’layapti ham.

Ko’pchilik buning sababini tarafkashlikda, o’zbek muxolifatining tarqoqligida ko’radi. Ammo bu haqorat va adovat sachratishga asos bo’luvchi omil emas.
Bo’linish ham, birlashish kabi tabiiy, o’zgaruvchan jarayon, shaxs qadri esa daxlsiz qolishi kerak, ayniqsa, inson huquqi, qadriyatlarini tiklashga da‘vogar bo’lgan jamoatchilik uchun.

Afsuski, bu qadriyatlarni tamsillayotgan jamoatchilikning eng zaif nuqtasi ham shunda – shaxs qadri, sha’niga nisbatan munosabatda bu qadriyatning unutilayotganidir.

Ta‘bir joiz bo’lsa, vatanda “farovonlik” haqida bosilayotgan zo’raki maqolalar jamoatchilikni qanchalik cho’ktirayotgan bo’lsa, tashqaridagi haqoratga va adovatga yo’g’rilgan “tanqidlar“ning zarari ham bundan kam emas.

Albatta, asl maqsadning o’zi shundan iborat bo’lmagan taqdirda.

Fursatdan foydalanib, ko’pgina do’stlar savoliga oydinlik kiritib o’tmoqchiman. M.Mansur taxallusi ostida turli saytlarda berilayotgan maqolalar muallifi men emasman. Menda hajv yozishga ishtiyoq ham, xohish ham yo’q.

Malik Mansur