Hukumat internet jilovini mustahkamlash  yo’lida izlanish olib borishda davom etmoqda. Zotan, chorasizlikka tushgan o`zbeklar uchun adolatga umidning so`nggi chorasi internet bo’lib qolayotgan edi.

Xalq orasidagi rang-barang qarashlar internetdagi turli saylarda, ijtimoiy tarmoqlarda ko’rinish bermoqda. Shunday saytlardan biri – “YouTube”.

Muammoni “Youtube” orqali yoyinlash, albatta, uning hal qilinishini bildirmaydi, biroq ko`pchilik e`tiboriga tushgan lavha so`nggi qarorni beruvchi  hukmdor – prezident Islom Karimovga yetib borsa ajab emas, degan umidlar ham yo’q emas.

Farg`onalik rassomlarning “Youtube” orqali O`zbekiston prezidentiga murojaati o`z natijasini bergandek.  Badiiy akademiya binosining bir tadbirkor tomonidan noqonuniy olib qo’yilishiga qarshi viloyat rassomlari o’z noroziliklarini g’ayrioddiy usulda izhor etishdi. Prezidentga atalgan murojaatlarini “Youtube” saytiga joylashga qaror qilishdi:

Qaror natijasini bergandik. Rassomlar uyi ijodkorlar ixtiyorida qoladigan bo’ldi.

Uzoq davom etib kelayotgan bu mashmashaning  rassomlar foydasiga hal qilinishi shaxsan prezident ishorasining aralashishi orqali ro’y berdi deb bo’lmasa-da, birinchi raqamli shaxsning qizi Gulnora Karimovaning unga bosh qo’shgani aytilmoqda. “Ozodlik” xabariga ko`ra, rassomlar Gulnora Karimovadan minnatdor.

Biz sabrli xalqmiz, shunday ekan, muammolar, ”Youtube”ga yuklangungacha,  bir qator ma’muriy pag`onalarni bosib o`tishiga shubha yo`q.

Uyi buzilgan, 40 yillik zahmati evaziga ko`kartirgan daraxtlari ayovsiz  kesib tashlangan termizlik onaxon ham  O`zbekiston prezidentiga internet orqali murojaat qilishdan boshqa chorasi qolmaganini aytadi:

Shaxsan men, bu murojaat prezidentga yetib borganiga shubha qilmayman.  Keyinchalik  onaxonga, aniqro`gi, uning oila a’zolariga nisbatan boshlangan tazyiqlar shundan darak bermoqda.

Xabarlarga ko`ra, onoxonning Termiz Unversitetida o`qituvchilik qilayotgan qizi qattiq  bosimga uchragan, biznes qilayotgan o`g`illarining faoliyati to`xtatib qo`yilgan. Albatta, hokimiyat shu bilan norozilikning  ovozini o`chirishni maqsad qilgan edi, ammo ular adashdi.  “Youtube”da Termizdagi vayronagarchiliklar sharhlangan yangi lavhalar paydo bo`ldi:

30-40 yil mobaynida parvarishlangan mevazor bog`ning bir kunda payxon qilinishi onoxonning sabr kosasini to`ldirgan, buni  lavhadan sezish qiyin emas.  Termiz iqlimida darxt ko`kartirishning o`zi bo’lmaydi. Shunday ekan, cho`llashayotgan shaharda har biri ro`yxatda turishi lozim bo`lgan daraxtlarlarning nega kesilayotganini tushunolmay qiynalasan. Obodonlashtirish bizda faqat yashillikni yo`qotish evaziga amalga oshayotgandek.

Bu manzarani ko`rib,  o`z-o`zidan Turkiyadagi namoyishlar, Taksim bo`gidagi daraxtlar himoyasiga chiqqan minglab turklar xayolga keladi. Ammo O`zbekiston Turkiya emas. Termizdagi hodisa boshqalari oldida hech narsa emas. Biz butun mamlakat bo`ylab yuz yillik chinorlar qirg`in qilinishini ham jimgina kuzatdik. Poytaxtnining ko`rki bo`lgan azim chinorlar o`rnini saraton issig`iga dosh berolmasdan qovjirab qolayotgan archalar egalladi. Tabiatni qirg`inlash hisobiga amalga oshgan bu obodonchilikdan bugun ko`pchilik pushaymon.

Agrar unversitetidagi qabul jarayoniga oid ayrim voqelarning ijtimoiy tarmoqqa ko`chgani ham ko`pchilik e`tiborini tortdi. Yoshlarning tarmoqdagi bir qadar faolligi, muammo yoritilganda barataraf etilishiga ishonchlari yuqori ekani umidli ko`rinadi.  BBC O’zbek xizmati muammoni  qizg`in muhokama qilinganini takidlaydi.

Hukumat internet kengligini jilovlashni qanchalik kuchaytirmasin, imkoniyat bor, hozircha bu imkoniyatga faqat sabr kosasi to`lganlargina murojaat qilinayotgani kuzatiladi.

Ammo bugun bir narsa aniq. Muammoning  ko`tarilishida, uning jamiyatga, hokimiyatga taqdim etilishida internetdagi ijtimoiy munosabatlarning muhim o’ringa ega ekani anglashib borilmoqda. Umidimiz shundan.

Malik Mansur, Germaniya