Ismoil Gaspirali qabriga ziyorat

Posted September 6th, 2013 at 8:57 pm (UTC+0)
Leave a comment

Simferopoldan Bog`chasaroy tomon ketishdagi  manzara  – yo`l yoqalab  cho`zilgan  yam-yashil uzumzorlar O`zbekistondagiga, ayniqsa, Urgutdagi uzumzorlarga juda o`xshash.  Bu uyg`unlikdan zavqlanib ketarkanman, haydovchining sof o`zbek tilida O`zbekistonni qayeridan ekanligimni so`rashi hayartimni yanada oshiradi.

Sal o`tibgina hali taksiga o`tirarkanman, do`stlarim bilan o`zbekcha xayr-xo`sh qilganimni eslayman. Haydovchi Shahrisabzdan ko`chib kelgan qrimliklardan ekan, kelganiga ham 20 yildan oshibdi. Avvaliga  ancha qiyin bo`ldi, keyinchalik ko`nikdik, deydi u. Yaqinda O`zbekistonga, sinfdoshlar o`tirishiga borishni rejalayotgan ekan.

O`zbekistonga rosa o`xsharkan,  deb uzumzorlarga ishora qilaman. Ha, shuning uchun qrimliklarni ko`pchiligi asosan shu atroflarga joylashishdi, deya miyg`ida kuladi u.

Blmadim, tabiat manzarasidanmi yoki qrimlik haydovchining toza o`zbek talaffuzi tufaylimi,  ishqilib o`zingni begona emas, O`zbekistonni qaysidir viloyatida yurgandek his qilasan, beixtiyor avlodlardan kelayotgan yaxlit Turkiston orzusi mutlaqo tabiiyligini anglaysan.

Haydovchi Bog`chasaroy ziyoratiga otlanganimni eshitib, Xonsaroydan tashqari yana ko`rish mumkin bo`lgan bir-ikki joylarni maslahat beradi. Ular orasida meni Bog`chasaroy safariga chorlagan asosiy maqsad – Ismoilbey Gaspirali qabrining  ziyorati yo`q, ammo bu meni ortiqcha bezovta qilmaydi ham, zotan, Bog`chasaroy, avvalo, Qrim xonlarining so`nggi qarorgohi sanalmish Xonsaroy bilan mashhur.

Haydovchidan Gaspirinskiy maqbarasi haqida so`rab o`tirishni lozim topmayman. Uning qabri Xonsaroydan 10 daqiqalik yayov masofada,  Zanjirli madrasasida joylashganini bilaman. Qrimlik yurtdosh bilan Xonsaroy yaqinida xayrlashamiz, men unga, u menga omad tilaydi.

Bog`chasaroy… Qrim xonligining so`nggi poytaxti,  hozir asosan sayyohlar shahriga aylangan, markaziy xiyobon dam oliuvchilar bilan gavjum.

Markazdan ichkari tomon jin ko`chalar ketganini, hatto ayrim imoratlar paxsa devorlar bilan o`ralganini ilg`ayman, tanish, qadrdon manzaradek. Shahar bilan, markaziy ko`cha bo`yida mo`jiza kabi turgan Xonsaroy bilan tanishishni keyinga surib, Zanjirli madrasasi tomon yo`l qidiraman.

Bog`chasaroyliklar Zanjirliga eltuvchi marshrutkaga o`tirishni maslahat berishadi, yayov borishni mo`ljallagan bo`lsam-da, joyidan qo`zg`alayotgan ulovga chiqishga ulguraman.

Yo`l – yo`lakay  Ismoil Gaspirali haqida nimalar bilishimni o`ylayman. Gaspirali shaxsiga ehtirom bizda, turkiy o`zbeklarda ko`proq Fitrat va Cho`lponlar orqali uy`g`ongan. Turkiston uyg`onish harakatining ilhomchisi, ulkan ma`rifiy voqelik sanalgan jadidchilik, turk tilida chop etilgan ilk gazeta asoschisi.  Har holda aniq va  lo`nda ta’rif – Ismoil Gaspiralining  turk dunyosini mustahkam ustunlaridan biri ekanidir.

Aytgancha, har bir soni Turkistonda ham intiqlik bilan kutilgan “Tarjimon” gazetasi  aynan Bog`chasaroyda nashr qilingan. Ilk soni 1883-yilning aprelida chop etilgan bu gazeta 30 ming nusxagacha  chiqqan. Sal kam ikki asr avvalgi vaqt uchun bu ulkan ko`rsatkich.  Bog`chasaroydan butun turkiy o`lkalar bo`ylab tarqagan “Tarjimon” tukiy dunyosiga inqilobiy yangilik sifatida kirib kelgan edi. Dunyo turklari uchun o`rta turk tilini tanlash g`oyasi ham shu gazetadan boshlangan. Ismoil Gaspirali “Tarjimon”ni barcha turkiylar anglashi mumkin bo`lgan soddalashtirilgan turk tilida chop etadi. Bu tarixiy gazetaning binosida bugun Ismoil Gaspiralining uy  muzeyi joylashgan.

Qrim tatarlarining uzoq quvg`unlikdan so`ng o`z vatanlariga qaytishi, turli to`siqlarga  qaramasdan tirishqoqlik bilan qayta uy-joy qilishayotgani, buning uchun o`zlarida kuch, iroda topishayotgani, bular ortida  Ismoil Gaspirali qoldirgan mohiyat va ma`rifatning  o`rni salmoqli ekaniga shubha yo`q.

Albatta, qrimlik do`stlardan Milliy Majlisning bugungi faoliyati, siyosati haqida eshitgan turli qarama-qarshi fikrlar ham xayolimda aylanadi.  Majlis raisi Mustafo Jamil bilan uchrashish masalasini ertaroq gaplashmaganimga afsus qilaman, har holda men murojaat qilgan odamlar biroz kechikkanimni, Mustafo og`a Umra safariga yo`l olganini aytishgandi.

Shunday xayollar bilan Zanjirli madrasasiga kirib boraman. Toshdan ko`tarilgan bu madrasa uzoqdan qaraganda biroz pastakroq,  tog` yonbag`riga singib ketgandek  ko`rinadi. Madrasaga 1500-yilda  Qrim xoni  Mengli Gerayxon tomonidan asos solingan. Teparoqda esa Mengli Gerayning otasi Geraylar sulolasining bosh bo’g`ini  Hoji Geray Xon maqbarasi joylashgan.

Ismoil Gaspiralining qabri ana shu mo`tabar joyda.  Zanjirli madrasasi va Hoji Geray maqbarasidan 50 metrlar chamasi nariroqda mo`jazgina bir maydon tashkil qilingan. Qrimliklar bu maydonda o`zlarining aziz va atoqli farzandlarini dafn etishgan.

Gaspralining qabri shu yerdaligiga  yo`lakda o`rnatilgan ko`rsatmalar ham ishora berib turadi.  Sovetlar davrida Ismoil Gaspirinskiy qabri surib tashlangan, keyinchalik 90-yillarda qabr qaytadan obod qilingan, yodgorlik o`rnatilgan.

Qabrtoshga rus tilida “Qrim tatar xalqining buyuk farzandi, gumanist, ma`rifatparvar va adabiyotchi Ismoilbey Gaspirali xotirasiga o`rnatildi. 21.03.91” deb yozilgan.  Men ham turk dunyosining buyuk mutafakkiri xotirasi, uning ruhiga  tilovat qilish uchun tiz cho`kaman.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.