Gulnora Karimova boshida aylanayotgan qora bulutlar nimadan dalolat?

Posted October 28th, 2013 at 3:18 pm (UTC+0)
Leave a comment

Gulnora Karimova Style.uz haftaligida

O’zbekiston prezidenti Islom Karimovning to’ng’ich qizi Gulnora Karimovaning otasi nazaridan qolgani bilan bog’liq so’nggi voqealar ortidan Toshkent siyosiy muhitidagi turg’un barqarorlikda biroz silkinish kuzatilgandek tuyulmoqda.

Kutilmaganda, bir necha yillardan buyon mustahkam nazorat ostida saqlangan mustaqil saytlarga oz muddatga erkinlik berildi. Aholiga Toshkentdan turib internet orqali bemalol va to’siqsiz axborot olish imkoniyati taqdim etildi.

Bu imkoniyat qanchalik tez bo’g’ilmasin, g’alati bir taassurot qoldirishga ulgurdi, go’yo qandaydir kuchlar vaziyatdan foydalanib, zanjirbard eshiklarni ochish imkoniga egaligini ko’rsatdandek…

Albatta, bu kuch Gulnora Karimova yoki uning tarafdorlari emas. Aksincha, bu  so’nggi paytda Gulnora haqida yozilgan va mamlakatdagi internet imkoniyatidan tashqarida qolayotgan yuzlab maqolalar bilan bevosita tanishish uchun yaratilgan qisqa imkoniyatdek ko’rinadi.

Agar Gulnora Karimovani siyosiy kurashdan chetlatishga urinayotgan kuchlar borligini taxmin qilsak, oxirgi ikki hafta davomida Karimova boshida aylanayotgan qora bulutlar –  uning shaxsi, qilmishlari haqida matbuotda qalqqan materiallar zarba berish uchun qulay fursat ekanini ko’rsatadi.

Bu zarbaning nishonga tekkaniga shubha yo’q – bugun O’zbekistonga doxil matbuotning bosh mavzusi Gulnora Karimova, Karimova guruhida boshlangan inqiroz haqida.

Albatta, bu mojarolar Gulnora Karimovani siyosiy poygadan mutlaq chetlatmaydi. Ammo siyosiy voris masalasida qaror qiluvchi shaxs Islom Karimovning hafsalasini pir qilgani aniq. Ehtimol Gulnora  oilaviy mojaraolar bilan bog’liq mashmashani siyosiy o’zanga burishi mumkinligini xayoliga keltirmagandir.

Har holda Gulnorani jamoatchilikka saxovatpesha sifatida taqdim etib kelgan, siyosiy vorislik masalasida tramplin bo’lishi kutilayotgan “Fond Forum” ustidan boshlangan taftishlar, prokuratura, soliq idoralari safarbarligi masalaning ancha jiddiy ko’rinish olganidan dalolat beradi.

O’zbekistonda biror kuchli kompaniya yoki shaxsni “sindirish” lozim ko’rilganda, odatda, shunday amaliyot qo’llaniladi. Gulnoraning o’zi ham raqobatchilarini yo’otish uchun bu amaliyotdan seskanmay foydalanib kelgan. Hozir bu jazo mashinasi uning o’ziga qarshi ishlamoqda.

Aslida Gulnora mojarosi bevosita hokimiyat uchun siyosiy kurashdan turtki olmadi.  Biroq shu oilaviy mashmashalar bois Islom Karimov Gulnora haqidagi davomli kompromatlar bilan batafsil tanishishga fursat topgan deyish mumkin.

Gulnora Karimovaning “Twitter” da qoldirgan ma’lumotlari prezident oilasidagi tarang muhitdan dalolat berib turgan edi. Ehtimol, Gulnora o’z onasini “jodugarlikda”, singlisini “qora sehrgar” likda gumonlab chiqishi otasining sabr kosasini to’ldirgan so’nggi tomchi bo’lgan.

Ehtimol, maxsus xizmatlar Gulnoraning madaniy festivali sharmandali nuqtada yakun topishidan Islom Karimovni oldindan ogohlantirishgandir. Harholda, Lara Fabianning konsertdan voz kechishi, dunyo yulduzlari bilan oldi-sotsi qilishga o’rgangan Gulnoraga emas, avvalo diktatorlik rejimi boshida turgan uning otasi Islom Karimovga berilgan zarba ekani ayon.

Aslida, O’zbekistondagi mahkum jimlikda Gulnora Karimova shaxsi uchun istisno qilingan erkinlik, uning ijtmioiy tarmoqdagi noan’anaviy faolligini boshidan g’alati ko’rinardi.  Mantiqan, bu faollik zanjirband eshikning u yoki bu tomoniga og’ishi lozim edi va endi shu fursat yaqinlashgandek.

Malik Mansur, Germaniya

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.