Gulnora Karimova “tvit”larining xotimasi qanday bo’ladi?

Posted November 18th, 2013 at 12:22 am (UTC+0)
Leave a comment

Gulnora Karimova o'z mahsulotlarini ko'z-ko'z qilmoqda

Gulnora Karimovaning “Twitter”dagi inqilobiy chiqishlarida biroz shasht pasaygandek, albatta agar Milliy xavfsizlik xizmati rahbari Rustam Inoyatov timsolidagi hukumatga qarshi keskinroq biror kompromatni  so’nggi o’q sifatida saqlamayotgan bo’lsa.

Hozircha tvitlar oqimi sekinlik bilan boshqa bir yo’nalish, Gulnora shaxsi atrofida afsona yaratish tomon burilayotgani seziladi. Bu boradagi sanoqsiz  mulozamatlardan misol sifatida foydalanish lozim emasdek, ayniqsa, Gulnoraning mo’min-muslima qiyofasidagi chiqishidan so’ng.

Gulnora atrofidagi munozaralar kengayib bormoqda. Siyosiy boshqaruvdagi mavhumlikning, kutilmaganda, bir qadar ochiqlanishi boshqacha reaksiya uyg’otishi ham mumkin emas edi.   Albatta, bu ochiqlikning  xotimasi borligi, to’satdan twitter.com/GulnaraKarimova aloqadan uzilishi ehtimoli e’tibordan soqit qilinmaydi.

Islom Karimovning qizi ekanligidan tashqari boshqa barcha imkonidan mahrum qilinayotgan Gulnora qismati, oilaviy mojarolar silsilasiga qaramasdan, bilvosita siyosiy vorislik masalasidagi inqirozdan darakdek. Bu inqiroz muhim o’zgarishlar davri sifatida kutilayotgan 2015-yilgi prezidentlik saylovlarida ham Islom Karimov nomzodi qolishini muqarrarlashtirgan ko’rinadi.

Bu bir faraz, ammo hozirgacha ko’pchilikda, jumladan, kaminada ham  2015-yilga borib Islom Karimov o’z vorisini jamoatchilikka tanishtiradi, degan ishonch ko’proq edi. Prezidentlik saylovlari bo’yicha qonunchilikka kiritilgan oxirgi  o’zgarishlar, qolaversa, Islom Karimovning keksayayotgani ham bu ishonchga asos yaratgan edi.

Ammo prezident oilasining qudrat timsoli bo’lgan Gulnora Karimova inqirozi siyosiy vorislik masalasini yana bir necha yilga ortga suradi. Gulnora nomzodlar qatorida bo’lish- bo’lmasligidan qat’i nazar. Chunki hokimiyatdan voz kechishga hozirlangan Islom Karimov o’z oilasini muallaq qoldiradi deyish juda qiyin.  Shu ma’noda, Gulnora mojarosi otasining navbatdagi saylov kompaniyasi uchun tashviqot vazifasini o’tab beradi, degan ehtiyotkorona qarashlarda jon bordek.

Boshqaruv jilovi Islom Karimov qo’lidan chiqqan, tashabbus ko’proq soyadagi kuchlarga o’tgan deyishga hali asos yo’q. Aksincha, hokimiyatni topshirishi muqarrarligini anglayotgan Islom Karimov  atrofida o’z  siyosatini davom ettirishga munosib nomzodni ko’rmayapti yoki ko’rishni xohlamayapti.

Gulnora Karimova bilan bog’liq yangiliklar, xususan, uning mo’min muslima qiyofasida namoyon bo’lishi, tavba-tazarruga tutingani, avvalgi yarim yalang’och chiqishlari bilan solishtirilganda, Gulnora imidjini yangilash maqsadida ish boshlanganidan darak beradi.  Karimovaga ishonilsa, u namoz o’qishni  15 yillar avval, Umra ziyoratidan keyin boshlagan. Bu e’tiqod nega aynan bugunga kelib ma’lum bo’ldi? Davomi kutilayotgan mojaroning bir qismi bu.

“Twitter”da Gulnorani ko’klarga ko’tarib bitilayotgan satrlardan qat’i nazar, bu yozishmalarni kuzatayotgan yoshlarda mamlakatdagi ziddiyat, korrupsiya, zo’ravonlik va yulg’ichlik qamrovi haqida ma’lum tasavvur paydo bo’lgan deyish mumkin.

Xabardor o’quvchi Gulnorani bu illatlarga qarshi kurashayotgan qahramon emas, balki zo’ravonlik va yulg’ichlik hisobiga orttirilgan biznes imperiyaning malikasi sifatida biladi.  Zotan, bu imperiya inqirozi ham Gulnora qudrati shaksiz bo’lgan mamlakat sarhadlaridan chiqish, unga qarashli “ofshor” hisoblar va mavhum molk-mulklarning Yevropa davlatlarida muzlatilishi, javobgarlikning muqarrarligi haqidagi surishtiruvlardan turtki oladi.

Malik Mansur, Germaniya

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.