O’tgan va yangi yil bo’yicha ayrim mushohadalar

Posted January 17th, 2014 at 3:10 am (UTC+0)
Leave a comment

2014-yil O’zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida qanday bo’lishi haqida turli hisobot va tahlillar e’lon qilindi. Tadqiqotchilar vaziyatni ancha qaltis baholashadi. Nufuzli xalqaro nashrlarning dunyo davlatlaridagi vaziyatga  oid tahlillarida O’zbekiston ijtimoiy bo’hronlar kutilayotgan sanoqli mamlakatlar qatoridan joy olgan.

Hisobotlar mamlakatga tashqaridan qaraydi, ichkaridan tadqiqotlar qilish imkonsiz. Shimoliy Koreyadagi oddiy aholi hayoti tashqi dunyo uchun qanchalik mavhum qolayotgan bo’lsa, ko’pchilik uchun O’zbekistondagi vaziyat ham shunga yaqin ko’rinadi.

Albatta, Ijtimoiy fikr markazining so’rovnomlarini istisno qilganda. Markaz tadqiqotiga tayanilsa, o’zbekistonliklarning 90 foizdan oshig’i  ijtimoiy siyosiy hayotdan mamnun, prezidentdan minnatdor. Markazning an’anaga aylangan bu tadqiqotlari aksariyat tomonidan faqat kinoya bilan qabul qilinayotganini ham aytish kerak.

O’zbekiston bo’hronlar kutilayotgan davlatlar qatorida qolayotganining sababi oddiy – “buyuk kelajak”ka ishonch yo’qolgan, xalq turmushi, noroziligi bilan hukumatning ishi yo’q. Norozilik esa har qanday jamiyatda bo’lgani kabi O’zbekistonda ham bor va odatda norozilik aynan bosim natijasidan kuch oladi.

Ochiq, demokratik  jamiyatning afzalligi ham shunda. Norozilik siyosiy kuchlarni shakllantiradi, partiyalar hukumat qo’lidagi nochor qo’g’irchoqqa emas, xalq irodasini ifodalovchi kuchga aylanadi.

Ammo, afsuski, biz boshqa qaltis yo’lni tanladik. Xalq irodasi avtoritarizm hukmronligi uchun qurbonlikka keltirildi. So’nggi yillarda dunyo bo’ylab kechayotgan inqiloblar bu yo’lning  xatoligini isbotlab berdi. Tabiiyki, O’zbekiston ham bundan bundan holi emas.

Xullas, vaqt oliy hakam, hayot davom etayapti. 2014-yilning boshlanishi esa muvaffaqiyatlar haqida gapirishga asos bermaydi.

Yangi yil O’zbekistonda benzin ortidan boshqa mahsulotlar bahosining ham oshishi, kommunal to’lovlardan, elektr chirog’idan qarzdor aholi mulki xatlanayotgani haqidagi xabarlar bilan boshlandi.

Ammo benzin bahosining oshishi uning taqchil qolayotganiga barham bermagan. Elektr chirog’i haqida gapirmasa ham bo’ladi, tumanlarda chiroqning o’zi yo’q, qishloqdagilar uchun chiroqdan qarzdor bo’lishning o’zi orzuligicha qolmoqda.

Yilning boshlanishi o’zbek madaniyati uchun ham qayg’uli keldi. Yanvarning ilk kunlarida milliy qo’shiqchilik timsollaridan biri bo’lgan Olmaxon Hayitova, sal o’tib esa o’zbek adabiyotining yorqin ite’dodlardan Ahmad A’zam vafot etdi.

O’zbekistonda muxolif siyosiy partiyalar shakillanishida faol qatnashgan, keyinchalik hukumat idoralarida ishlagan Ahmad A’zam o’zbek jamiyatining uyg’oq vakillaridan biri edi. Ayniqsa, so’nggi chiqishlaridan yozuvchningi jamiyatdagi muammolarni og’riq bilan qabul qilayotganini anglash mumkin edi.

Tuzum Ahmad A’zam kabi ko’plab iste’dodlarning irodasini bukdi, bundan hukumat yutgan bo’lishi ehtimol, ammo suyanchlarsiz qoldirilgan o’zbek jamiyati yutqazgani shubhasiz.

Malik Mansur

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.