Erkin matbuot – Rossiya tahdidiga qarshi eng yaxshi qurol

Posted May 18th, 2014 at 4:30 am (UTC+0)
Leave a comment

http://gdb.voanews.com/05074F4C-EE77-4FFD-A3F7-4220C542BBCD_mw1124_mh421_s.jpgO`zbek matbuoti har yili bir guruh mahalliy jurnalistlarga beriluvchi “Oltin qalam” mukofotini tantana qilayotgan bir paytda qozoq matbuoti mamlakat jamoatchiligi Rossiya ommaviy axborot vositalari ta’siriga tushib qolgani yuzasidan jiddiy xavotir bildirdi.

Qozoq ziyolilari bugun mahalliy matbuotni kishanlash bilan band bo`lgan hukumatni ertaga o`z jamotchiligini yo`qotib qo`yishidan ogoh etmoqda.

Qo`shnilarda matbuot nisbatan erkinroq, har holda bu muammoni aytish, tahlil qilish imkoniyati bor.

Bizning matbuotdagi kishan esa ancha og`ir, bo`shliq chegarasi ham shunga muvofiq tarzda, hozir bu kenglikni o`zbek jamoatchiligi muammosi bilan ham, og`riqlari bilan ham bir chaqalik ishi bo`lmagan Rossiya mediasi egallaganiga  shubha qilmasa ham bo`ladi.

Qolaversa, yuz minglab odamlarimiz Rossiyada bu oqim bilan bevosita bog`langan bo`lsa, qolipdagi matbuotdan charchgan vatandoshlar uchun ham rus matbuoti to`siqsiz ishlayotgan yagona manba hisoblanadi.

Qrim bosqinidan so`ng o`zbek jamoatchiligida qalqqan munosabatlar bizdagi dunyoqarash allaqachon Rossiya OAVlari doirasida shakllanayotganini ko`rsatdi. O`z jamiyatidagi og`riqlar haqida lom-mim demaganlar ham to`satdan Putin siyosatini yoqlashga kirishdi, bu qandaydir urfga aylandi.

Ma`lumotlarga ko`ra, Rossiya ommaviy axborot vositalari orqali targ`ibot yuritishni moliyalash bo`yicha dunyoda yetakchi o`ringa ko`tarilgan. Bu borada Xitoyni ham, AQShni ham, Yevropani ham ortda qoldirgan.

Bugun axborot qudrati ommaviy qurol kuchiga tenglashtirilayotgan bir paytda bu ajablanarli emas.

So`nggi hodisalar Rossiya mintaqani o`z axborot oqimi doirasiga qaytarganini yana bir bor isbotladi. O`zbeklar tasavurida sobiq ittifoq ruhiyati tiriltirilmoqda, Rossiya xaloskor sifatida gavdalantirilmoqda.

Albatta, bunday sharoitda kishanlangan, tili tortilgan o`zbek matbuoti biron qarshilik ko`rsatishga ojiz.

Agar senzura ostidagi matbuotda vatanparvarlik, yuksak milliy ma`naviyatga asoslangan jamoatchilikni shakllantirish qudrati bo`lganda, 20 yildan buyon bu haqda tinimsiz yozayotgan o`zbek matbuoti allaqachon buni uddalagan bo`lar edi.

Agar maqsad, odatda, tez-tez takrorlanadigan ro`kach – jamoatchilikni axborot xurujidan asrash bo`lsa ham, bugungi vaziyat odamlarimiz allaqachon o`zga bir axborot oqimida  yashayotganini ko`rsatmoqda.

Ammo, afsus, maqsad boshqa  – erkin matbuot bu erkin jamiyatda yashashdir, hukumat esa buni hazm qila olmaydi, buning uchun jamoatchilik ham, qadriyatlar ham qurbon qilinishi mumkin.

Malik MANSUR

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.