Vatan Manzaralari

Vitaliy Klichko Kiyev meri sifatida qasamyod keltirdi

5-iyun kuni Ukraina poytaxti Kiyevga mer etib saylangan “UDAR” partiyasi rahbari Vitaliy Klichko qasamyod keltirib, rasman o’z vazifasiga kirishdi. U kiyevliklar uchun yaxshiroq hayot yaratishga va poytaxtni Yevropaning eng zamonaviy shaharlaridan biriga aylantirishga va’da berdi.

Quyida qasamyod jarayoni aks etgan suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Suratlar muallifi Malik Mansur.

_DSC0107_DSC0127(more…)

Maydon o’z vazifasini bajarib bo’ldimi?

Kiyev meri Vitaliy Klichko maydonchilar davrasida jurnalistlar bilan muloqot qilmoqda.

Kiyev meri Vitaliy Klichko maydonchilar davrasida jurnalistlar bilan muloqot qilmoqda.

Ukrainadagi inqilobning o’xshashi O`zbekistonda hali veri kutilmasa-da, vaziyatning shu tariqa ketishi bizda ham bu jarayon bir kun kelib boshimizdan o’tishini shart qilib qo`yadi.

Ukraina misoli esa nafaqat korrupsiyaga botgan hukumatni  ag`darish, o`zgartirish, balki uni nazorat qilish tajribasi bilan ham ahamiyatlidir.

Chunki kechagi inqilobning yetakchilari  bugun hukumatga aylangan, ularni hukumatga keltirgan xalq aniq o`zgarishlar kutayapti.

Dastlabki natijalar esa biroz ziddiyatli, hukumatga nisbatan ishonch emas, nazorat kuchi lozimligini ko`rsatmoqda.

Bu ziddiyat inqilob qahramonlaridan, bugun esa Kiyev merligiga saylangan Klichko va Maydon munosabatida yaqqolroq ko`rinadi.

Klichko o`zini siyosiy sahnada yulduzga aylantirgan Maydon bilan to`qnashuvga borayotgani bir qarashda g`alatiroq, ammo bu Ukrainadagi hozirgi reallik.

Vitaliy Klichko Maydonda qurilgan sahnadan turib yig'ilganlarga murojat qildi.

Vitaliy Klichko Maydonda qurilgan sahnadan turib yig’ilganlarga murojat qildi.

Bugungi Maydon inqilob paytidagi kabi yuz minglab odamlarni yig`ish imkoniyatida emas, ammo u hamon asosiy funksiyasini –  o`zgarishlar ortida xalq borligini anglatib turibdi.

Kiyevda o`tkazilgan navbatdagi “vecha”da 10 ming atrofida odam yig`ildi, bu bir oylar oldin yarim million aholini to`plagan avvalgi maydon qarshisida ancha ojiz ko`rinadi.

Qolaversa, mamlakat matbuotida Maydon bugun marginallardan iborat  to`daga aylangani haqidagi chiqishlarni ham uchratish mumkin.

Nima bo`lganda ham, bu ojiz belgi ortida ertagayoq maydonni to`ldirishga tayyor millionlab ukrainlar turganini nazardan soqit qilmaslik kerak.

Biz uchun muhimi o`zgarishlar ortidagi Maydon va yangi hukumat aloqasining qanday rivojlanayotgani. Chunki hukumatga aylangan muxolifat va fuqarolik jamiyati o`rtasidagi munosabat rivojlanish yo`lini, tuzumni  belgilovchi eng muhum ustun hisoblanadi.

Har holda Ukarina misolida buni payqash mumkin.

Ukarinada hukumat va Maydonni tasnif etuvchi fuqarolik jamiyati munosabatlari esa hozircha ishonch doirasida shakllanayapti deyish juda qiyin.

Ayniqsa, Kiyev meri Vitaliy Klichkoning dastlabki bayonoti Maydonni  yanada sergaklantirdi.

Maydonga to'planganlar Vitaliy Klichko so'zlarini tinglamoqda.

Maydonga to’planganlar Vitaliy Klichko so’zlarini tinglamoqda.

Ko`plar Klichko tomonidan ehtiyotkorlik bilan aytilgan Maydonni tarqatish, chodirlarni yig`ishtirish rejasi shahar hokimyati ehtiyojidan emas, xalq nazoratidan qochayotgan yangi hukumat xohishi o`laroq yuzaga chiqqanini e`tirof etadi.

Nima bo`lganda ham Maydon Klichko timsolida hukumat bilan munosabatlarini oydinlashtirish uchun qurultoy chaqirdi, yangi merni rasman taklif qildi.  Hatto Klichkoning maydonga kelishi yoki kelmasligi yuzasidan ham turli qarama qarshi xabarlar yurdi.

Vitaliy Klichko maydonga ortiqcha shov-shuvlarsiz kirib keldi. Maydon sahnasiga ko`tarilishidan oldin jurnalistlar bilan muloqotda bo`ldi. Uning so`zlarida Maydon o`z vazifasini bajarib bo`lgani haqidagi tushuncha ustun edi, shahar meri sifatida ko`zlayotgan rejalari haqida gapirdi. Bu rejalar esa ko`proq maydonni obodonlashtirish bilan bog`liq bo’ldi.

Sahnaga chiqqach, Klichko yana Maydon o`z vazifasini bajargani, Ukarinaga demokratiya olib kelgani, odil saylovlar o`tgani haqida gapira boshladi, ammo bu maydondagilar tomonidan qabul qilinmadi, Klichkoning nutqi noroziliklarga ko`mildi.

Klichko bu norozilikka e`tibor bermaslikka urindi, ammo shovqin kuchayib, norozi ovozlar yanada balandlashdi.

klichko 100

Klichkoning Maydon o’z vazifasini bajarib bo’lgani haqidagi so’zlari noroziliklarga sabab bo’ldi.

Klichko parlament saylovlarini muddatidan oldin o`tkazish, tuzumning faqatgina  yuzi o`zgargani, ammo sistema hali o`zgarishga ulgurmagani, Maydonni hech kim tarqatishni o`ylamayotgani haqida gapirish bilan olqishlarni qaytardi.

Maydon tomonidan qabul qilingan deklaratsiya nusxasi Klichkoga topshrildi. Bu hujjatda  hukumat oldiga qo`yilgan talablar bajarilmaguncha Maydon o`z o`rnini bo`shatmasligi yozilgan.

Kiyev merligini osonlik bilan yutgan Vitaliy Klichko siyosiy sahnadagi dastlabki haqiqiy jangini Maydon bilan o`tkazdi, deyish mumkin. Bu jang hozircha yangi hukumatdan aniq natijalar kutayotgan maydonchilar foydasiga hal bo`ldi.

Ukrain ekspertlari Klichko uchun siyosiy sahnadagi dastlabki janglar o`ta o`g`ir kechishini aytishmoqda. Shahar hokimligiga tegishli ko`plab binolar hamon maydonchilar nazorati ostida qolmoqda, markaziy ko`chalarda barrikadalar turibdi.

Odamlar yangi hukumatga ishonchdan ko’ra ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lmoqda. Bu ehtiyotlik qarshisida Petro Poroshenkoning 45 foizga yaqin ovoz yig’gani g`alatiroq ham ko`rinadi.

Ko`plab ukrainlar siyosiy sahnada eski tuzum, korrupsiya bilan aloqasi bo`lmagan yangi liderlarni ko`rishni istashadi, ammo bu avlod shakllanmagan,  tanlov esa mavjud imkoniyatlardan kelib chiqqan holda olinmoqda. Ehtiyotkorlik ham ko`proq shu bilan bog`liqdek.

Shu ma`noda, Maydon o`z vazifasini to`liq bajardi deyishga rostdan ham hali ertadek.

Malik Mansur,

Kiyev, Ukraina