Gulnora Karimova serialining navbatdagi qismi: Voqealar rivojida nima yangilik bor?

Posted July 17th, 2014 at 5:19 pm (UTC+0)
Leave a comment

O’zbekistonni qariyb chorak asrdan beri boshqarib kelayotgan Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova mashmashasining navbatdagi qismi ham ko’pchilikni qiynayotgan savollarga javob bermadi. Maqsad nima? Gulnorani xalqaro tergov-surishtiruvlardan himoya qilishmi yoki siyosiy maydondan chetlatishmi?

Bir qarashda oilaviy ziddiyatdan boshlangan bu serial, kutilmaganda, mamlakatdagi siyosiy jarayonga ham ta’sir qilishi mumkin.

Tabiiyki, prezidentning qizi oz jinoiy qilmishlarii uchun qonun oldida javob berayapti degan farazga hech kim ishonmaydi. Qonun oldida hammaning teng ekanligiga hozircha faqat nazariy jihatdan qanoat qilishga majburmiz.

Bosh prokuratura tarixidagi eng shov-shuvli bu ishda Gulnoraning o’zi qolib, uning yaqinlari qamoqqa tashlanayotganiga e’tibor qaratsak, birinchi faraz haqiqatga yaqindek.

Istalsa, O`zbekiston sudlov tizimi har qanday jarayonni biror “izsiz va hidsiz” o’tkazib berishi mumkin. Ammo prezident qizi aralashgan mahkama jarayoni salkam ochiq o’tayapti.

Mahkama ochiq, jamoatchilik muhokamasi ostida o’tishidan manfaatdorlik borligi aniq. Shuningdek, bu sud Yevropada Karimova gumonlangan jinoiy ishlarga nisbatan javob ekaniga ham shubha yo’q.

Gulnoraning bu ishlarga daxlsizligi isbotlandi deb xulosa qilishsa, xayron bo’lmayman.

Yevropadagi jinoiy ishlarning ancha jiddiyligini esa avvaliga O’zbekistondan chiqarilmagan Karimovaning keyinchalik uy qamog’iga otkazilganidan payqash mumkin.

Biznes imperiya vositasida yig’ilgan mablag’ning xorijda muzlatilishi, ko’chmas mulkning ro’yxatga tushishi hisobga olinsa, bu uzoq yillar qudratda turgan prezident qizi uchun sezilarli yo’qotish.

Bu mablag’ kimga, qachon va qanday qaytariladi? Har holda bu jarayon hozirgidek “ochiq” kechmasa kerak.

Albatta, bu qarashlar mojarodagi ikkinchi faraz – Gulnora Karimova siyosiy vorislik uchun ketayotgan kurash qurboni ekani haqidagi talqinlarni inkor eta olmaydi.

Agar shunday bo’lganida, muhim siyosiy voqelikka aylangan taxt vorisligi uchun kurash haqidagi bashoratlar afsonaga aylanardi.

Hukumatdagi guruhlarning hokimiyat uchun kurash olib borayotgani haqidagi qarashlar majorodan avvalo ham mavjud edi, ammo Gulnora bu jang yetakchisi sifatida qaraladigan Rustam Inoyatov va Rustam Azimovni nishonga olishi bu bashoratlarga o’t qaladi.

Xullas, aniq bir xulosa qilish  qiyin – agar hokimiyat uchun kurash kechayotgan bo’lsa, Gulnora undan chetda bo`lmagan. Bunday kurash afsona deb qaralgan taqdirda ham bu bashoratlar hozir Karimova mojarosi foydasiga ishlamoqda.

Gap shundaki, siyosiy kurashlar qurboni ekanligini Gulnoraning o`zi taqdim etayapti, ammo bu borada u yolg’iz emas. Mamlakatdagi qiynoqlar, MXX faoliyati, korrupsiya haqidagi tvitlari bilan yangicha qiyofada nom qozongan Gulnora Karimova rejimning navbatdagi qurboni sifatida ham ta’riflana boshladi.

“Eurasianet.org” sayti yaqinda e’lon qilgan maqolada Gulnora Karimova yaqinlaridan biri jinoiy ishni mamlakatda kutilayotgan prezidentlik saylovlari bilan bog`lagan.

O’zbek muxolifati, huquq himoyachilari va jurnalistlari orasida ham ayrimlar fikricha Gulnora Karimova prezident vorisligiga asosiy nomzod bo’lgani uchun sahnadan chetlatildi.

Karimovaning fosh qiluvchi tvitlari, maktublari ortidan shakllangan bu qarashlar asosida Gulnora otasining tuzumidan yuz o’girib, o’marilgan mablag’lar uchun o’z xalqidan uzr so’raydi degan umid bor edi.

Raqiblarining boyligini “oshkor” etgan Gulnora Karimova o’z pullari haqida lom-mim demadi. Davomli mashmasha ortidagi o’yin, uning haqiqiy sabablari faqat unga va uning atrofidagi juda tor doiraga ma’lum xolos.

Malik Mansur, Germaniya

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.