Karimov imkoniyatni yoshlarga topshirmoqchimi?

Posted December 16th, 2014 at 10:13 pm (UTC+0)
Leave a comment

http://gdb.voanews.com/7C9F3A04-4C47-4B51-8049-9781DDE56E29_w640_r1_s_cx0_cy39_cw0.jpg

O’zbekiston Prezidenti Islom Karimov (chapda) Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan

2015-yil “Keksalarni e’zozlash yili” shiori ostida o’tadi. Prezident Islom Karimov bu haqda Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilgan nutqida e’lon qildi.

Bizda, shukrki, keksalarga nisbatan izzat shiorlarga qarab qolmagan. Yoshlik shijoatini jamiyatga, oilaga sarflagan aksariyat nuroniylar shundoq ham oilalar to’rida; imkoniyatni yoshlarga topshirib, xonodonlarga fayz berib yashashadi.

Afsus, shior tiqishtirilgan joydan qadriyat qochishi ko’p kuzatilgan. Bu esa bizni biroz hushyor torttiradi.

Ammo masalaning mohiyati boshqa yoqda: keksalarni e’zozlashga chaqirar ekan, saksonga tomon ketayotgan Karimov o’zini ham nazarda tutayaptimi? Keksalar qatoriga qo’shilib,  imkoniyatni yoshlarga topshirmoqchimi?

Karimov, ehtimol, yosh jihatdan dunyodagi eng keksa prezident emasdir, ammo mutlaq va davomli hukmronlik borasida allaqachon ko’plarni ortda qoldirgani aniq. Har holda bu borada Karimov bilan raqobat qilishi mumkin bo’lgan Muboraklar, Qaddofiylar davri ortda qoldi.

Chorak asrdan buyon hokimi mutlaq qolayotgan prezident konstitutsiya munosabati bilan qilgan nutqida demokratiyani ham yoddan chiqarmadi, bu noyob ne’matni ko’rmoqchi bo’lganlarni O’zbekistonga taklif qildi.

“Kimki haqiqiy demokratiyani ko’rmoqchi bo’lsa, O’zbekistonga kelsin”, – dedi u minbardan turib.

Faqat bu chorlovdan maqsad nima ekani noma’lum. Demokrat bo’lgani uchun qamoqqa tashlangan faollar qatoriga qo’shish uchunmi yoki Karimov rostdan hokimi mutlaqlikdan voz kechib, raqobatga kirishishga jazm topgani uchunmi?

2015-yil nafaqat “Keksalarni e’zozlash yili”, balki O’zbekiston prezidentligi uchun navbatdagi saylov o’tadigan davr ekanini inobatga olsak, yuqoridagi shior timsollar tashiyotgani aniq.

Malik MANSUR

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.