Saylov-2015: Maydonda kimlar bor?

Posted February 18th, 2015 at 4:25 am (UTC+0)
Leave a comment

http://gdb.voanews.com/FF02998E-F167-401C-8654-AD66A12ACC71_mw1024_s_n.jpg

Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik uchun kurashadigan nomzodlarni ro`yxatga olib bo`ldi. Hammasi risoladagidek; maydonda Karimov bir o`zi emas, uning amriga ko`z tikib turgan “raqiblar” bor.

Natijani saylovning barcha ishtirokchilari oldindan biladi – Karimov ham, “raqiblar” ham, xalq ham.

Saylov prezident tanlash uchun emas, bunisi ham ayon – vakolat tugadi, yangi muddat rasmiylashtirilishi kerak, hechda uzoq-yaqindagi qo`shnilarning ko`zi uchun, qolaversa, xalqaro jamoatchilik degan tushunchalar bilan ham hisoblashish zarur.

Xullas, nega Karimov nomzodi 25 yildirki, sahnada qolayotganini rasman hech kim izohlamaydi. Chorak asrlik ashaddiy boshqaruv esa allaqachon O`zbekistonni Karimovsiz tasavvur qilib bo`lmasligi haqidagi afsonalar yaratib bo`ldi. Karimovning izohsiz qolayotgan hukmdorligi ham ko`proq shu afsonalarga asoslangandek.

Shubhasiz, Karimov nomzodni ilgari surgan Liberal demokaratlar partiyasi saylov targ`ibotida bu afsonani yanada bo`rttiradi. O`zbekiston allaqachon farovonlikka erishganini, barqaror rivojlanish, buyuk kelajak faqat Karimov bilan bog`liqligini madh etadi, afsonani aholi shuuriga singdiradi.

Tabiiyki, Karimov hukmronligi davrida boy berilgan imkoniyatlar, qashshoqlik, korrupsiya, cho`kkan milliy ruh, o`zbeklar ish, tirikichilik ilinjida dunyoni darbadar kezayotgan xalqqa aylanganini hech kim eslamaydi.

Karimovning saylovdagi “raqib”lariga bu haqda gapirishga ijozat berilmagan, tushovlangan matbuot esa o`z ishini qilayapti, afsonani kuchaytirmoqda.

Bugun hatto tuzumga qarshi bo`lib kelgan ayrim faollar ham mavjud vaziyatda Karimovdan boshqa birov mamlakat boshqaruvini eplashiga jiddiy shubha bidiradi.

Bu mantiqqa tayanilsa, hatto 30 yillik urush girdobida qolayotgan  Afg`onistonda ham demokratik saylov o`tkazish mumkin, faqat barqaror O`zbekistonda emas. Chunki Karimovdan boshqasi davlatni boshqara olmaydi, beqarorlik boshlanadi.

Albatta, savol tug`iladi: Karimovning barqarorlik kafolati ekaniga ishonch shu qadar kuchli ekan, nega uning amridan tashqarida bo`lgan biror nomzod saylovga qo`yilmadi?

Xalqning beqarorlik uchun ovoz berishidan xavotir kuchlimi yoki Karimovning o`zi haqiqiy ochiq saylovdan qo`rqadimi?

Hatto, maydonda unga muqobil bo`lishga qodir real kuchning o`zi yo`q bo`lgan bir vaziyatda ham-a?

“Karimovga muqobil siyosiy kuch yo`q”, degan qarashlarni inkor etib bo`lmaydi Haqiqatda shunday, amalda ko`rinayotgani raqobat o`rnidagi ulkan bo`shliq.

Saylov arafasida bu bo`shliq hukumatning davomli repressiyasi asosida yaratilganini ta’kidlash ikkinchi darajada.

Ammo, qanchalar taajjubli tuyulmasin, tazyiqlar zo`raygani umiddan ham darak beradi. Karimov afsonasiga darz ketgani, tuzumni o`zgartirishga da’vogarlar borligi  haqida.

Shu ma`noda Virtual saylov komissiyasi – mayli, bu tashabbus imkonsizlikdan tug`ilgan, virtual faoliyat bilan cheklangan bo`lsin –  muqobil nomzodlar taqdim etayotgani bilan diqqatli ko`rinadi.

Siyosiy ambitsiyaga ega yoshlar ham borligidan darak berayotgan bu tashabbus ehtimol suyagi siyosatda qotgan nomzodlarning amaliy qadamlar tashlashiga ham turtki bo`lar.

Axborot bugun, asosan, internet vositasida olinayotganini inobatga olsak, har holda bu tashabbus Karimov O`zbekiston uchun muqobilsiz emasligi tasavvurini beradi. Ayniqsa, tanlovsiz o`tayotgan saylovlar, o`zbek muxolifati tushunchasi tobora xiralashib borayotgan bir paytda.

Malik MANSUR

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.