Iliq bahor o’rtasida qahraton qish xuruji turdi – Markaziy Osiyoda kamdan-kam uchraydigan ko’rinish. Qirg’iziston poytaxti Bishkek shahrida o’tgan tunda selsiy shkalasi bo’yicha 13 daraja sovuq bo’ldi. Bu hozirgacha olib borilgan kuzatuvlar tarixida ayni sana uchun qayd etilgan eng soviq tun hisoblanadi.

Odatda issiq iqlim hukm suradigan O’shda kecha-kunduz davomida yoqqan qor qalinligi 20 santimetrdan oshib ketdi, harorat minus to’qqiz gradusga tushdi. Odamlar yengil ko’klam liboslarini tashlab, yana qishki  kiyimlarga o’ranishga majbur bo’ldi.

Mahalliy ob-havo xizmati ko’rinishni mintaqaga sovuq arktik siklon kirib kelgani bilan izohladi. Noqulay ob-havo yana bir necha kun saqlanishi kutilmoqda.

Mahalliy mutaxassislarga ko’ra, qish xuruji qishloq xo’jaligiga jiddiy ziyon yetkazdi. Dehqonlar qiyg’os gullagan mevali daraxtlar, ayniqsa, o’rik, bodom, shaftolini sovuq urganini va hosil odatdagidan kamida ikki barobar oz bo’lishini aytmoqda. Ertangi kartoshka, karam va boshqa poliz ekinlariga ham zarar yetgan bo’lishi mumkin.

Tabiatning kutilmagan in’omidan suv xo’jaligi xodimlari xursand. Suvchilarning aytishicha, aslida joriy yil qish mintaqada yumshoq kechdi. Bahorgi qalin qor tobora sayozlashib borayotgan suv omborlari sathini, oz bo’lsa-da, ko’tarishga xizmat qilsa ajab emas, deya umid qiladi ular.

Quyida e’tiboringizga ana shu ayozli bahor kunlari aks etgan suratlarni havola etamiz.

Matn va suratlar muallifi Muhiddin Zarif

DSC01513DSC02707DSC02710DSC02711DSC02716DSC02717DSC02719DSC02720DSC02722DSC02727DSC02728