Mukofot muborak, janob Prezident!

Posted June 19th, 2015 at 1:14 am (UTC+0)
Leave a comment

Futbol bo’yicha O’zbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Mirjalol Qosimov

Ehtimol, Islom Karimovning Osiyoda va O`zbekistonda futbolni rivojlantirishga qo`shgan ulkan hissasi uchun Osiyo olimpiya kengashi tomonidan  taqdirlanishi rejada bo`lmaganda milliy terma jamoa Shimoliy Koreyada bu darajada sharmandali yutqazmagan bo’larmidi.

Albatta, bu o`ta zaharxandali taxmin, “bollada ayb yo`q”, mukofotda ham,  Mirjalolda ham, Usmonovda ham, hamma ayb Pxenyandagi maydonda!

Ha, aytgancha, mag`buliyatdan uch kun o`tdi, hamma sukutda – O`zbekiston Futbol Federatsiyasi, Mirabror Usmonov, Mirjalol Qosimov, negadir, odatda, ancha faol sport jurnalistlari ham.

Tushunsa bo`ladi, Karimov futbolni rivojlantirishdagi hissasi uchun taqdirlanib turgan bir paytda MTJni o`ta muhim o`yindagi magb`uliyati bilan hech kim sahifalarni bulg`amoqchi emasdir. Har holda Pxenyandagi shov-shuvli mag’lubiyatdan keyingi sukutni boshqacha izohlash qiyin.

Muxlislar esa, odatdagidek, dardini ijtimoiy tarmoqlarda va futbol saytlariga izoh qoldirish orqali bildirmoqda. Alamzada ishqibozlar qoldirayotgan mulohazalar “UFF.uz” saytini larzaga solmoqda.

Koreyadan uchralgan mag`lubiyat haqidagi xabarga hozirgacha 567 ta fikr qoldirilgan, 125 ming marta o`qilgan.

Chidolmasdan hatto sh`er yozganlar bor. Botirjon Ergashev ismli muxlis shunday yozadi:

Қолмоқдамиз мана шунча йил,

Мундиалнинг ярим йўлида.

Тақдиримиз негадир нуқул,

Ўзга термаларнинг қўлида.

Aytgancha, Qosimov Filippinning Yaman ustidan qozongan g`alabasidan so`ng O`zbekiston guruhdagi so`nggi o`rindan bir pog`onaga ko`tarilganidan umidvor. Bu haqda u Shimoliy Koreyadan qaytgach, axborot vositalarida chop qilishga tavsiya etilmagan intervyuda aytgan. Qosimov mag`buliyatning sababi sun`iy qoplamali maydon deb hisoblaydi, bu qanchalik xolis sabab – uning vijdoniga havola!

Ehtimol hammasi unchalik yomon emasdir, chunki hisob birinchi taymdagi kabi 4:0 bo`lib qolishi mumkin edi, har holda  2 ta javob top`i kiritildi. Qolaversa, O’FF rasmiy sayti “Hisobni tenglashtirish uchun ham yetarli imkoniyatlar yaratilgan bo’lsa-da, o’yin 4:2 hisobida yakunlandi”. deya taajjubli xabar beradi.

Mirjalol Qosimov O`zbekistonning guruhdan chiqishiga va`da bermoqda. MTJ mutlaq g`alaba bilan guruhdan chiqadi degan ishonch o`zini oqlamadi. Filippin ham, Yaman ham bizga kimligimizni ko`rsatib qo`yishi mumkin, har holda. Koreya buni isbot qildi, Shimoliy  demoqchiman, Janubiy emas!

Qosimov iste`foga chiqishi kerakmi?

Agar shunday qarorga kelinadigan bo`lsa, buni hozir amalga oshirish kerak! Xorijlik murabbiy bo`lmasa, Iniliyevni, Ashurmatovni, Nurullayevmi, boshqalarni sinab ko`rish mumkindir, asosiysi, tajriba uchun vaqt qoldirish kerak. Bu narsani kechim payti – Mundial arafasiga qoldirish yana bir kechirib bo’lmas xato bo`ladi!

Qosimovning o`zidan iste`foga chiqish arizasini kutish qiyin, buni mag’lubiyatlar tajribasi ko`rsatdi, har holda agar u vazifani  eplolmaganini tan olsa, hech kim majburan ushlab qololmaydi, Mirjalolning o`zi ham buni yaxshi bilsa kerak.

Formani saqlash kerak, Mirjalol!

Ko`p bor aytilgan haqiqat – Mirjalol yaxshi futbolchi edi, ammo undan yaxshi murabbiy chiqmadi. Shaxsan muallif qosimovchilar tarafdori edi, uning kelishi umid uyg`otgan edi, yosh, g`ayratli, ishlasa, bemalol o`zbek futbolini yuksaklarga ko`tarishi mumkindek tuyulgan edi, afsus… Odatda, murabbiyning sport formasi ham ancha narsani belgilaydi, Mirjalol hali qorin osiltiradigan yoshda emas, jismoniy mashqlarni futbolchilar bilan birga to`laligicha o`tashi mumkin, uning yoshi bunga imkoniyat beradi. Ammo terma jamoa yig`inlaridan olingan suratlarda qo`l telefoni ko`targan, hali yulduzli onlaridan ko`p o`tmasdan qorin osiltirgan yosh Mirjalol Qosimovni ko`rish ancha achinarli. Do`st sifatida Mirjalol, Ravshan Ermatovga qarang, formani saqlang, oshni kamroq yeng, och qorinda bosh yaxshiroq ishlaydi, deging keladi…

Mukofot masalasida…

Xalqaro olimpiya qo`mitasi, Osiyo olimpiya qo`mitasi rahbarlarini O`zbekistonda, mamlakat prezidenti qabulida ko`rish, albatta, quvonarli. Lekin bu mukofotning milliy terma jamoa o`ta jiddiy mag`buliyatlarga uchraganda – Braziliyadagi Jahon kubogiga chiqish imkoniyati ko`kka sovurilgan, Osiyo chempionatidagi ishtiroki o`ta muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan bir paytda  berilishi savollar uy`gotadi. Bu marhamatlar ortida qanday shamalar turibdi, sport olamida kutilayotgan saylovlarmi, ovozmi, har holda bejizga emasdek. Qolaversa, so`nggi yillarda o`zbek sportidagi muammolarning o`zi ham  ancha jiddiylashgan. Botirjon Ergashev aytmoqchi,

Ёш-болажон футболчиларни,

Таниш-билиш мактаб ўлдирди.

Бу чалажон футболчиларни,

Шарҳловчилар мақтаб ўлдирди.

Xullas, prezidentning mukofotlanishi o`zbek futbolidagi o`zgarishlardan darak bermoqdami yoki yo`qmi, hozircha mavhum, mutasaddilar sukutda.

Malik MANSUR

 

 

 

 

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.