Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasi hozirgi dunyo globallashuv jarayoni jadal ketayotgan zamonda aktual masala bo’lib qolmoqda.

Tojikistondagi So’g’d viloyat o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi, dotsent Ilhom Yusupovning fikricha, Markaziy Osiyo respublikalarining birlashuvi mintaqada yirik va kuchli tashkilot tuzilishga asos bo’lishi mumkin.

“Lekin, – deydi u, – Qozog’istonning Rossiya yetakchiligidagi ittifoqqa qo’shilishi, O’zbekistonning  chekkada qolayotgani-yu, Tojikiston va Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar,  tojik-qirg’iz chegaralarida o’qtin-o’qtin takrorlanib kelayotgan qurolli to’qnashuvlar mintaqa birligiga raxna soladi. Rossiya region davlatlarining o’zaro birlashuvidan hech qachon manfaatdor bo’lmagan”.

Farg’ona vodiysida Qirg’iziston va O’zbekistonning olti, Tojikistonning bir viloyatiga qarashli yerlar bor. Mintaqada bu hudud aholi eng zich joylashgan yer bo’lib, juda ko’p ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yig’ilib qolgan. Boz ustiga, mustaqillikdan so’ng  qo’shni davlatlar o’rtasida haligacha demilitarizatsiya va demarkatsiya qilinmagan talay yerlar mavjud.

Chegara hududlarida aniqlanmagan yer va suv taqsimoti sabab Qirg’izistonning Botkent va Tojikistonning So’g’d viloyati chegaralarida o’tgan yillar davomida bir necha marta mahalliy aholi va chegara qo’shinlari o’rtasida qonli to’qnashuvlar bo’lib o’tdi.

Keyingi ikki yilda Tojikiston shimolidagi Isfara va G’afurov nohiyalari va Qirg’izistonning Botkent va Isfara nohiyalari chegara hududlari notinch bo’lib qoldi.

Tojikiston shimolidagi Qirg’iziston bilan chegara hududlarida taqriban 500 mingdan ortiq mamlakat  fuqarolari yashaydi, Qirg’iziston chegara nohiyalarida esa aholi soni bir necha marta oz. Chegara hududlaridagi notinchlik va kelishmovchiliklardan zada bo’lgan ayrim ziyolilar qirg’iz tomoni  doim qurol  ishlatib kelayotganiga ishora qilar ekan,  kuchlar munosabatiga urg’u berib, ularga yetarlicha javob berish zarur deydi.

Huquqshunos Fayziniso Axmedova qirg’iz tomoni haddidan oshib ketmoqda, hatto Lakkon qishlog’ida bizning odamlarni kuch bilan ushlab ketishdi, Tojikiston tomoni tokaygacha jim qoladi, deb iddao qiladi. (more…)