“Vazir otaning g`azabi”

Posted October 15th, 2015 at 5:09 pm (UTC+0)
Leave a comment

Bolalar mehnatidan voz kechilgan, biroq bu qarorning yuki hukumatga emas, oddiy odamlar boshiga qo'shimcha xarajat, mashaqqat bo'lib tushmoqda.

Terim frontidan kelayotgan so`nggi xabarlarga ko`ra, bolalar mehnatidan voz kechilgan paxta kampaniyasi tobora kattalar uchun surgunga aylanib bormoqda.

Futbolchilardan tortib, san`atkoru siyosatchi va amaldorlargacha dalada, ammo terim ular uchun bir kunlik yallo kayfiyat bo`lsa, oylab dalada ishlayotgan hasharchilar uchun haqiqiy azob, mashaqqat.

Uyg`un domlaning “Nazir otaning g`azabi” she’ri hali beri o`lmaydigan ko`rinadi. Ko`pchilik eslasa kerak, asar bir paytlar o`zbek adabiyoti darsligining “durdonalaridan” edi.

O`zbeklar peshonasiga bitgan bu asar umri ancha uzun ko`rinadi. Davr faqat qahramonlar ismini o`zgartirdi, o`zgartirganda ham, ayovsiz, sotsialistik realizm uslubida.

Nazarimda, Nazir ota obrazini bugun Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev keragidan ortiq, Uyg`un domla xayoliga ham kelmagan tarzda ifodalamoqda. Qolaversa, bugun paxta parvarishidan manfaatdor bo`lgan brigadir ham, fermer ham yo`q, Bosh vazir timsolidagi hukumatdan boshqa.

Nazir otadan farqli ravishda Bosh vazir lirik emas, real qahramon. U havoga emas, qo`l yetadigan narsalarga musht tushiradi, uning g`azabi ham ancha qattiq. Bu g`azab tabiat, havo, bulutlar kabi mavhumlikka emas, aniq narsalar – odamlarga, fermer, terimchi, hasharchi, talabalarga qaratilgan.

Bu g`azabga chidolmagan fermerlar o`zlarini osib zulm, xo`rlikdan qutilayotgan bo`lsa, chidayotganlarning bosh ko`tarib o`ylashiga fursat qoldirilmagan; mamlakatda paxta kampaniyasi davom etmoqda.

Men terim davrida nobud bo`lganlar, hokimiyat zug`umiga chidolmasdan o`z joniga qasd qilgan fermerlar, paxta kampaniyasi deb atalgan jazo mashinasi qurbonlari statistikasi bilan shug`ullanish niyatida emasman.

Bunday ma`lumotlar aksariyati yopiqligicha qolib ketayotgan bo`lsa, ochiqlangani, eshitayotganimiz, o`qiyotganlarimizning o`zi ham xulosa qilish uchun yetarli.

Odatda, tuzumlar haqida saboq bergan sobiq SSSR darsliklarida mehnatkashlar ustida qamchisini o`ynatib turgan boylar feodallar sifatida gavdalantirilardi. Biz hozir nafaqat feodal davr, balki kommunistik tuzumni ham bosib o`tdik, rasman demokratik tuzumda to`xtaganmiz. Mehnatkashni, insonning erki, huquqini kafolatlovchi qator qonunlarni qabul qildik, Konstitutsiyaga egamiz.

Ammo, afsuski, yuz minglab odamlarni so`zsiz, so`roqsiz dalaga haydayotgan, butun dunyoga o`zbeklarni paxta dalasidagi qullar sifatida taqdim etayotgan terim kampaniyasi qarshisida bu qonunlar ham, Konstitutsiya ham o`ta ayanchli ko`rinadi.

Biz davlat sifatida ham, xalq sifatida uzoqqa ketmagandek, hamon qamchi o`ynatilayotgan feodal tuzumda yashayotgandekmiz. Vaholanki, e`lon qlinishicha, bozor iqtisodiga o`tganmiz, shunday ekan, bozorning oddiy qonuniga amal qilaylik, paxtani mafaatdor dehqon eksin, faqat uning mahsulotini bozor narxida sotib oling, majburan belgilangan arzimas summada emas.

Xullas, bu ketishda Uyg`un domlaning “Nazir otaning g`azabi” asari yana qayta o`zbek adabiyoti darsligidan joy olishi ehtimoldan xoli emas, faqat sotsialistik realizm talablaridan kelib chiqib, she`r “Vazir otaning  g`azabi” deb atalsa, to`g`riroq bo`lardi.

Malik Mansur

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.