Qadimiy manbalarda hozirgi Tojikistonning Istravshan mavzesi haqida ko’plab ma’lumotlarni uchratish mumkin.  Istravshandagi O’ratepa shahri tarixi meloddan oldingi ming yilliklarga borib taqaladi, shahar Xitoy yilmomalarida ham tilga olingan.  Tojikiston hukumati Istravshanning 2500 yilligi tarixini rasman taqsdiqlagan,  bu qadimiy mavze  YUNESKO hujjatlarida ham qayd etilib, insoniyat tamaddunining asraluvchi meroslari ro’yxatiga kiritilgan.

Xitoy va sharqiy Turkistonni Xorazm va Yevropa bilan bog’lovchi Buyuk ipak yo’li ham Istravshandan o’tgan, mahalliy aholi xitoyliklar, mo’g’ullar tajovuzi, xonliklar orasidagi janglar, chor Rossiyasi bosqiniga guvoh bo’lgan, ularning istilolariga qarshi kurashgan.

O’ratepa shahri atrofidagi o’nlab katta-kichik qishloqlarning tub aholisi o’zbeklar bo’lib, bir vaqtlar  O’ratepa bekligi Qo’qon xonligiga jangovar otlar, qilichboz navkarlar yetkazib berishda xonning  tayanchi bo’lgan.

Bugungi Istravshan nohiyasining markazi – O’ratepa shahridan  mamlakat poytaxti Dushanbega olib boruvchi yo’ldan 4-5 kilometr yurmasdan  do’ngliklar orasida yastangan Varsiq qishlog’iga kirib borasiz.  Varsiq – Istravshanning faqat o’zbeklar yashaydigan tog’ oldi qishlog’i. Bu yerda o’zbekning kenagas, barlos, qipchoq urug’larining avlodlari yashashadi.

“Hukumat qarori bilan, o’zingiz bilasiz, vatanimizdagi  ko’plab qishloqlar nomi  tarixiy bo’lsa ham o’zbekchadan tojiklashtirildi, lekin Varsiq nomini biz saqlab qoldik. Bu shu yerlarda yashagan qadimiy xalq shevasida “yashillik”, “ko’klam”, “baxmal” ma’nosini anglatadi. Ko’klamda bu yerlar rostdan ham baxmal ko’rinishini oladi, qarab ko’zingiz quvnaydi”, – deydi Varsiq qishlogini o’z hududiga olgan Choqbog’ qishloq jamoati raisi Ra’noxon O’lmasova. (more…)