Varsiq – qadimiy Istravshanning o’zbeklar qishlog’i

Posted November 30th, 2015 at 10:55 pm (UTC+0)
Leave a comment

Qadimiy manbalarda hozirgi Tojikistonning Istravshan mavzesi haqida ko’plab ma’lumotlarni uchratish mumkin.  Istravshandagi O’ratepa shahri tarixi meloddan oldingi ming yilliklarga borib taqaladi, shahar Xitoy yilmomalarida ham tilga olingan.  Tojikiston hukumati Istravshanning 2500 yilligi tarixini rasman taqsdiqlagan,  bu qadimiy mavze  YUNESKO hujjatlarida ham qayd etilib, insoniyat tamaddunining asraluvchi meroslari ro’yxatiga kiritilgan.

Xitoy va sharqiy Turkistonni Xorazm va Yevropa bilan bog’lovchi Buyuk ipak yo’li ham Istravshandan o’tgan, mahalliy aholi xitoyliklar, mo’g’ullar tajovuzi, xonliklar orasidagi janglar, chor Rossiyasi bosqiniga guvoh bo’lgan, ularning istilolariga qarshi kurashgan.

O’ratepa shahri atrofidagi o’nlab katta-kichik qishloqlarning tub aholisi o’zbeklar bo’lib, bir vaqtlar  O’ratepa bekligi Qo’qon xonligiga jangovar otlar, qilichboz navkarlar yetkazib berishda xonning  tayanchi bo’lgan.

Bugungi Istravshan nohiyasining markazi – O’ratepa shahridan  mamlakat poytaxti Dushanbega olib boruvchi yo’ldan 4-5 kilometr yurmasdan  do’ngliklar orasida yastangan Varsiq qishlog’iga kirib borasiz.  Varsiq – Istravshanning faqat o’zbeklar yashaydigan tog’ oldi qishlog’i. Bu yerda o’zbekning kenagas, barlos, qipchoq urug’larining avlodlari yashashadi.

“Hukumat qarori bilan, o’zingiz bilasiz, vatanimizdagi  ko’plab qishloqlar nomi  tarixiy bo’lsa ham o’zbekchadan tojiklashtirildi, lekin Varsiq nomini biz saqlab qoldik. Bu shu yerlarda yashagan qadimiy xalq shevasida “yashillik”, “ko’klam”, “baxmal” ma’nosini anglatadi. Ko’klamda bu yerlar rostdan ham baxmal ko’rinishini oladi, qarab ko’zingiz quvnaydi”, – deydi Varsiq qishlogini o’z hududiga olgan Choqbog’ qishloq jamoati raisi Ra’noxon O’lmasova.

Bir vaqtlar, sho’rolar davrining so’nggi yillarida  qishloqdan yetishib chiqqan o’zbek ziyolisi Ergash Mirzaboboyevning harakati bilan Varsiq qishlog’ida 1200 ga yaqin talabaga mo’ljallangan o’rta umumta’lim maktabi qurilgan edi, hozir bu maktab hovlisida uning byusti o’rnatilgan. Varsiqliklar o’z ziyolilarini unutishmaydi.

Yetti yuzga yaqin xonadon, uch mingdan ortiq  aholisi bo’lgan Varsiq qishloq aholisi Tojikistondek sersuv mamlakatda ichimlik suviga zor. Qishloq oralab o’tgan eski soy o’zani ham, qadimiy chashmalar ham necha yildirki, qurigan.

Mahalliy aholi qo’shni qishloqlar quduqlaridan har joy-har joyga tortilgan suv manbalaridan foydalanishadi, u ham qurisa, butun qishloq bir-ikki chashma bo’yiga to’planib qolishadi, odamlarga ham, chorvaga ham, kir yuvishga ham suv xonadonlarga  eshaklarda  tashiladi.

Mahalliy aholining aytishicha, shahar va viloyat hukumati  ichimlik suv ta’minoti masalasida bir qator tadbirlarni loyihalashtirgan, lekin umid oz.

“Qishloq uchun asosiy muammo ichimlik suvi, yana, yo’l masalasi”, – deydi etmoshni qoralayotgan  Hojikamol Mirolimov.

“Bola-baqra yomg’irli kunlarda baland-past ko’chalarda loy kechib, 3-4 kilometrdan maktabga qatnaydi, suvni-ku qo’yaverasiz, suv tashimoq ham bir vazifa. Ba’zida kelinlarni kuni ro’zg’or uchun suv tashish bilan o’tadi, – deydi keksa dehqon.

Varsiqning yerlari unumdor, suv bo’lsa, kaltakni ko’kartirsangiz bo’ladi. Suvsizlik sabab, ko’pchilik yoshlar ishsiz, mehnat mardikorligiga chiqib ketishadi. Bo’lmasa, asl dehqonlar o’zimizdan chiqadi, ota-bobolarimiz dehqon o’tgan, chorvador, mehnatkash elmiz, deyishadi sobiq dehqonlar.

Varsiq qishlog’i tepaliklardan qarasangiz, soat sayin eshaklarga ikki-uch-to’rt bidon yuklagan, eshaklarni oldiga solib kelayotgan o’smirni yo boshida to’gora ko’targan juvonni ko’rasiz, barchasi suvga intiladi.

Varsiq markaziy ko’chasidan qishloq xonadonlariga tarqalgan asosiy ko’cha sirtida  qo’shni qishloqdan ichimlik suvi keltirish uchun yotqizilgan eski temir quvurlarni ko’rasiz, ular eskirib, chirib, yorilib ketgan, tortiladigan suvning o’zi yo’q.

“120, hatto 140 metrli quduq qazishdi, shunda ham suv chiqara olmadik, bu yerlardan suv qochgan”, – deydi  fermer Orziqul Tusunov. U aytadiki, bugungi kunda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash  shahar hukumatining asisiy vazifasiga aylanishi kerak, buningsiz hayot yurmaydi.

“Hovlidagi bir parcha tomorqaga bir soatlik suv oqishi uchun o’n somon pul to’layman, bu suv aqalli nihollarni sug’orishga yetmaydi, dardimizni kimga aytaylik”, – deydi yiroq chahmadan suv tashib bezor bo’lgan kelinning qaynonasi.

Varsiqdagi maktab o’quvchilari ham, kuzgi bog’lar novdasidan dubarra izlayotgan go’daklar ham hayot manbai – eng arzon va eng qimmat suv qadrini bilishadi, ijodkor qizgina she’r bitadi:

Sarg’ayganim, za’faron  kuzim,

Qish kunimni burka qorlarga.

Sen dardimni bilgan-bilmagan,

Ko’klam, suv keltirgin bizning bo’glarga…

Matn va suratlar muallifi Ravshan Shams

1. Varsiq qishlog'iga olib boruvchi yo'l2. Varsiq Istravshanning Chorbog' qishloq jamoatiga qaraydi3. Qishloqning umumiy ko'rinishi4.  Tojikiston shimolidan janubga tomon tortilgan yuqori kuchlanishli yangi elektr energiyasi uzatish tamog'i5. Varsiq  qishloq choyxonasi6. Varsiqliklar choyxonada7. Qish_oqlaikalr tamorqasi8. Sholg'omdan boshagan er kuzgi namgarchilikda  ag'darilmoqda9. Varsiq ko'chasi10. Qishloqdagi uy11, Varsiqdagi qarovsiz hovli12. Qishloqda mana shunday uy quruvchilar ham bor13. Qishloq14. - Ichimlik suvi bizning asosiy muammomiz deydi qishloq ahli15. Varsiqliklar xonadonida uch avlod vakili16. Tandir boshida17. Bug'doy nonga nonpar urilmoqda18. Qurigan soy19. Suvi qurigan chashma o'rni20. Shashmadan suv  xonadonlarga eshaklarda tashiladi21. Idishda suv yo'q ekan, faqat sabr etiladi xolos22. Yo'ldagi yaroqsiz holatga kelgan suv quvuri23. Varsiq qishloq  umumta'lim o'rta maktabi24. Tanaffusda25. Varsiq qizaloqlari26. Qir oralab maktabga qatnashning o'zi bo'lmaydi27. Qishloq kutubxonasi va tibbiyot nuqtasi28. Ko'cha yoqalab chiqindi ko'tarib...29. uni shu erga ag'darishadi, bu ham qisloq30. Ishsizlik31, Varsiqdagi savdo nuqtasi32. Mollar sug'orishga olib borilmoqda33. Qishloq qabristoni34. Varsiq xonadoni35. Bo'gida dubarra izlab36. Varsiq bog'lari

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.