Mirabror Usmonovdan iste’fo talabi yoxud O’zbekiston futbolida kutilayotgan va kutilmayotgan islohotlar haqida

Posted January 18th, 2016 at 5:51 pm (UTC+0)
Leave a comment

O'zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmanov

O’zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmanov

Futbolchilarimizning oltinchi bor Olimpiada yo`llanmasini ko`kka sovurishgani nafaqat futbol nashrlarini, balki ijtimoiy tarmoqlarni ham larzaga keltirdi.

Muxlislar junbushda, rahbariyatdan iste`folar talab qilinmoqda. Bosh murabbiy Samvel Babayandan tortib, O`zbekiston Futbol Federatsiyasi (O’FF) prezidenti Mirabror Usmonovgacha. Ularning sabr kosasi to`lib bo`lgandek.

Jurnalistlarning achchiq tanqidi, muxlislarning hadsiz g`azabi 20 yildan buyon Olimpiada yo`llanmasi uchun besamar kurashib kelayotgan o`zbek futbolidagi navbatdagi inqiroz bilan bog`liq. 

O'zbekiston Milliy va Olimpiya terma jamoalari murabbiysi Samvel Babayan

O’zbekiston Milliy va Olimpiya terma jamoalari murabbiysi Samvel Babayan

Afsuski, Qatarda o`tayotgan Osiyo  chempionatidagi ishtirok, Olimipada yo`lidagi sharmandali muvaffaqiyatsizlik o`zbek futbolida 20 yildan buyon hech narsa o`zgarmaganidan darak berdi. Bular mening fikrim emas, Qatardagi mag`lubiyatdan so`ng “Interfutbol” nashrida bosilgan maqolada shunday deyiladi.

Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan millionlab muxlislarni larazaga solgan muvaffaqiyatsizlik sababini qisqa ifodaladi: “Borimiz shu ekan”!

Bosh murabbiyning bu orsiz izohi, shukrki  javobsiz qolmadi: “Borimiz shu emas, Samvel Vyacheslavovich, biz bundan ortig`iga loyiqmiz!” deb javob qaytaradi jurnalist Xayrulla Xoliqov “Championat.asia” nashridagi maqolasida.

Futbol muxlislarining Championat.asia saytida qoldirgan izohlaridan

Futbol muxlislarining Championat.asia saytida qoldirgan izohlaridan

Sharmandali bu mag`buliyat ortidan Olimpiya terma jamoasi o`yinchisi Makmilian Fominning Feysbukdagi sahifasi orqali muxlislarning tanqidiga nisbatan yog`dirgan andishasiz haqoratlari esa hammasidan oshib tushdi.

To`g`ri, Fomin keyinroq rasman uzr so`radi, ammo futbolchining haqoratlari qatorida mag`buliyat uchun mas`uliyat hissining umuman yo`qligi ko`pchilikni hayratlantirdi.

Olimpiya terma jamoasining Qatardagi Osiyo chempionati doirasida o`tkazgan ikki o`yini haqida o`nlab tahllillar yozildi. Tashxis shu bo’ldiki, jamoada taktik o`yin ham, murabbiy uslubi ham yo`q.

Futbol muxlislarining Championat.asia saytida qoldirgan izohlaridan

Futbol muxlislarining Championat.asia saytida qoldirgan izohlaridan

Bu haqiqat Qatardagi har ikki o`yin ham, asosan, tavakkalchilik asosiga qurilgani bilan ko`zga tashlandi.

Dahshatlisi esa, jahon chempionati saralash o’yinlari uchun kurash olib borayotgan Milliy terma jamoa ham Samvel Babayanning qo`li ostida.

Saralashdagi kuchli raqiblar bilan uchrashuvlar hali oldinda. Jahon kubogiga chiqish taqdiri Olimpiya yo`llanmasi uchun kurashda g`alaba uchun qanday o`ynash lozimligini bizga ko`rsatib qo`ygan Janubiy Koreya, Iroq darajasidagi jamoalar bilan to`qnashuvlarda hal etiladi.

Jurnalitslar alami, junbushga kelgan hayqiriqlar bejizga emas. Muxlislar Futbol federatsiyasi tarkibini yangilashga, maqsadi futboldan daromad topish bo`lib qolgan mutaxassislarni haydashga chaqirishmoqda. O`FF prezidenti Mirabror Usmonov iste`fosini so`rayotganlar ham kam emas.

O`FF prezidenti Braziliyada o`tadigan Olimpiya o`yinlari uchun yo`llanma qo`lga kirtilmasa, federatsiyada keskin islohotlar bo`lishi haqida va’da bergan. Ko’plab jurnalistlar shundan umidvor.

Chunki Oliy ligadan tortib quyi ligagacha o`yinlar sotilayotgani, legionerlar, xorijlik mutaxasislar tanlovi ham federatsiyadagilar uchun daromad manbai bo`lib qolganini ko`pchilik yaxshi biladi.

Xullas, olimpiada uchun yo`llanma oltinchi urunishda ham qo`lga kiritilmadi. Shu asnoda Jahon chempionati yo`llanmasi taqdiri ham tahlika ostida ekanligi oydinlashdi. Bunga O`FF prezidenti Mirabror Usmonovning javobi qanday bo`ladi, bunisi hozircha noma`lum. Kutamiz!

Malik MANSUR

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.