Otasi yuk gaplashguncha aravakashning bolasi dam oladi.

Otasi yuk gaplashguncha aravakashning bolasi dam oladi.

Bu yilgi ob-havo sharoiti Tojikiston dehqonlari uchun nisbatan qulay bo’ldi.

Tojik Mirzacho’li va janubiy vodiylarda  10 kilodan ortiq tosh bosadigan qovun-tarvuz, kadi kabi poliz mahsulotlari hosili dehqonlar ko’nglini chog’ etmoqda.

Janubiy nohiyalarda yetishtirilgan tarvuzning ertapishar navlari yoz boshidanoq Sug’d viloyati dehqon bozorlarini to’dirdi.

Hozirda esa Sug’d dehqonlari yetishtirgan hosil nisbatan qimmatroq sotiladigan poytaxt va janubiy hudud bozorlariga yetkazilmoqda.

Sug’d viloyat markazi – Xo’jand shahrining mashhur Payshanba bozori yoz ne’matlari bilan to’lib-toshgan. Payshanba gavjum va muhtasham bozor. Markaziy Osiyoda o’zining arxitektorlik ko’rinishida yagona bo’lgan usti yopiq bu bozor tarixiy Shayx Muslihiddin masjidi va ko’hna xonoqohi bilan mushtarak bir maydonni hosil etganki, bu Samarqandning mashhur Siyob bozoridan qolishmaydi. Yevropa va Sharq klassik arxitekturasini o’zida mujassam etgan bunday yopiq bozor Samarqandda ham yo’q.

Bahorning so’nggi oylaridagi ketma-ket kelgan va yozda ham bot-bot takrorlanayotgan kuchli yomg’irlar dehqonchilikka ta’sir o’tkazgani sabab, bu yil Sug’dda ayrim poliz mahsulotlari narx-navosi birmuncha baland saqlandi. Masalan, yoz pallasi eng arzon bo’ladigan bodring, pomidorlar kilosi o’rtacha 2-3 somoniydan pastlamadi. Bu 0,30 dollardan ortiqroq bo’lib, Yevropa narxlariga yetib bormoqda. Qovun-tarvuzlar bahosi esa pishiqchilik davrida ham pastlamagan.

Shunday bo’lsa-da, Xo’jandning Payshanba bozori mo’l-ko’lchiligi va shahar hukumatining aholini arzon dehqonchilik mahsulotlari bilan ta’minlash borasidagi maxsus  qarori tufayli nisbatan arzon va sifatli mahsulotlar bilan to’ldirilmoqda. Bozorda dehqonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, shaharliklar yozning anvoyi meva-chevalari bilan ta’minlangan.

Tarixiy yodgorlik majmuasi hisoblangan Payshanba arxitektura ansambliga tashrif buyurgan chet ellik sayyohlar, albatta, gavjum bozorga kirishadi. Bu yerdagi to’g asali, quritilgan ziroatlar, shifobaxsh giyohlardan tortib, olma va uzumdan tayyorlangan mahalliy sirka (bu yerda uni sulko deyishadi) Yevropa va amerikalik sayyohlar e’tiborini tortgan.

Isfaraning mashhur devzira va Yovaning kenja guruchi bilan savdo qiluvchi sholikorning aytishicha, uning guruchi va zig’ir yog’idan Nyu-Yorkda palov damlashgan.

– Yurtimiz yeri saxiy, mehnat qilsang, oltin undirish mumkin, – deydi mahalliy sholikorlar.

– Amerikadan tashrif buyurgan mehmonlardan biri Tomas ekan, ismini Tolmasbek deb mahalliylashtirdik. Shu bo’z bola olma sulkosi bilan oshimizni yeb, oshqozonida dardi bor ekan, yengil tortgach, Istravshandan qaytib, naqd ikki litr sulko xarid qildi. Tomchilatib yeyishiga qaraganda, o’ziyam o’n yilga yetkazsa kerak, – deydi kulib  Ubaydulloxo’ja.

Bu bozorda Sug’dning go’zal kelinlari yozu-qishin qoshlariga qalin kiradigan quritilgan o’sma, dardmandlar Badaxshonning davo berish xususiyatiga ega yarim qimmatbaho toshlariyu, Pomir-Oloyning shifobaxsh mo’miyosi va giyohlaridan, choyxona oshi ixlosmandlari sara guruchi va qo’chqorning kart dumba yog’idan xarid qilishlari mumkin. Payshanbada, shuningdek, Anbaroyning mashhur tandir somsasi tayyorlanadiki, nemis va xitoy  sayyohlari ham bu somsaning tayyorlanish sirlari  bilan qiziqib qolishgan.

Sug’dning Payshanba bozorigina emas, shahar ko’chalaridagi mavsumiy kichik bozorchalar, nohiya dehqon bozorlari ham yoz ne’matlariga to’lgan.

Xo’jand shahar hukumati yoz oylarida o’tkazayotgan turli-tuman yarmarka va ko’chma bozorlarda nohiya dehqonlari o’z hosillari bilan bellashadilar.

Isafara, Konibodom, Asht, Panjakent, Zafarobod, Spitamen, Istravshan, Mastchoh, Bobojon G’afurov, Jabbor Rasulov nohiya dehqonlari navbati bilan Xo’jandda ko’rik bozorlari tashkil etmoqda.

Hukumat mahalliy dehqonlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlab, mahsulotlari chet ellarga ham xaridorgir bo’lishi, hosilni vatanda qayta ishlashni yo’lga qo’yish tadbirlarini ishlab chiqmoqda.  Mustaqillikning o’tgan keyingi yaqin yillarida  Xo’jand, Isfara, Bo’ston, Konibodom kabi shaharlarda  bir qator mevalarni qayta ishlash kichik zavod-fabrikalari ishga tushirildi.

Turkiyada bo’lib o’tgan ma’lum voqealardan so’ng vaziyat mo’tadillashar ekan, hozirda turk-tojik savdo aloqalarini yanada rivojlantirish nazarda tutilmoqda, xususan, qishloq xo’jaligida.

Turk-tojik ishbilarmonlari sho’rosi raisi Maxmud Erning yaqinda Dishanbeda jurnalistlar bilan uchrashuvda  aytishicha, o’zaro savdoni yiliga 1 mlrd. dollarga yetkazish mumkin.

– Hozirda bu ko’rsatkich 650 millionni tashkil etadi. Qishloq xo’jaligi inqirozlarga  u  qadar tusmaydigan sohadir, bu esa investitsiya uchun qulay sharoit yaratadi, – deydi Maxmud Er.

Tojikistonlik fermerlarning fikricha, turk hamkasblari bilan hamkorlik istiqbollari keng bo’lib, sohani birgalikda jadal rivojlantirish, qishloq xo’jaligiga, qayta ishlash sohasiga mumkin qadar ko’proq investitsiya kiritish zarur.

– Bizning mahsulotlarimiz mazasi va sifati bilan jahon andozalariga javob beradi, ba’zi mahsulotlarimiz hatto ortiq darajada ham. Faqat masulotni qadoqlash va chet elda targ’ibotini tashkil eta olishni yo’lga qoyishimiz zarur. Bo’lmasa, xom-ashyo yetkazib beruvchiligimizcha qolaveramiz, – deydi  mahalliy tadbirkorlar.

Ularning fikricha, bozor farovonligini yanada oshirishda muhim omil bo’lgan ilg’or texnologiyalar va investitsiya kiritilishi uchun mamlakat rahbariyati soliq siyosatini mo’tadillashtirishi, imtiyozli kreditlarni ko’paytishi zarur.

Matn va suratlar muallifi Ravshan Shams

Xo'janddagi mashhur Payshanba  yopiq bozori

Xo’janddagi mashhur Payshanba yopiq bozori

Bozor hovlisida shaharlik ko'katfurushlar

Bozor hovlisida shaharlik ko’katfurushlar

Payshanbadagi usti yopiq bozorning ichki ko'rinishi

Payshanbadagi usti yopiq bozorning ichki ko’rinishi

Quritilgan zirovarlar rastasi

Quritilgan zirovarlar rastasi

Kenja guruch bozori

Kenja guruch bozori

Mosh va no'xat 1 dollardan qariyib  2 dollargacha

Mosh va no’xat 1 dollardan qariyib 2 dollargacha

Bozorda qurut sotuvchilarning alohida rastasi bor

Bozorda qurut sotuvchilarning alohida rastasi bor

Payshanba bozoridagi qassoblar rastasi

Payshanba bozoridagi qassoblar rastasi

Payshanba bozori quritilgan meva, ziravorlari bilan mashur

Payshanba bozori quritilgan meva, ziravorlari bilan mashur

Poliz mahsulotlari

Poliz mahsulotlari

Sabzavot bozori nazoratdan o'tib turadi

Sabzavot bozori nazoratdan o’tib turadi

Qandolatchilar rastasi

Qandolatchilar rastasi

Shakar olma  bahosi bir dollardan ortiq

Shakar olma bahosi bir dollardan ortiq

Shirin kulchalar rastasi

Shirin kulchalar rastasi

Bodringning kilosi 2 somoniydan kam emas

Bodringning kilosi 2 somoniydan kam emas

Palosning danaksiz mashhur uzumlari arzon

Palosning danaksiz mashhur uzumlari arzon

Tevarak atrof qishloqdan kelganlar ko'chada savdo qilishadi

Tevarak atrof qishloqdan kelganlar ko’chada savdo qilishadi

O'smani qishda ham xarid qilish mumkin

O’smani qishda ham xarid qilish mumkin

Shahar ko'chalarida meva sotuv nuqtasi

Shahar ko’chalarida meva sotuv nuqtasi

Spitamen nohiyasi, ko'chadagi stixiyali bozorcha

Spitamen nohiyasi, ko’chadagi stixiyali bozorcha

Spitamen nohiya bozori kartoshka rastasi

Spitamen nohiya bozori kartoshka rastasi

Dehqonlardan savdo qilishdi.

Dehqonlardan savdo qilishdi.

Isiriq va supurgi sotuvchisi tushlikka qovun yemoqda.

Isiriq va supurgi sotuvchisi tushlikka qovun yemoqda.

Kadi savdo qilinmoqda.

Kadi savdo qilinmoqda.

Otasi yuk gaplashguncha aravakashning bolasi dam oladi.

Otasi yuk gaplashguncha aravakashning bolasi dam oladi.

Nohiya dehqon bozorida piyozchilar rastasi

Nohiya dehqon bozorida piyozchilar rastasi

Nohiya qovun- tarvuz bozorida

Nohiya qovun- tarvuz bozorida

Sug'd anjiri

Sug’d anjiri