Tojikiston: 2016-yil nima qoldirdi-yu, 2017-yildan nima umid?

Posted December 29th, 2016 at 8:06 pm (UTC+0)
Leave a comment

2016-yilda Tojikiston konstitutsiyasiga o’zgartirishlar kiritildi, Vaxsh daryosi o’zani tos’ilib, Rog’un GESi to’goni qurila boshladi.

Tojik tahlilchisi Bahrom Fayzulloyev aynan Rog’un qurilishini yilning muhim voqeasi deb hisoblaydi.

“Negaki, bu ulkan qurilish aslida nafaqat Tojikston balki, butun Markaziy Osiyo uchun ahamiyatli inshootdir. Buning qadrini yillar o’tib, mintaqa mamlakatlari o’zlari hayotda amin bo’lishadi. O’tgan yillar davomida GES to’g’oni qurilishiga qattiq qarshilik qilib kelgan qo’shni O’zbekiston ham to’g’on qurilishi boshlanganiga e’tiroz bildirmadi, ularning OAVlari jim. Holbuki, o’tgan 5-6 yil orasida ulkan qurilish atrofida qanchadan-qancha shov-shuvlar bo’ldi”,- deydi ekspert.

O’rta maktablarda o’ttiz yildan ortiq tarixdan dars bergan Muzaffar Hojiyevning fikricha, 2016-yilda Tojikistonda oddiy aholi uchun esda qoladigan arzigulik narsa bo’lmadi.

“Faqat mana dekabr oyi o’rtalaridan aholi uchun kuniga 5-6 soat beriladigan elektr quvvati limiti 12 soatgacha uzaytirilganini aytmasak, xalq uchun boshqa hodisani xotirlab bo’lmaydi”,- deydi o’qituvchi.

Aholisi sakkiz milliondan ortiq Tojikistonning yarmidan ko’pi yoshlardir. Mastcho nohiyasidan Zulfiqor Mutalov uchun 2016-yil fuqarolik pasportini olgani bilan yodda qoldi.

“16 yoshdan o’tdim, yodimda qolgani pasport oldim. Endi bemalol Rossiyaga ketishim mumkin. Otam qaribki o’n yilda beri Rossiyada, akalarim ham. Menga ish topib qo’yishgan, ketmasam bo’lmaydi. Ikki opamni uzatishimiz, akalarimni uylantirish, olgan yangi tomarqamizga uy qurishimiz kerak. Xudo xohlasa, 2017-yilda to’y ko’ramiz”,- deydi Zulfiqor.

Nodavlat IMON bankida ishlovchi Sadriddin uchun 2016-yil daromadli ishga o’tgani, ilk farzandi tug’ilgani va onasining vafoti bilan yodda qoldi. Yangi yilda esa, O’zbekiston bilan chegaralarda yengiilik berilishi, oradagi viza tartibining bekor qilinishiga umid qiladi.

“Kuni kecha poytaxtimizda Toshkentdan davlat mulozimlari mehmon bo’lishdi. O’rtamizda ancha istiqbolli yo’llar ochiladigan ko’rinadi. Yangi yildan umidim katta. Axir onamning janozasiga to’galarim yetib kelolmadi, bo’lmasa Toshkentgacha atigi 2 soatlik yo’l”, – dey afsuslanadi Sadriddin.

Tojikistonning barcha shahar va nohiya markazlarida bezatilgan archa o’rnatilgan. Har kun badiiy-madaniy tadbirlar… Lekin bu bayramni xalq uchun begona, diniy aqidaga ko’ra makruh deb hisoblovchi mutaassiblar ham bor. Ular yil sayin ortib bormoqda, aksariyati yoshlar.

“Yangi yilni nishonlash bizdan emas”, – deydi o’zini tanitishni istamagan bir yigit. Uning fikricha, allaqanday g’ayridinlarning bayramini nishonlash musulmonchilkka to’g’ri kelmaydi, ko’cha-kuydagi o’yin-kulgu, “masxarabozlik”lar ortigcha dahmaza.

“Biz uchun uchta bayram halol qilingan: Navro’z, Hayit va juma kunlari. Qolgan bari harom. O’risning archasini bezatib, atrofida lik-lik o’ynagancha Quron tilovat qilishsin, namoz o’qishsin, bolasini boqsin, dunyo tanisin! Qanchadan-qancha barodarlarimiz qurbon bo’lmoqda, ular haqida o’ylasinlar”, – deydi u.

Maydonda bezatilgan archa atrofidagi tadbir xavfsizligiga safarbar etilgan bir mulozim aytadiki, “millat peshvosi, Tojikiston mustaqilligini ta’minlagan janobi oliy, muhtaram prezidentimiz Emomali Rahmonning sharofati bilan mana shunday tinchlik davriga erishganmiz, bo’lmasa Afg’onistondan farqimiz qolmasdi”.

“Xudo bizga mana shunday podshoni munosib ko’rbdi, bu peshonamiz yarqiraganidan. Yangi yilda xudo xohlasa, Ro’gun ishga tushadi, arablar neft sotsa biz suvdan pul qilamiz, boyib ketamiz, Rossiyaga ham hojat qolmaydi”, – deydi zavq bilan bu tojik mirshabi.

Undan atigi yigirma qadam narida bayram tomoshasiga kelgan bolalar uchun qo’lbola sovg’alar sotayotgan 62 yashar Fotima opaning savdosi sust. Har zamonda bir-ikki mayday chuyda sotib qoladi.

“O’g’illarim besh yildan beri Rossiyada, kelinlarim ham. Nevaralarim menga qolgan, rizqimizni mana shunaday qilib ko’chadan topamanda. Nima qilay, qairyb 30 yil tarbiyachilik qildim, og’rib qoldim, nogironman. Oladigan nafaqam yeyishimga etmaydiku, hali kiyishimni aytmay. Yaxshiyam mana shunaqa bayramlar bor, bozor qiziydi, to’rt tanga topish mumkin. O’tgan yili o’g’lim hovli-joylik bo’ldi, yangi nevaram tug’ildi. Yangi yilda yana ko’payadigan ko’rinamiz. Kenja kelinim Tyumenda ko’zi yoriydi, shu eson-omon qutulib olsa, umidim shulardan”, – deydi Fotima opa.

2017-yilda tojikistonliklarning tilagi bir: tinchlik bo’lsin, mehnat muhojiratidagilar omon bo’lishsin, diydor nasib etsin.

Xo’jand, Tojikiston

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Muallif haqida:

Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi" bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi. Malik Mansur tanqidiy maqolalari uchun 2010-yilda davlat organlariga tuhmat qilganlik, haqoratlaganlik va jamoat xavfsizligiga tahdid solganlik aybi bilan Toshkentda sudga tortilgan. Jurnalist va uning reportajlarini efirga uzatgan "Amerika Ovozi" bu ayblovlarni asossiz deb hisoblab, sud ishini so'z va matbuot erkinligini cheklash uchun qilingan qadam deb atagan. Bafurja ma’lumotlar...

Ushbu blog haqida:

O'zbekiston va butun Markaziy Osiyodagi bugungi ahvol, siyosat, iqtisod, jamiyat... Yurtdoshlar nima fikrda? Ularni qanday masalalar qiynamoqda? Marhamat, shu sahifada munozara yuriting. Bu blog siz uchun ochiq. Vatandagi bugungi manzara sizga qanday ko'rinayotganini izohlab berishingiz mumkin.