Vatan Manzaralari

O’sh shahrining bugungi qiyofasi

2010-yil vayronagarchilikni boshdan kechirgan Qirg’izistonning O’sh shahri qayta tiklandi. Ko’hna shaharda yangi qurilish ishlari ko’paygan.

Shaharning yangi qiyofasi – xalqaro hamjamiyatning ulkan moliyaviy ko’magi hamda mahalliy aholining s’ay-harakatlarining mahsuli.

Shaharning ichimlik suvi tizimi qisman yangilandi. Jamoat transporti uchun yangi zamonaviy ulovlar keltirildi. Shaxsiy tibbiyot muassasalari ro’yxati kengaydi.

O’shning oliygohlarida Hindiston, Pokiston, Bangladesh, Turkiya kabi qator xorij o’lkalarining yoshlari ta’lim olmoqda.

Mintaqada kam uchraydigan shiddatli qish oxirlar ekan, shahar yanada chiroy ocha boshladi.

Yangi shahar va yangi avlod kelajakka umid bilan boqmoqda.

Suratlar va matn muallifi Muhiddin Zarif

Sada bayrami haqida bilasizmi?

Qish fasli yakunlanib, bahor boshlanishi oldidan Sada sayli o’tkaziladi.
Sovet davrida ancha unutilgan bu an’ana mustaqillik yillarida tiklangan. 1990-yilda, masalan, azim Panjakentda tantana qilingan.
 
Sada tarixi islomdan oldingi zardushtiyluk davriga borib taqaladi – tabiat va borliqqa sig’inilgan vaqtlarga.
 
Qishning chillasi tugab, ilk iliq kunlar kelishi, kunning uzayib, tunning qisqara boshlashi, erta dehqonchilik ishlari boshlanishi… Bu davr mehnatkashlar tomonidan gulxan yoqib kutib olingan. Yerga dastlabki ishlov berish va ko’chat o’tkazish mumkinligidan darak bergan.
 
Bayramning asosiy qismi Sug’d viloyati markazi – Xo’jand shahridagi qadimiy qal’a xarobalari tevaragida, Kamol Xo’jandiy nomidagi markaziy xiyobonda o’tkazildi. Ayyomning rasmiy qismini Su’gd viloyat raisining qishloq xo’jaligi ishlari bo’yicha muovini Xojazoda Orif Ashuriy ochib berdi. Sirdaryo sohilidagi madaniyat va istirohat bog’ida o’lkaga xos kuylar yangradi.
 
Karnay-surnay, do’mbiralar sadosida ko’chat-ko’katlar va mahalliy hunarmandchilik buyumlari savdosi hamda qadimiy xalq o’yinlari boshlandi.
 
Rasmiylar eski mahallalar va yangi kvartallar aholisi uyushtirgan bu tadbirda hunarmandlarni moliyaviy quvvatlash dasturi davom etadi deya bayon qildi.
 
15 fuqaro, asosan xotin-qizlar, madaniy hissasi uchun taqdirlandi. 400 yosh sportchi va badiiy havaskorlik to’garaklarining mingdan ortiq a’zolari sahnaga chiqdi.
 
Milliy liboslar tikish, zardo’zlik, qo’lbola atlas va adras to’qish, quroqchilik va temirchilik singari hunar egalarining ishlari ko’rgazmaga qo’yildi.
Olovparak, lanka, lappar, oshiq, arg’amchinkash, yakkakurash singari qadim o’yinlar va musobaqalar o’tkazildi.
 
“Hozirgi yoshlarimiz oshiq, lanka, lappar oyinlari nima ekanligini unutib yuborishgan, ularga allaqanday ayfon va smatrfonlar bo’lsa bas. Tanani chiniqtiruvchi, odamga tob beruvchi, salomatlikka ijobiy ta’sir beradigan bu o’yinlarni biz yoshligimizda kanda etmay o’ynardik”, – deydi keksa hunarmand, 78 yoshli Fayzi ona.
 
Rivoyatlarga ko’ra, Sada bayrami gulxanlar yoqib boshlanishida o’ziga xos ma’no bor. Navro’zgacha qolgan 50 kunning iliq bo’lishini olov xudosidan so’rashgan. Zamonaviy kalendar kunlariga ko’ra, ayni shu vaqt – Sada bayrami kunlari turkiy xalqlarda “Ayiq ayrildi” deb nomlangan, ya’ni, shu pallalarda hozir tabiatda yo’qolib ketayotgan tog’ ayiqlari qor ostidagi inlarida o’rinlarida bir ag’darilgan, bahorgi uyg’inishga taraddud ko’rgan.
 
Sada – erta bahordan darak. Dehqonchilikni boshlash mumkin. Navro’z yaqinlashmoqda.
Ravshan Shams,
Xo’jand, Tojikiston
Sada bayrami suratlarda:

Muzlar tezlikda erib borar ekan, Tojikiston ahli xavotirda

Manba: http://prise.odi.org/

Tyan Shan tog’larida… Manba: http://prise.odi.org/

Global haroratning ko’tarilishi nafaqat Antarktida va Grenlandiya, balki Markaziy Osiyo, xususan Tojikiston to’glaridagi muzliklarga ham ta’sir o’tkazmoqda.

O’tgan 20-25 yil orasida Tojikitondagi 40 mingga yaqin muzlikdan 13 mingi qolgan. Mutaxassislar taxminicha, keyingi o’n yil orasida muzliklar yana 20 foizgacha qisqarishi mumkin.

Turkiston tog’lari etagidagi Devashtich nohiyasining Mujun va Mang’it qishloqlarida asosan o’zbeklar istiqomat qiladi va qadimdan chorvadorlik va bog’dorchilik bilan shug’ullanib kelishgan. Mahalliy bog’bonlarning aytishicha, shoir Bobur ko’zini yashnatgan ajoyib G’onchi olmalari hozir ko’hna tarovati va mazasini yo’qotgan.

“Chunki, qishloqlarimizda iqlim o’zgardi. To’g etaklarida qor uzoq saqlanmayapti, bahor o’rtalaridayoq bu yerda qor erib bitmoqda. Bundan 400 yil oldin Bobur qo’shinlari hordiq chiqargan Darxon qishlogi tepalarida may oyida tunda tashqarida qolib bo’lmasdi, hozir esa  fevralda bahor havosi. Bizning olmalarimiz tog’ning kunduzgi oftob issig’yu, tungi salqinidan tob olishgan, maza top’lagan. Kech kuzda yig’ishtirib olingan hosil keyngi yilning may oyigacha daraxtdan yangi uzilgandek saqlangan. Hozir mevalarimiz mart oyi o’rtalariga bormay chiriydi, bahorda qurt tushadi. Bu hammasi issiqlik sabab”, – deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan keksa bog’bon.

Hozir hatto osmono’par Pomir to’glaridan shimolroqda jo’ylashgan Oloy va Tyan-Shan tizma to’glari cho’qqilarida qor kamayib ketgan.

Sug’d viloyat markazi Xo’jand shahrini ikkiga bo’lib oquvchi Sirdaryo qishda yuz yil muqaddam shunday muzlaganki, besh tonnagacha bo’lgan yuk karvonini ko’targan. Daryoning o’ng qirg’og’idagi Mo’g’ultog’da archazor o’rmon bo’lgan. Hozir cho’qqilardagina onda-sonda pastak yovvoyi pistani uchratsangiz uchratasiz, bo’lmasa yo’q. Archazorlar umuman yo’q bo’lib ketgan, faqat yalang’och xarasanglar. Xo’jandda qishning chillasida ham qor kam uchqunlaydi.

Iqlim isishi, haroratning atigi 2-3 gradus ko’tarilishi Tojikiston tog’larida mintaqa daryolarini suv blan ta’minlovchi abadiy muzliklarning tez erishiga sabab bo’ladi, yangi muzliklar paydo bo’lishiga to’sqinlik qiladi.

“Natijada, yana 40-45 yildan so’ng, region aholisi chuchuk suv tanqisligiga uchraydi”, – deb uch yil oldin ogohlantirgan esa Tojikiston rahbari Emomali Rahmon BMTning Tokiodagi sammitida.

Issiqlikning ko’tarilishi keyingi 30 yil orasida vodiydagi dehqonchilikka ham ta’sirini o’tkazib kelmoqda – hosil kamaygan, yer erroziyasi kengaygan, cho’l hududlari ortgan.

Mutaxassilarning aniqlashlaricha, Tojikistondagi Zarafshon va Fedchenko muzliklari 30 yil orasida yuqoriga qarab 50 metrga erib borgan. Bu esa o’z navbatida keyingi 40-50 yil orasida mintaqada kuchli qurg’oqchilikka, daryo quyi oqimi havzalarining cho’lga aylanishiga sabab bo’lishi mumkin. Bu kelajakda kamida 30 milloin aholi hayotiga salbiy ta’sir yetkazadi.

Ravshan Shams

Xo’jand, Tojikiston

Manba: wn.com

Tojikistonda doimiy muzliklar erib bormoqda. Manba: wn.com