Manba: http://prise.odi.org/

Tyan Shan tog’larida… Manba: http://prise.odi.org/

Global haroratning ko’tarilishi nafaqat Antarktida va Grenlandiya, balki Markaziy Osiyo, xususan Tojikiston to’glaridagi muzliklarga ham ta’sir o’tkazmoqda.

O’tgan 20-25 yil orasida Tojikitondagi 40 mingga yaqin muzlikdan 13 mingi qolgan. Mutaxassislar taxminicha, keyingi o’n yil orasida muzliklar yana 20 foizgacha qisqarishi mumkin.

Turkiston tog’lari etagidagi Devashtich nohiyasining Mujun va Mang’it qishloqlarida asosan o’zbeklar istiqomat qiladi va qadimdan chorvadorlik va bog’dorchilik bilan shug’ullanib kelishgan. Mahalliy bog’bonlarning aytishicha, shoir Bobur ko’zini yashnatgan ajoyib G’onchi olmalari hozir ko’hna tarovati va mazasini yo’qotgan.

“Chunki, qishloqlarimizda iqlim o’zgardi. To’g etaklarida qor uzoq saqlanmayapti, bahor o’rtalaridayoq bu yerda qor erib bitmoqda. Bundan 400 yil oldin Bobur qo’shinlari hordiq chiqargan Darxon qishlogi tepalarida may oyida tunda tashqarida qolib bo’lmasdi, hozir esa  fevralda bahor havosi. Bizning olmalarimiz tog’ning kunduzgi oftob issig’yu, tungi salqinidan tob olishgan, maza top’lagan. Kech kuzda yig’ishtirib olingan hosil keyngi yilning may oyigacha daraxtdan yangi uzilgandek saqlangan. Hozir mevalarimiz mart oyi o’rtalariga bormay chiriydi, bahorda qurt tushadi. Bu hammasi issiqlik sabab”, – deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan keksa bog’bon.

Hozir hatto osmono’par Pomir to’glaridan shimolroqda jo’ylashgan Oloy va Tyan-Shan tizma to’glari cho’qqilarida qor kamayib ketgan.

Sug’d viloyat markazi Xo’jand shahrini ikkiga bo’lib oquvchi Sirdaryo qishda yuz yil muqaddam shunday muzlaganki, besh tonnagacha bo’lgan yuk karvonini ko’targan. Daryoning o’ng qirg’og’idagi Mo’g’ultog’da archazor o’rmon bo’lgan. Hozir cho’qqilardagina onda-sonda pastak yovvoyi pistani uchratsangiz uchratasiz, bo’lmasa yo’q. Archazorlar umuman yo’q bo’lib ketgan, faqat yalang’och xarasanglar. Xo’jandda qishning chillasida ham qor kam uchqunlaydi.

Iqlim isishi, haroratning atigi 2-3 gradus ko’tarilishi Tojikiston tog’larida mintaqa daryolarini suv blan ta’minlovchi abadiy muzliklarning tez erishiga sabab bo’ladi, yangi muzliklar paydo bo’lishiga to’sqinlik qiladi.

“Natijada, yana 40-45 yildan so’ng, region aholisi chuchuk suv tanqisligiga uchraydi”, – deb uch yil oldin ogohlantirgan esa Tojikiston rahbari Emomali Rahmon BMTning Tokiodagi sammitida.

Issiqlikning ko’tarilishi keyingi 30 yil orasida vodiydagi dehqonchilikka ham ta’sirini o’tkazib kelmoqda – hosil kamaygan, yer erroziyasi kengaygan, cho’l hududlari ortgan.

Mutaxassilarning aniqlashlaricha, Tojikistondagi Zarafshon va Fedchenko muzliklari 30 yil orasida yuqoriga qarab 50 metrga erib borgan. Bu esa o’z navbatida keyingi 40-50 yil orasida mintaqada kuchli qurg’oqchilikka, daryo quyi oqimi havzalarining cho’lga aylanishiga sabab bo’lishi mumkin. Bu kelajakda kamida 30 milloin aholi hayotiga salbiy ta’sir yetkazadi.

Ravshan Shams

Xo’jand, Tojikiston

Manba: wn.com

Tojikistonda doimiy muzliklar erib bormoqda. Manba: wn.com