Bishkek – global, erkin, ta’mirtalab shahar

Posted September 1st, 2014 at 2:27 am (UTC-5)
1 comment

Sovet davrida Frunze, ungacha esa Pishpek, bugungi kunda esa Bishkek – Qirg’iziston poytaxti – o’tgan o’n yillikda ikki inqilob va qonli, tahlikali namoyishlarga guvoh bo’ldi. Markaziy Osiyoning boshqa biror markazi yaqin o’tmishda bu qadar siyosiy voqealarni boshdan kechirmagan. Biroq Bishkek bir qarashda Sovet davridan beri ko’p o’zgarmagandek. Imoratlar, ko’chalar eskirgan. Kommunizm nishonalarini ko’rasiz atrofda. Qizig’i, globalizatsiya bobida orqada qolmagan. 900 mingga yaqin aholisi bilan Bishkek Qirg’izistonning metropolisi.

Ancha yillardan beri Markaziy Osiyoga qadam bosmagan edim. Ishim va hayotim AQShda asoslangan. Bu yoz ta’tilni, qisqa bo’lsa-da, meni katta qilgan zaminda o’tkazishga qaror qildim. Yo’l uzun. Vashington-Istanbul yo’nalishida 11 soatcha to’xtovsiz uchib, Turkiyaga qo’ndim. Yozda bu yurtga borgan odam dengiz sohillariga qadam qo’ymasa uyat! Yaqinlarim bilan biroz hordiq chiqardim.

Istanbuldan Bishkekka besh soatlarda yetib borasiz. Erta tong. Mintaqada ekanimni derazaga qaraboq bildim: osmon bilan tenglashaman deb turgan azim teraklar. Teraklar… Boshqa biror yerda bu qadar fusunkor, xushmanzara ko’rinmaydi ko’zga.

Manas xalqaro aeroporti ixchamgina. Samolyotdan tushib, avtobusda yo’lovchi qabul qiladigan markazga yetib, pasport tekshiruvidan o’tib, yukimni olgunimcha 10 minutdan kam vaqt ketdi. Umrimda bunday tinch aeroportda bo’lmaganman deb o’yladim.

Chiqqunimcha.

Eshikdan tashqariga qadam qo’yishim bilan olomon yopirildi. Taksi-taksi deb hayqirgan, qo’limdan tortib chetga olib, qayerga ketayapsiz, ketdik, deya undagan erkaklar biror so’zimni eshitmaydi. “Meni kutib olishayapti!” deb qichqira-qichqira ulardan bir amallab qutuldim. Hindistonda o’qib yurgan paytlarimni yodga soldi. Qirg’izistonni bu mamlakat bilan taqqoslash qiyin, ammo yo’lovchiga o’ziga xos o’ljadek munosabatda bo’lish, qanchalik tushunarli holat bo’lmasin, menga Dehli va Bangalordagi manzarani eslatdi.

Bishkekdagi do’stlarimning hikoya qilishicha, 2001-yildan beri Manasda hayot qaynar edi. Manas aslida xalqaro aeroport joylashgan hududning nomi. AQSh bu yerda o’z havo bazasi, keyinchalik tranzit markazi nomini olgan inshootga ega edi. Hozir bu yerlar bo’m-bo’sh. 1000 ga yaqin mahalliy ishchi yangi imkoniyat qidirib ketgan. Shu yili yozga qadar Manasni butkul tark etgan Amerika esa Afg’onistonga qatnaydigan havo vositalarini Ruminiyaga ko’chirgan.

Manas aeroportidan Bishkek markaziga o’rtog’im bilan 300 qirg’iz somiga yetib oldim. 50 som 1 dollar. Hisobini qilavering.

Atrofdan ko’zimni uzmayman. Markaziy Osiyoga yetib kelishim bilanoq o’zimni xuddi bu yerni hech qachon tark etmagandek his qildim. Manzara shu qadar tanishki, go’yo uning o’zi meni hech qachon tark etmagan. Ko’chalarning ikki chetidagi baland daraxtlar, chang, alamini mashinaning gazidan oladigan haydovchilar, yelkasida ketmon bilan dalaga ketayotgan dehqonlar, polizdan yangi terilgan hosilni idishlarga solib yo’l bo’ylab sotayotgan bolalar, tijorat do’konlari, choyxonalar, belgilar. Mintaqada oxirgi marta bo’lganimda xizmat va savdo bu qadar ko’p reklama qilinmayotgan edi. Bugun ulkan plakat va bannerlar – siyosiy, madaniy yoki tijoriy – ko’chadagi manzaraning ajralmas qismi. Ular globalizatsiya timsoli. Globalizatsiya!

Nafaqat Bishkek balki Qirg’izistonning boshqa joylarida ham biror joyda rahbarlarning suratini ko’rmadim. Birdamlik, bag’rikenglik haqida shiorlar osilgan lekin prezident yoki boshqa liderlarning portretlariga ko’zim tushmadi. Qozog’istonda, masalan, prezident Nursulton Nazarboyev aeroportda va hatto samolyotda uchib ketayotganingizda ham sizga qarab turadi.

Bishkekda hayot qaynaydi. Gavjum, tirband va tez. Markaziy Osiyoda eng ko’p siyosiy yangilik sodir etilgan bu shahar aslida ancha eski. Eskirgan. Ko’chalarning xarobligiga qarab, o’nlab yillardan beri tuzatilmagan bo’lsa kerak deysiz. Ikki chetidagi ariqlarda tog’ suvi pishqiradi. Bu jo’shqinlik shaharga qandaydir energiya bag’ishlaydi. Oyog’imga qarab yuray deyman lekin boshqalarning ikki ko’zi telefonda bo’lsa ham rasvo ko’chalardan bemalol ketishayapti.

Shahar mashinaga to’la. Qimmat mashinalarga qarab, shuncha pul qayerdan kelayapti ekan, deb o’ylaysiz. Tanishim tushuntiradi: Yevropa va Osiyo bozorlaridan eski avtomobillar keladi. Ruli chapda bo’lsa, qimmatroq. O’ngda bo’lsa, arzonroq. To’g’risi, shu kungacha biror mamlakatda har ikki tarafda ruli bor mashinalar birdek yurganini ko’rmaganman. Odatda ko’p davlatlarda bunga ruxsat berilmaydi. Chunki yo’l harakati uchun xavf tug’diradi. Lekin bugungi Qirg’izistonda bu muammo emas ekan. Trassada sal qiyinroq, deydi meni aylantirayotgan do’stim, lekin odam bir pasda o’rganar ekan. O’nqir-cho’nqir yo’llari shubhasiz asabimga tekkanini yashira olmay “oldin bu ko’chalarni to’g’rilash kerak, keyin bunaqa beso’naqay, gigant mashinalarni orzu qilsangiz bo’ladi”, deya achchiqlanaman.

Bishkekda yangi imoratlarning aksariyati xususiy uylar va asosan shahardan chetda. Markazda esa Sovet davrida qurilgan kulrang, nuri qolmagan binolar – davlat idoralaridan tortib tijorat markazlarigacha, kasalxonalardan tortib madaniyat va ilm o’choqlarigacha. Mana bu yerdagi foto albomda ko’rasiz.

 

Qirg’iziston poytaxtini, kim bilan gaplashmay, erkin va g’arbona muhit deya ta’riflashadi. Menga ham shunday ko’rindi. Restoranlar, do’konlar, salonlar, xilma-xil xizmat taklif qiladigan bizneslar – zamonaviy. Biroq xizmat sifati ko’p joylarda talabni qondirmaydi. Olsang ol, olmasang katta ko’cha degandek muomala qilishadi. Vaziyat menga yanada salbiy tuyulgan bo’lsa ajabmas chunki Amerikada xaridorga xudodek qarashadi. Yaxshi narsaga tez o’rganadi odam. Men har holda iste’molchi sifatida haqqimni bilaman.

2005 va 2010-yilda prezidentlar ag’darilgan, bir necha qonli voqealarga guvoh bo’lgan shaharda militsiya ko’p ko’zga tashlanmaydi. Sovet davrida barpo etilgan va kamtarin san’at asarlarini o’zida mujassam etgan yashil xiyobonlarni sayr qilar ekansiz, pufakdan zavqlangan bolasining ketidan chopgan ota-onalarning yuzidagi quvonch va yozning issiq kunlarini salqinda muzqaymoq yeb o’tkazayotgan odamlarga qarab ko’nglingiz taskin topadi.

Bishkekda ko’plab xalqaro tashkilotlarning idoralari joylashgan. Markaziy Osiyoning boshqa o’lkalariga kiritilmagan agentliklar bu yerda o’z mintaqaviy ofislariga ega. BMT agentliklaridan tortib huquq va erkinlikni targ’ib qiluvchi guruhlargacha, masalan “Human Rights Watch” va “Transparency International”.

Shahar va uning atrofida sayyohlar ham kam emas. Qirg’iziston 44 davlat fuqarosidan viza talab qilmaydi, jumladan amerikaliklardan. 60 kundan ortiqqa kelayotgan bo’lsangizgina, viza olishingiz kerak. Turizm rivoji haqida hammadan har xil fikr eshitdim. Chet ellik suhbatdoshlarim, Bishkekda anchadan beri yashayotgan xorijliklar nazarida, vaziyat tobora yaxshilanmoqda. Imkoniyatlar juda katta, deydi ular. Qirg’iziston ahli ham tabiiyki shunday fikrda.

Hamkasblar bilan Bishkek yaqinidagi yangi dam olish maskanlaridan biriga bordik. “Supara” deb atalmish restoran-bog’ga. Qirg’iz etnik uslubida bunyod etilgan. Xohlasangiz, o’tovga kirib ovqatlanib, hordiq chiqaring yoki chaylasimon kulbalarda dam oling. Beshbarmoq va qovurdoq singari yog’li taomlar taklif qilinadi. Muzdek ichimliklar, qimizdan tortib shoro degan antiqa suvgacha. To’ylar va tug’ilgan kunlarda odamlar uni ijaraga olar ekan.

Aytgancha, Bishkekda 2-3 kishi yaxshi restoranda o’rtacha 1000-1200 somga ovqatlansa bo’ladi. 20-25 dollar.

Shahar kechqurun haqiqiy zimiston. Hatto markaziy ko’chalar ham qop-qorong’i. Ko’p qavatli binolarga olib kiradigan yo’laklarga qadam bosganimda yuragim qattiq urib ketaverdi. “Nega bunday ahvoldasizlar?” – deya so’rayman tanishimdan. “O’rganib ketganmiz. Sizga shunaqa g’alati ko’rinayapti-da”, – deya javob qiladi u.

Tunu kun, mobil telefon ko’tarmagan va kamida bir qo’li u bilan mashg’ul bo’lmagan odamni ko’rmadim. Hayot shu asbobda. Internetga kirish qiyin emas. Qimmat ham emas. Turar joylarga qarasangiz, avvalo porabolik antennalarni ko’rasiz.

Men bilan gaplashgan qirg’izlar, o’zbeklar va ruslardan birortasi erkinmiz deya maqtanmadi lekin buni aytishga hojat ham yo’q. Odamlar qo’rqmay o’z fikrini izhor eta olishiga qarab baholayverasiz.

Bishkek yaqinidagi Ala Archa tog’ zonasidan qaytar ekanmiz, hamrohim katta yo’l chetidagi dang’illama uylar, bahaybat villalarga qarab, “ana narkotiklardan tushayotgan daromad mahsuli” deydi. Haydovchi esa tog’larga ishora qilib, jilmayadi: “Bizning boyligimiz shu tog’lar, tabiat”.

Haqiqatan shunday. Qirg’iziston tabiiy boyliklari va go’zalligi bilan o’ziga tortadi. Korrupsiya va yulg’ichlik iskanjasida yashaydigan jamiyatda muammolar cheksiz. Besh yarim milliondan oshiq aholiga esa davlatning yalpi milliy daromadi atigi 6-7 milliard dollar orasida. Qo’shnilar bilan qiyoslasak, O’zbekistonniki qariyb 50 milliard va Qozog’istonniki esa 200 milliard dollar. To’g’ri, bu mamlakatlar aholi va ish kuchi jihatidan kattaroq biroq Qirg’izistonda sanoat va infratuzilma ancha orqada qolib ketganini anglash uchun mutaxassis bo’lish shart emas. Uning alomatlari har yerda namoyon. Shunga qaramay bir haftalik safarim davomida odamlardan faqat umid va yaxshi niyatlar eshitdim.

Navbahor Imamova

Bishkek, Qirg’iziston

Avgust, 2014

P.S. O’sh va Jalol-Obod viloyatlarida ham bo’ldim. Qozog’istonning eng yirik shahri Almati ham menda o’ziga xos taassurot qoldirdi. U yerdan yozgan hikoyalarimni ham o’qiysiz degan umiddaman.

One response to “Bishkek – global, erkin, ta’mirtalab shahar”

  1. […] O’sh va Bishkek taassurotlarini ham o’qing. Qozog’istonning eng katta shahri Almati haqida ham hikoyam […]

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

“Yoshlariston” blogi haqida

Ushbu blog – ijodkor, shijoatli va qiziquvchan yoshlar uchun o’zlari yashayotgan jamiyatda ro’y berayotgan muhim voqealar, qolaversa dunyodagi o’zgarishlar haqida fikr va mulohaza bildirish maydoni. Qay yurtda yashamang, bu yerda eksklyuziv surat va videolar ulashib, ularni tomosha qilishingiz mumkin.

Bu sahifani “Yoshlariston” deb bejiz atamadik. Markaziy Osiyoning besh davlati hamda Afg’onistonda aholining aksar qismi yoshlardir. Zamonamiz muammolari va yutuqlarini ular boshqalardan ko’ra yaxshiroq biladi.

Blog rang-barang mavzular uchun ochiq. Siyosatdan tortib, iqtisod va madaniyatgacha… Istagan masalani yoriting, muhokama qiling. Yagona iltimosimiz – bir-birimizni hurmat qilaylik va fikr bildirganda qo’pol so’zlar ishlatmaylik, toki bu maydon hammamizga ma’naviy ozuqa bersin.

Surat, video yoki boshqa turdagi material va xabarlar bo’lsa, biz bilan bog’laning. Siz bilan hamkorlik qilishdan bag’oyat mamnun bo’lamiz. Manzilimiz: uzbek@voanews.com

“Yoshlariston” – yoshlar maydoni. Blogimiz sizga muntazir.

Bo’limlar

Taqvim

September 2014
M T W T F S S
« Aug   Oct »
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930