Paxta terimiga chiqish uchun yoziladigan tilxatlar qonuniymi?

Posted September 22nd, 2013 at 3:40 pm (UTC+0)
Leave a comment

Savol: Talabalarning paxtaga o’z ixtiyori bilan chiqishi haqida bunday tilxat yozishi qanday huquqiy maqomga ega? Talaba tilxatda bergan va’dasining ustidan chiqmasa, paxta terishdan voz kechsa, kollej ma’muriyati mazkur tilxat asosida talabani “jazolashi” mumkinmi?

Javob: Avvalo, tilxat tushunchasi haqida biroz ma’lumot bersak.

Kundalik hayotimizda tilxatlardan juda ko’p foydalaniladi. Qonunchilikda tilxatning ta’rifi berilmagan bo’lsa ham, uni bitim turlaridan biri deb aytish mumkin. Tilxatlar bir taraflama tuzilgan bitim hisoblanadi. Chunki uni tuzish uchun bir tarafning xohishi zarur va yetarli bo’ladi. Bitimlar ba’zi holatlarda haqiqiy emas deb hisoblanadi. Masalan, qonun hujjatlari talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitimlar (FK, 116-modda), o’n to’rt yoshga to’lmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimlar (FK, 117 modda) va o’n to’rt yoshdan o’z sakkiz yoshgacha bo’lgan voyaga yetmagan shaxslar bitimlarni ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylari roziligisiz (FK, 118 modda) tuzgan holatda haqiqiy hisoblanmaydi. Shu bilan birga, aldash, zo’rlik, qo’rqitish, shuningdek, fuqaro og’ir holatlar yuz berishi tufayli o’zi uchun o’ta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur bo’lgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qo’lgan bitim (asoratli bitim) jabrlanuvchi da’vosi bilan sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin. Bitim haqiqiy bo’lmaganda, taraflarning har biri bitim bo’yicha olgan hamma narsani ikkinchi tarafga qaytarib berishi kerak. Olingan narsani asl holida qaytarib berish mumkin bo’lmaganida esa, uning qiymatini pul bilan to’lashi shart bo’ladi.

Audio clip: Adobe Flash Player (version 9 or above) is required to play this audio clip. Download the latest version here. You also need to have JavaScript enabled in your browser.

Qonunchilikda tilxat ta’rifi berilmagan bo’lsa ham, unga nisbatan bitim qoidalarini qo’llash mumkin. Tilxatning asosiy mazmuni shundaki, u majburiyatlarni tartibga soladi. Bir tomon ikkinchi tomonga nisbatan ma’lum majburiyatlar bajarishni o’z zimmasiga oladi (masalan, mulkni topshirish, ishni bajarish, xizmat ko’rsatish, pul to’lash va hkz.). Masalan, Fuqarolik Kodeksining 257-moddasiga ko’ra, kreditor majburiyatning bajarilishini qabul qilib olgan vaqtida, qarzdorning talabi bilan unga majburiyatlarning to’la yoki qisman bajarilishini qabul qilib olganligi haqida tilxat berishi shart. Bunda, taxminan, tilxatning matni quyidagicha yozilishi mumkin:

“Qarzdor mendan shu kuni shu miqdorda olgan qarzini shu kuni to’la qaytardi.”

Tilxat Jinoyat-Protsessual Kodeksida ham tilga olingan. Kodeksning 250-moddasiga binoan, ayblanuvchi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki suddan yashirinmaslik haqida bergan yozma majburiyatni tilxat bilan ifodalaydi.

Tilxatning kundalik hayotda juda ko’p qo’llaniladigan yana bir turi mavjud. Bunday tilxatlardan, ko’pincha, xo’jalik yuritishda foydalaniladi. Masalan, dalada qo’shimcha chopiqni amalga oshirish uchun traktorchi dehqon xo’jaligidan “falonchi raqamli traktorni chopiq uchun 2 kunga qabul qilib oldim va shu kuni qaytaraman”, deb tilxat yozib berishi mumkin. Bu kabi holatlarda tilxat bir tomonlama tuzilgan hujjat bo’lib, ma’lum ma’muriy-huquqiy majburiyatlar yuzaga kelganligini tasdiqlovchi asos bo’lib xizmat qiladi.

Paxta terimiga chiqishni va’da beruvchi tilxatlarga keladigan bo’lsak, bunday tilxatlar hech qanday huquqiy maqomga ega emas. Tilxatni yozib bergan talaba tilxatda tilga olingan “burch va majburiyatlardan” istagan vaqtida bir taraflama voz kechishi mumkin.

Birinchidan, fuqarolarning burch va asosiy majburiyatlari O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyada belgilab berilgan. Konstitutsiyaning XI bobi “Fuqarolarning burchlari” deb nomlanib, O’zbekiston Respublikasini himoya qilish har bir fuqaroning burchidir, deyilgan (52-modda). Bundan tashqari mazkur bobda asosiy majburiyatlar haqida ham gap ketadi va ular orasiga Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish, boshqa kishilarning huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish va soliq to’lash kabi majburiyatlar sanab o’tilgan (48–51-moddalar). Bular orasida,  tabiiyki, majburiy mehnatga chiqish yoki paxta terish majburiyati belgilanmangan. Shuning uchun O’zbekiston fuqarolari , xususan, maktab o’quvchilari, kollej va universitet talabalari, paxta terishga majbur emaslar. Bunday majburiyat O’zbekiston Respublikasining bironta qonunchiligida nazarda tutilmagan. Bunday majburiyatni o’quvchilar yoki talabalar tilxat yozish orqali ham o’z zimmalariga olishlari mumkin emas. Aksincha, tilxat zo’rlik yoki qo’rqitish bilan yozdirilgan taqdirda, kollej ma’muriyatini majburiy mehnatda ayblab, tegishli davlat organlariga shikoyat qilish kerak.

Ikkinchidan, o’n to’rt yoshdan o’z sakkiz yoshgacha bo’lgan voyaga yetmagan shaxslar bitimlarni, mazkur mavzuda paxta terish haqidagi tilxatlarni, ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylari roziligi bilan berishlari kerak. Mazkur talabga rioya etilgan taqdirda ham, paxta terish haqidagi tilxatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq kelmaydigan majburiyatlarni yaratgani uchun haqiqiy hisoblanmaydi. O’zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish Vazirligi va Sog’liqni saqlash vazirligining 2009-yil 26-iyundagi 33Q/B; 13-sonli qaroriga Ilova sifatida “O’z sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qo’llanishi taqiqlangan noqulay mehnat sharoitlari ishlari” Ro’yxati qabul qilingan bo’lib, undagi taqiqlangan mehnat turlari qatoriga “paxtani qo’lda terish” ham kiritilgan (XXXVIII bobga qarang).

Demak, paxtani qo’lda terish ishlarida 18 yoshdan kichik bo’lgan shaxslarning mehnatidan foydalanish taqiqlanadi. Bunday holatda 18 yoshga to’lmagan kishi o’z xohishi bilan paxta terimiga chiqishi mumkinligi haqida gap ham bo’lishi mumkin emas. Qolaversa, 2008-yil 12-sentabrda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh to’g’risidagi konvensiyani hamda bolalar mehnatiing og’ir shakllarini taqiqlash va yo’q qilishga doir shoshilinch choralar to’g’risidagi konvensiyani amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” Qarori va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 26-martda qabul qilgan “O’zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan zo’rlab ishlatish yoki majburiy mehnat to’g’risidagi konvensiyani hamda bolalar mehnatining og’ir shakllarini taqiqlash va yo’q qilishga doir shoshilinch choralar to’g’risidagi konvensiyani 2012-2013-yilllarda amalga oshirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar haqida” Qarorining mazmunidan kelib chiqiladigan bo’lsa, umumta’lim maktablari, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilish va bunday mehnatdan foydalanish taqiqlanadi.

Aksincha, agar shunday tilxatlar kollej talabalariga majburlab yozdirilayotgan bo’lsa, talabalar kollej rahbariyatini O’zbekiston qonunlarida taqiqlangan majburiy mehnatga majburlashda ayblab, tegishli davlat organlariga (masalan, prokuratura va sudga) murojaat qilishlari kerak. Shu mazmunda yozilgan tilxat talabani kursdan-kursga o’tkazmaslikka asos bo’lib xizmat qilishi mumkin emas. Agar kollej rahbariyati talabani shunday deb qo’rqitayotgan bo’lsa, bu ham o’z xohishiga qarshi mehnat qilishga majburlash turi bo’lib, talaba zudlik bilan tegishli davlat organlariga shikoyat qilishi kerak.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

September 2013
M T W T F S S
« Aug   Oct »
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30