Militsiya tadbirkor ishiga aralashishi mumkinmi?

Posted September 30th, 2013 at 2:24 am (UTC+0)
Leave a comment

Savol: Tadbirkor faoliyatini militsiya tekshirishi mumkinmi? Umuman, tadbirkorlik subyektlarini kimlar va qachon tekshirish huquqiga ega?

Javob: Mahalla militsiya noziri xususiy tadbirkor faoliyatiga har qanday tartibda aralashishga haqqi yo’q.

O’zbekiston Respublikasining Xo’jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to’g’risidagi qonuniga ko’ra, tekshirishga ruxsat berilganligi to‘g‘risidagi maxsus guvohnoma yoki shaxsiy guvohnomaga ega bo’lgan nazorat qiluvchi organlarning xodimlarigina xususiy tadbirkorlar faoliyatini tekshirish huquqiga ega.

[AUDIO: Militsioner tabdirkor faoliyatiga aralashishi mumkinmi?]

Kichik tadbirkorlik sub’yektlari va fermer xo‘jaliklarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko‘pi bilan to‘rt yilda bir marta, boshqa tadbirkorlik sub’yektlarining moliya-xo‘jalik faoliyatini rejali tekshirishlar ko‘pi bilan uch yilda bir marta amalga oshiriladi.

Qonunning 101-moddasiga ko’ra, yangi tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub’ektlari va fermer xo‘jaliklarining moliya-xo‘jalik faoliyati ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran dastlabki uch yil mobaynida rejali tekshirishlardan mutlaqo ozod qilinadi.

Nazorat qiluvchi organ rejali tekshiruv o‘tkazishning boshlanishi haqida tekshiruvni o‘tkazish boshlanishidan kamida o‘ttiz kalendar kun oldin tadbirkorlik sub’yektini tekshiruvdan o‘tkazish muddatlari va predmetini ko‘rsatgan holda, yozma shaklda xabardor qilishi shart.

Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini rejadan tashqari tekshirish uchun maxsus vakolatli organning tekshirilayotgan ob’yekt nomini, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami, tekshiruv o‘tkazish maqsadi, muddatlari hamda uni o‘tkazish sabablarining asosliligi ko‘rsatilgan holda rejadan tashqari tekshirish o‘tkazish to‘g‘risida chiqargan qarori, shuningdek, tekshirishni amalga oshiruvchi tegishli mansabdor shaxslar tarkibi va tekshiruvni o‘tkazish muddatlari ko‘rsatilgan buyrug‘i bo’lishi kerak.

Rejadan tashqari tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan quyidagi hollarda o‘tkazilishi mumkin:

tekshiruvlarni o‘tkazish zarurati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlaridan kelib chiqqanda;

nazorat qiluvchi organga xo‘jalik yurituvchi sub’yekt tomonidan qonunlar va boshqa qonun hujjatlari buzilganligi to‘g‘risida qo‘shimcha ma’lumotlar kelib tushganda;

favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldi olinayotganda;

sanitariya-epidemiologiya vaziyati murakkablashganda, shuningdek, qo‘shni davlatlardan yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishi ehtimoli vujudga kelganda.

Qonunning 9-moddasiga ko’ra, xo’jalik yurituvchi sub’yekt bilan bog’liq jinoyat ishi ochilganda, prokuratura, ichki ishlar va milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan ham tekshiruv o’tkazilishi mumkin. Ammo buning uchun tekshiruvni o’tkazish haqida maxsus qaror chiqarilgan bo’lishi va bu qarorda faqat qo’zg’atilgan jinoyat ishi bilan bog’liq faoliyat tekshirilishi ko’rsatilgan bo’lishi kerak.

Demak, do’koningizni tekshirish uchun kelgan har qanday shaxsdan, avvalo, tekshirish uchun ruxsati bor-yo’qligini va bu tekshiruv nima uchun ekanligini so’rashingiz kerak. Agar siz noqonuniy tekshiruv o’tkazilayotganini payqasangiz yoki bu tekshiruv yuqorida ko’rsatilgan tartib va shartlar bilan o’tkazilmayotgan bo’lsa, ular ustidan bevosita prokuraturaga, sudga yoki bo‘ysunish tartibida yuqori turuvchi organga yoxud ular ishini boshqaruvchi mansabdor shaxsga shikoyat qilishingiz mumkin.

Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

Militsiya ustidan shikoyat qilish tartibi haqida batafsil ma’lumotni “Militsiya ustidan qayerga shikoyat qilish mumkin?” nomli maqolamizdan topishingiz mumkin.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

September 2013
M T W T F S S
« Aug   Oct »
 1
2345678
9101112131415
16171819202122
23242526272829
30