Hunarmand tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tishi kerakmi?

Posted November 3rd, 2013 at 4:26 pm (UTC+0)
Leave a comment

http://tashabbus.uz/wp-content/uploads/2013/02/remesla_ferghana_3_-610x259.jpg

Savol: Men hunarmandman, ya`ni xaridorning didi va xohishiga mos ravishda mebel yasayman. Savolim shuki, shu ishimni qonunan qanday rasmiylashtirsam bo’ladi? Mendan nimalar talab qilinadi? Qanday soliqlar to’layman? Oilaviy shu ish bilan shug’ullanamiz. Oilaviy biznes sifatida rasmiylashtirsam bo’ladimi?

Audio clip: Adobe Flash Player (version 9 or above) is required to play this audio clip. Download the latest version here. You also need to have JavaScript enabled in your browser.

Javob: O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan “Yuridik shaxs tashkil etmasdan oilaviy tadbirkorlikni va hunarmandchilik faoliyatini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM”ga ko’ra, oilaviy tadbirkorlik yoki hunarmandlik faoliyati bilan shug’ullanish uchun yuridik shaxs sifatida ro’yxatdan o’tish shart emas.

Oilaviy tadbirkorlik hamda hunarmandchilik faoliyati sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishning qonun hujjatlarida belgilangan tartibiga muvofiq amalga oshiriladi.

Oilaviy tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yakka tartibdagi tadbirkorni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi, unda yakka tartibdagi faoliyatning oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshirilishi, shuningdek birgalikdagi tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi oila a’zolari ko‘rsatiladi.

Oilaviy tadbirkorlik sub’yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda oilaviy tadbirkorlik sub’ekti nomidan er-xotindan biri ulardan bittasining notarial tasdiqlangan roziligiga ko‘ra ish ko‘radi.

Hunarmandchilik faoliyati sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risida beriladigan guvohnomada hunarmandchilik faoliyati yo‘nalishlari ko‘rsatiladi.

“Hunarmandchilik faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, hunarmandlar tomonidan ishlab chiqariladigan buyumlar va tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlari RO‘YXATI”ga ko’ra, mebellarni bezash (mebellarni gazlama materiallar bilan qo‘lda bezash‎) va avtorlik mebellarini tayyorlash (dekorativ-amaliy san’at buyumlariga taalluqli bo‘lgan mebellar, komplektlar va alohida buyumlar)‎ hunarmandlik faoliyati sub’yetki sifatida ro’yxatdan o’tish uchun asos bo’ladigan faoliyat turlari sifatida ko’rsatilgan. Demak, siz qiladigan shu turdagi hunarmandlik faoliyatiga aloqador bo’lsa, oilaviy tadbirkor yoki hunarmandlik sub’yekti sifatida ro’yxatdan o’tishingiz mumkin.

Shuningdek, “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug’ullanishi mumkin bo’lgan faoliyat turlari ro’yxatini tasdiqlash to’g’risida”gi qaroriga ilova qilingan ro’yxatda mebelni yig‘ish va ta’mirlash‎, mebel dizayni bo’yicha xizmatlar yuridik shaxs tashkil etmasdan, balki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida shug’ullanish mumkin bo’lgan faoliyat turlari sifatida belgilangan. Ammo ushbu ro’yxatda ko’rsatilmagan ishlab chiqarish yoki boshqa turdagi faoliyat bilan shug’ullanish uchun yuridik shaxs sifatida ro’yxatdan o’tish lozim.

Oilaviy tadbirkor yoki hunarmand sifatida ro’yxatdan o’tish yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tish tartibi bilan bir xil.

“Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM”ga ko’ra, yakka tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun jismoniy shaxs o‘z yashaydigan tuman va shahar hokimligi huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasiga shaxsan kelgan holda yoki pochta xizmati orqali davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim etadi. Arizada oilaviy tadbirkor yoki hunarmandlik sub’yekti sifatida ro’yxatdan o’tish niyatida ekaningizni ko’rsatishingiz mumkin.

Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

3×4 sm o‘lchamdagi ikkita fotosurat;

davlat bojining belgilangan miqdori to‘langanligi haqidagi bank to‘lov hujjati;

ikki nusxada muhr va shtamp eskizlari (ixtiyoriy);

pasport nusxasi.

Ro’yxatdan o’tkazuvchi organ ikki ish kuni ichida arizani ko’rib chiqib, jismoniy shaxsni ro’yxatga olish yoki asoslangan tarzda arizani rad etish haqida qaror chiqarishi kerak.

Agar ariza rad etilsa, qonun hujjatlarida ko’rsatilgan tartib bo’yicha yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilish mumkin.

Tadbirkor sifatida ro’yxatga olinganda, soliq organi yakka tartibdagi tadbirkor, oilaviy tadbirkor yoki hunarmandga soliq to’lovchining identifikatsiya raqamini beradi. Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq to‘lovchi hisobga qo‘yilganda unga beriladigan raqamdir.

Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami muayyan soliq to‘lovchiga bir marta beriladi. Soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami o‘zgarmaydi va bekor qilinganidan keyin boshqa soliq to‘lovchiga berilmaydi.

Ro‘yxatdan o‘tkazish va ruxsat berish tartib-qoidalari tugagandan keyin ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ belgilangan muddatda yakka tartibdagi tadbirkorga yakka tartibdagi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani, shuningdek, agar yakka tartibdagi tadbirkor olishni xohlagan bo’lsa, ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning muhri bilan tasdiqlangan muhr va shtamp eskizini beradi.

Soliq kodeksining 373-moddasiga ko‘ra, yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘z faoliyatini amalga oshirish doirasida tegishli ravishda qat’iy belgilangan soliq bilan bir qatorda bojxona to‘lovlari (eksport-import operatsiyalari amalga oshirilganda), yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliqlar va maxsus to‘lovlar (yer qa’ridan foydalanilganda), suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq (suv resurslaridan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilganda), aktsiz solig‘i (aktsiz to‘lanadigan mahsulot ishlab chiqarilganda), byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari, davlat boji, avtotransport vositalarini olganlik va (yoki) vaqtinchalik olib kirganlik uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlarni ham to‘laydilar. Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor soliq solinadigan mol-mulkka va (yoki) yer uchastkasiga ega bo‘lsa, odatdagidek, jismoniy shaxslardan undiriladigan mol-mulk va yer solig‘ini to‘lash majburiyatini ham o‘z zimmasida saqlab qoladi.

Ish beruvchilar tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga majburiy badallarni qo‘shish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi nizomga (Adliya vazirligi tomonidan 2005-yil 6-oktabrda 1515-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlar jamg‘arib boriladigan pensiya tizimida ixtiyoriylik asosida qatnashadilar.

Agar yakka tartibdagi tadbirkor ba’zi sabablarga ko‘ra o‘z faoliyatini muayyan muddatga to‘xtatib tursa, tadbirkorlik sub’ektini davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organga bu haqda ariza bilan murojaat etishi kerak. Bunda davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma ham vaqtincha topshiriladi va tadbirkor vaqtincha faoliyat yuritmagan davr uchun qat’iy belgilangan soliqni hisoblash to‘xtatib turiladi.

Demak, siz doimiy yashab turgan tuman yoki shahar hokimiyatining Tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish inspeksiyasiga borib yoki pochta orqali oilaviy tadbirkorligingizni davlat ro’yxatidan o’tkazishingiz mumkin.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

November 2013
M T W T F S S
« Oct   Feb »
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930