Qotillar ham amnistiyaga tushadimi?

Posted February 23rd, 2014 at 11:29 pm (UTC+0)
Leave a comment

http://www.juristendialog.de/files/2012/12/Konstitutsiya.jpgSavol: Bir yil muqaddam opamni qasddan o’ldirib ketishdi. Qotil esa mening pochcham. Qotil 22 yil muddatga qamaldi. Ma’lumki, har yili yurtimizda amnistiya e`lon qilinadi. Kimlar amnistiyaga tushadi-yu kimlar tushmaydi, iltimos, shu haqda ma`lumot bersangiz. Ushbu holatda opamning qotili amnistiyaga tushishi mumkinmi ? Yana bir savol. Opamning bir o`g`il va bir qizini biz o`z qaramog`imizga oldik. O`sha qotil otalik huquqidan ozod qilinishi mumkinmi? Iltimos,  shu savollarga oydinlik kiritsangiz.

Javob: “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to’g’risida”gi Qonunida qanday turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga amnistiya berilishi belgilangan.

Qonunga ko’ra, opangizning qotili amnistiya akti asosida jazodan ozod qilinmaydi. Chunki qotil o’ta og’ir jinoyat sodir etgan va uzoq muddatli jazoga mahkum etilgan. Bundan tashqari, agar biron bir jinoyatchi Amnistiya to’g’risidagi qonunga ko’ra jazodan ozod etilishi mumkin bo’lsa ham, jazoni ijro etish muassasalari mahkumning qat’iy tuzalish yo’liga o’tganligini va boshqa jihatlarni inobatga oladi. Barcha mahkumlar ham tuzalish yo’liga o’tmagan bo’lishi mumkin.

AUDIO:

 

Qonuning 7-bandi “b” qismida  qaddan sodir etgan jinoyati uchun 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilinganlarning o’talmay qolgan jazo muddati 4 dan 1 qismiga qisqartirilsin, deyilgan. Demak, yangi amnistiya aktiga ko’ra, opangiz qotilining jazo muddati qisqaradi. Qancha muddatga qisqarishi esa jazoning qancha qismini o’tab bo’lganligiga bog’liq. Masalan, taxminan 22 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosining 1 yilini o’tab bo’lgan bo’lsa, qolgan 21 yilining 4 dan bir qismi, ya’ni 5 yilu 4 oy miqdorida jazo muddati qisqaradi. Demak, 22 yildan 5 yil va 4 oyni olib tashlasak, 16 yil 9 oy jazo muddatiga o’zgartiriladi hamda bu 15 yil va 9 oydan so’ng ozodlikka chiqadi, degani.  Ushbu hisoblashdagi natijalar opangiz qotilining jazo muddatini qisqartirishdagi natijalardan farqli bo’lishi mumkin. Chunki bizga mahkum jazoning qancha muddatini o’tab bo’lgani aniq oylar hisobida ma’lum emas.

Oila Kodeksining 79-moddasiga ko’ra, shaxs o‘z bolalarining hayoti yoki sog‘lig‘iga yoxud eri (xotini)ning hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi qasddan jinoyat sodir qilgan bo‘lsa, ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi mumkin.

Ota-onalik huquqidan mahrum qilish to‘g‘risidagi ishlar ota (ona)ning (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning), prokurorning, shuningdek, voyaga yetmagan bolalarning huquqlarini himoya qilish majburiyati yuklatilgan organ yoki muassasalarning (vasiylik va homiylik organi, voyaga yetmaganlar ishlari bilan shug‘ullanuvchi komissiyalar, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar muassasalari hamda boshqa muassasalarning) da’vosiga binoan ko‘riladi.

Demak, qotilni otalik huquqidan mahrum qilish uchun jiyanlaringizning vasiylari (ota-onangiz yoki jiyanlaringiz kim bilan yashayotgan bo’lsa, o’shalar) o’zlari yashab turgan tuman fuqarolik ishlari bo’yicha sudiga qotilni otalik huquqidan mahrum qilishni so’rab murojaat qilishi lozim.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

February 2014
M T W T F S S
« Nov   Mar »
 12
3456789
10111213141516
17181920212223
2425262728