Vaqtinchalik xorijga chiqqan fuqaro doimiy yashovchi sifatida ro’yxatdan o’tishi mumkinmi?

Posted March 24th, 2014 at 5:08 am (UTC+0)
1 comment

Savol: Men O’zbekistondan xorijiy davlatga talaba vizasi hamda O’zbekistonning ikki yillik OVIRini olib chiqqanman. Hozir xorijda doimiy yashovchi hujjatim mavjud. O’zbekiston konsulligidan doimiy yashovchi shaxs sifatida ro’yxatdan o’tmoqchi bo’lsam, konsullik O‘zbekistonga borib, u yerdan doimiy OVIR olib keling, shundagina konsullikka doimiy yashovchi shaxs sifatida ro’yxatga qo’yamiz, dedi. Xorijiy davlatda doimiy yashovchi maqomim bo’lgan holda, nega endi O‘zbekistonga qaytib borib hujjatlarni to’g’rilashim kerak, axir bu konsullikning ishi emasmi?

AUDIO:

Javob: Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 6-yanvardagi 8-son qaroriga 1-Ilova sifatida tasdqilangan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining chet elga chiqishi va O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirishi Tartibining II bo‘lim,  6-bandiga ko‘ra,  vaqtincha yashash uchun chet elga ketgan, u yerga oshkora kelgan va chet elda doimiy yashashga qaror qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari doimiy yashashga ruxsatnomani rasmiylashtirish uchun belgilangan shakldagi hujjatlar bilan O‘zbekiston Respublikasining tegishli konsullik muassasasiga murojaat qiladilar. Konsullik muassasasi fuqarolarni chet elda doimiy yashovchi sifatida ro’yxatdan o’tkazish bilan bog’liq hujjatlarini rasmiylashtiradi va masalani belgilangan tartibda kelishish uchun hujjatlarni Tashqi ishlar vazirligi orqali Ichki ishlar vazirligiga yuboradi.

Yuqoridagi bandda e’tibor berish lozim bo’lgan muhim jihat shuki, fuqaro xorijiy davlatga oshkora kelgan, ya’ni barcha hujjatlarni to’g’ri rasmiylashtirgan holda mamlakatdan qonuniy yo’l bilan chiqqan bo’lishi kerak.

Xuddi shunday savolga O’zbekiston Respublikasi Tashqi Ishlar Vazirligining O’zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun konsullik xizmatlari interaktiv veb sahifasida ham javob berilgan bo’lib, u yerda, jumladan, shunday deyiladi:

Vakolatli organlarining qisqa muddatga xorijga chiqish bo’yicha ruxsatini olgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari O`zbekiston Respublikasining xorijdagi konsullik idoralariga xorijda doimiy yashab qolish uchun ruxsatnoma olish borasida murojaat etishlari mumkin, faqat bunda arizachilar o`zlari turgan mamlakatda qonuniy maqomda istoqomat qilatyotgan bo`lishlari shart.

Buning uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etish zarur:
• Erkin tarzda yozilgan ariza;
• Belgilangan shakldagi anketa-ariza (konsuldan olinadi);
• Pasportning barcha varaqlaridan (shu jumladan, bo`sh varaqlardan) olingan nusxa;
• Tug`ilganlik to`g`risida guvohnoma (yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasi);
• 14 yoshdan 18 yoshgacha farzandlari bo`lsa va ular ota-onalari (yoki ulardan birontasi) bilan xorijdagi doimiy turar-joyga chiqib ketishga rozi bo`lsa, ularning ariza shaklidagi notarial tasdiqlangan roziliklari;
• Nikoh to`g`risidagi guvohnoma (yoki uning notarial tasdiqlangan nusxasi);
• Ota-onalarning, shuningdek ,erning (xotinning) notarial tasdiqlangan roziliklari (agar ular vafot etgan bo`lsa – vafotini tasdiqlovchi hujjatlar);
• Erning (xotinning) voyaga yetmagan farzandlar bilan birga chiqish uchun hujjatlarini rasmiylashtirishda, xotinning (erning) notarial tasdiqlangan roziligi bo`lishi shart (hatto ota-ona nikohi qayd etilmagan bo`lsa ham);
• 6 ta fotosurat (shuningdek, farzandlar ham birga rasmiylashtirilayotgan holda, har bir farzand uchun ham);
• Konsullik yig`imi, hamda amaldagi xarajatlarni qoplash yig`imi to`langanligi to`g`risidagi pattaning nusxasi;
• Boshqa hujjatlar (O`zbekiston Respublikasining vakolatli idoralari so`roviga muvofiq).

Demak, xorijga vaqtincha yashashga kelgan, O’zbekistondan vaqtinchalik (2 yillik) OVIR vizasi bilan chiqqan hamda xorijiy davlatda doimiy yashovchi maqomini qo’lga kiritgan fuqarolar O’zbekiston konsullik muassasalarida doimiy yashovchi sifatida ro’yxatdan o’tishi mumkin.

Xorijda doimiy yashovchi fuqaro sifatida ro’yxatdan o’tishning bir qator afzalliklari bo’lib, jumladan, siz pasport yangilash kabi hujjatli ishlarni O’zbekistonga bormasdan turib amalga oshirishingiz mumkin. Shuningdek, xorijda doimiy yashovchi O’zbekiston Respublikasi fuqarolariga  doimiy muddatga OVIR beriladi. Bundan tashqari, O’zbekistonga besh yildan ziyod muddat davomida tashrif buyurmasangiz yuzaga chiqishi mumkin bo’lgan fuqarolikni boy berish xavfidan ham holi bo’lasiz.

Agar konsullik xodimlari sizga bunday xizmat ko’rsatishdan bosh tortsa, yuqorida keltirilgan qonuniy hujjat bandi hamda Tashqi Ishlar Vazirligining veb sahifasidagi javobni konsullik xodimiga ko’rsating va huquqlaringizni talab qiling. Bu ish natija bermasa, konsullik xodimi ustidan konsulxona rahbari yoki Bosh konsul yoxud xorijiy davlatdagi O’zbekiston Elchisiga shikoyat qiling. Shikoyatlaringizga ijobiy javob olmasangiz, Tashqi Ishlar vazirligiga konsullik xodimi yoki muassasasining ustidan shikoyat qilishingiz mumkin.

One response to “Vaqtinchalik xorijga chiqqan fuqaro doimiy yashovchi sifatida ro’yxatdan o’tishi mumkinmi?”

  1. sherife says:

    Men 2011 yil may oyida turkiyaga keldim.oma 2015 oktyabr oyida pasportimi yuqotib quydim.2016 aprelda uzbekistonga qaytmoqchiman.bundan oldin uzbekistonga hech ham bormadim.bunga qanday jazo quyilishi mumkin.iltimos savolimi javobsiz quymaysiz degan umiddaman.maslahatingizga ihtiyojim bor

Leave a Reply to sherife Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

March 2014
M T W T F S S
« Feb   May »
 12
3456789
10111213141516
17181920212223
24252627282930
31