O’zbekiston o’z fuqarosini ekstraditsiya qilishi noqonuniy

Posted May 16th, 2014 at 3:40 pm (UTC+0)
Leave a comment

13-may kuni Pushkino temiryo’l bekatida joylashgan bozorga kiraverishda 22 yoshli Leonid Safyannikov boshiga yetkazilgan jarohat natijasida kasalxonaga olib borilgan va o’sha yerda vafot etgan. Dastlabki tergov natijalariga ko’ra, Leonid bozorga kiraverishda o’z mashinasi bilan o’tish yo’lini to’sib turgan. Chiqib kelayotgan mashina ichida ikki O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bolgan. Kelishmovchilik natijasida o’rtada janjal chiqqan va O’zbekiston fuqarolaridan biri Leonidning boshiga urishi natijasida, u jiddiy jarohat olgan va shuning oqibatida kasalxonada vafot etgan.

O’zbekiston fuqarolari jinoyat joyidan g’oyib bo’lishgan. Ulardan biri, 25 yoshli Jahongir Ahmedov o’sha kuniyoq Rossiyani tark etib, O’zbekistonga uchib kelgan. So’nggi OAV ma’lumotlarga ko’ra, u Rossiyaga qaytib kelgan. Mazkur qarorga Jahongir o’z ixtiyori bilan kelganmi yoki huquq-tartibot organlarining majburlovi natijasida bo’lganmi, bu haqda aniq ma’lumot yo’q.

Agar Rossiya talabi bilan Jahongir majburan Rossiyaga jo’natilgan bo’lsa, quyidagi ikki assoiy sababga ko’ra, O’zbekiston hukumati uni Rossiyaga ekstraditsiya qilmasligi kerak edi.

1. Jahongir Ahmedov O’zbekiston Respublikasi fuqarosi

Jahongir Ahmedov O’zbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi. Mazkur holat O’zbekiston hukumati zimmasiga o’ziga xos majburiyatlarni yuklaydi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-moddasiga binoan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdirlar. Fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir. Konstitutsiyaning 22-moddasiga ko’ra esa, O’zbekiston Respublikasi o’z hududida ham, uning tashqarisida ham o’z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko’rsatishni kafolatlaydi.

O’zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 12-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston fuqarosi chet el davlati hududida sodir etgan jinoyati uchun, agar xalqaro shartnomalar yoki bitimlarda boshqacha hol nazarda tutilmagan bo‘lsa, o’sha davlat huquq-tartibot organlariga ushlab berilishi mumkin emas (xalqaro shartnomalar ham Jahongirning ekstraditsiya qilinishini taqiqlashi haqida quyida o’qing). Albatta, bu Jahongir javobgarlikdan ozod qilinishi kerak, degani emas. Agar gumon qilinayotgan jinoiy qilmishi isbotlansa, belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi kerak. Ammo bunday jazoni u O’zbekiston fuqarosi sifatida o’z vatanida o’tash huquqiga ega.

Rossiya Federatsiyasi (Rossiya) qonunchiligi ham o’z fuqarolarini boshqa davlatga berib yuborishni taqiqlaydi. Masalan, Rossiya Konstitutsiyasining 61-moddasida Rossiya fuqarosi boshqa davlatga chiqarib yuborilishi yoki ushlab berilishi mumkin emas degan qoida mavjud. Rossiya Jinoyat Kodeksining 13-moddasiga ko’ra, Rossiya fuqarolari, chet elda sodir etgan jinoyatlari uchun, u davlatga berib yuborilishi mumkin emas.

O’z fuqarosini boshqa davlatga berib yubormaslik siyosatini Braziliya, Germaniya va Fransiya kabi boshqa davlatlarda ham kuzatish mumkin.

2. Jahongir Ahmedovni Rossiyaga ekstraditsiya qilish orqali O’zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarda belgilangan majburiyatlarini buzadi

O’zbekiston Respublikasi BMTning Qiynoqlarga qarshi Konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. Ratifikatsiya qilish orqali, davlatlar xalqaro hujjat me’yorlarini bajarish majburiyatini o’z zimmasiga oladi. Qiynoqlarga qarshi Konvensiyaning 3-moddasiga ko’ra, mazkur shartnomani ratifikatsiya qilgan davlat biron-bir kishini, qiynoq qo’llanishi xavfi bor deb ishonishga jiddiy sabablar bor bo’lganda, boshqa davlatga berib yuborishi mumkin emas. Bunday holat mavjudligini aniqlashda davlat masalaga aloqador barcha holatlarni e’tiborga olishi kerak. Jumladan, berib yuboriladigan davlatda qiynoqlarning keng qo’llanilishi va umuman olganda inson huquqlarining qo’pol ravishda buzilishi holatlari inobatga olinishi lozim.

Rossiyada esa qiynoqlar keng qo’llaniladi. Odil sudlov va huquq-tartibot organlari faoliyatida ham jiddiy muammolar mavjud. Bu davlatning huquq-tartibot organlari markaziy osiyoliklarni yetarlicha himoya qilmasligi, ularga nisbatan ayirmachilik siyosati qo’llanilishi ko’p ishlarda o’z isbotini topgan. Rus millatiga mansub radikal millatchilar tomonidan o’zga millat vakillariga qarshi turli jinoyatlarning oshkora sodir etilayotgani bu davlatda huquqiy himoyaning to’kis ta’minlanmaganidan dalolat qiladi.

Har yili radikal millatchilar qo’lidan yuzlab kishi jiddiy jarohat oladi. “INTERFAX”ning xabar berishicha, 2013-yilda millatchilar qo’lidan 20 kishi o’lgan, 173 kishi jarohat olgan. Qurbonlarning aksariyati markaziy osiyoliklar. 2014-yil boshidan bugunga qadar esa radikal millatchilar qo’lidan 7 kishi vafot etgan.

Ko’plab bu kabi hodisalar huquq-tartibot organlari tomonidan tekshirilmasligi yoki sodir etilgan jinoyat “milliy adovat asosida” deb tasniflanmaganligi sababli haqiqiy ko’rsatgichlar bundan ancha ko’p bo’lishi mumkin.

Jahongir esa rus millatiga mansub kishini o’ldirganlikda ayblanmoqda. Mazkur holat uning ishi siyosiy tus olishiga, qarorlar qonun-qoidalarga asoslanib emas, hissiyotlarga ko’ra qabul qilinishiga olib borishi mumkin. Natijada huquq-tartibot organlari va sudyalar o’z vazifalarini mustaqil va adolatli bajarmasligi ehtimoli yuqori.

Qolaversa, Jahongirni Rossiyaga berib yuborish mamlakatimizda odil sudlov yo’q degan ma’noni ham keltirib chiqaradi. O’zbekiston o’zining butun boshli sud, prokuratura va ichki ishlar organlari va jazoni o’tash tizimiga ega. Jahongirga qarshi ochilgan jinoyat ishi O’zbekistonda ko’rib chiqilishi uchun barcha shart-sharoit mavjud. Shunday ekan, Jahongir ishi bo’yicha tergov O’zbekistonda davom ettirilib, odil sudlov ham shu yerda o’tishi kerak.

Bordi-yu, Jahongir Rossiya huquq-tartibor organlariga berib yuborilsa, O’zbekistonning tegishli davlat idoralari unga nisbatan insoniy munosabat va odil sudlovning ta’minlanishi ustidan jiddiy kuzatuv olib borishi kerak. Mazkur vazifa birinchi navbatda O’zbekiston Respublikasining Rossiyadagi diplomatik vakolatxonasi zimmasida. O’zbekiston Respublikasi Konsullik Ustavining 23, 39, va 40-moddasiga ko’ra, Konsulga fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun quyidagi vazifalarni bajarishi shart qilib qo’yilgan:

–          Fuqarolarning konsulxona joylashgan davlatning qonun hujjatlari, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari, shuningdek, xalqaro taomillarga ko‘ra ularga berilgan barcha huquqlardan foydalana olishlari uchun chora-tadbirlar ko‘rish;

–          Konsul jinoyat sodir etishda gumon qilinib hibsga olingan (qamalgan) yoki ushlab turilgan yoxud O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining erkinligini cheklovchi boshqa choralarga tortilgan yoki ozodlikdan mahrum etish tarzida jazoni o‘tayotgan, shuningdek sudlov yoki ma’muriy ta’sir choralarining boshqa turlariga tortilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosiga nisbatan konsulxona joylashgan davlat qonunlari hamda O‘zbekiston Respublikasi va konsulxona joylashgan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalar qoidalari tatbiq etilishini kuzatib borishi;

–          Konsul ozodlikdan mahrum etish joylaridagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini manfaatdor shaxslarning iltimosiga binoan hamda o‘z tashabbusi bilan borib ko‘rishi hamda ularni saqlab turish shart-sharoitlarini aniqlashi shart. Konsul bunday fuqarolar gigiena va sanitariya talablariga javob beradigan sharoitlarda saqlanishini hamda ularga nisbatan shafqatsiz va inson qadr-qimmatini tahqirlovchi muomala qilinmasligini kuzatib turishi.

Xulosa

Konstitutsiyaning 19-moddasiga ko’ra, fuqarolar va davlat bir-biriga nisbatan bo’lgan huquqlari va burchlari bilan o’zaro bog’liqdir. Demak, davlat o’z fuqarolari manfaatlarini himoya qilish uchun barcha choralarni ko’rishi shart.

Shu bois Jahongirning ishi O’zbekistonda ko’rilishi maqsadga muvofiq edi. Jahongirni o’z xohishiga qarshi mamlakatimizdan ekstraditsiya qilish ham Konstitutsiya va bir qator boshqa qonun hujjatlarini, ham O’zbekistonning xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarini qo’pol tarzda buzadi.

Jahongir allaqachon Rossiya huquq-tartibot organlari qo’liga borib tushgani bois, konsullik xizmati endi unga qarshi ochilgan jinoyat ishini yaqindan kuzatib, uning sifatli huquqiy himoyasini ta’minlash uchun barcha choralarni ko’rishi kerak.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

May 2014
M T W T F S S
« Mar   Jul »
 1234
567891011
12131415161718
19202122232425
262728293031