O’qishga hujjat topshirish uchun biometrik pasport kerakmi?

Posted July 7th, 2014 at 3:05 pm (UTC+0)
1 comment

UZB-PassportO’zbekistonda fuqarolarning pasportlarini yangi biometrik pasportlarga almashtirish jarayoni davom etmoqda. Ayni paytda oliy o’quv yurtlari uchun arizalarni qabul qilish mavsumi boshlandi. Abiturient hujjat topshirish davomida yangi biometrik pasportga ega bo’lishi shartmi? Pasportini hali yangilamagan bo’lsa yoki yangilash uchun topshirib qo’ygan, ammo hali yangisini olishga ulgurmagan bo’lsa, o’qish uchun hujjat topshira oladimi? “Yuridik klinika” deb nomlanuvchi ruknimizning navbatdagi sonida “Tashabbus” huquqiy tashkiloti mutaxassisi Dilorom Abdullayeva shu savollarga javob beradi.

AUDIO:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 5-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida pasport tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi pasporti 2015-yil 31-dekabrgacha haqiqiy hisoblanadi.

Shu sababli, abiturientlar joriy yilda ham avvalgi ko‘rinishda berilgan pasportlar orqali hujjat topshira oladilar.

Abiturient oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

ta’lim yo‘nalishi, o‘quv tili va shakli ko‘rsatilgan holdagi ariza (arizada oliy ta’lim muassasasini tugatganligi yoki oliy ma’lumoti yo‘qligi, qaysi chet tilidan test topshirishi, harbiy tavsiyanomaga ega bo‘lganlar uning raqamini ko‘rsatishlari hamda test sinovlarini o‘tkazish qoidalari va javoblar varaqalarini to‘g‘ri to‘ldirish bilan tanishganligi ko‘rsatiladi);

o‘rta ta’lim (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasini tugatganligi haqidagi hujjatning asl nusxasi;

086-U — shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;

pasport (pasport yoshiga etmaganlar uchun tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma)ning nusxasi;

3.5 x 4.5 sm hajmdagi 6 dona rangli fotosurat;

mehnat daftarchasidan belgilangan tartibda tasdiqlangan ko‘chirma va ishlab turgan sohadan tavsiyanoma (maxsus sirtqi bo‘lim abiturientlari uchun).

Tanlovdan tashqari o‘qishga kirish huquqiga ega bo‘lgan xalqaro va respublika olimpiadalari, tanlovlar va musobaqalar g‘oliblari asl nusxadagi tasdiqlovchi hujjatlarni topshiradilar.

Abiturient arizasida “o‘zim haqimda quyidagilarni ma’lum qilaman” grafasiga hujjatlar bilan tasdiqlovchi holatlar (bolalikdan I va II guruh nogironlari, chin etim va etim, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari va boquvchisi yo‘q) qayd etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolar harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasining aslini yuqorida ko‘rsatilgan hujjatlar bilan birgalikda taqdim etadilar.

Abiturient tomonidan pasport (pasport yoshiga etmaganlar tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma) hamda harbiy xizmatga aloqadorligi haqidagi hujjat qabul komissiyasiga shaxsan ko‘rsatiladi.

Harbiy qismlar qo‘mondonligi tavsiyanomalari ular berilgan kundan hamda muddatli harbiy xizmatni tugatgan davridan boshlab uch yil mobaynida haqiqiy hisoblanadi.

Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abiturientning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Agarda siz eski pasportingizni yangilash uchun topshirgan bo’lsangiz,  lekin hali yangi pasport olishga ulgurmagan bo’lsangiz,  qabul komissiyasiga pasportning o’rniga 9-shakl (Forma-9) ko‘rinishidagi ma’lumotnoma topshirishingiz zarur. Ushbu hujjatni olish tartibi quyidagicha:

1) Ichki ishlar bo‘limining “Xorijga chiqish,  kelish va fuqarolik” bo‘limiga yuzaga kelgan vaziyat to‘g‘risida murojaat qilasiz.
2) IIB sizga haqiqatdan pasportingizni almashtirish uchun topshirganligingizni tasdiqlab,  maxsus 9-shakl (Forma-9) ko‘rinishidagi ma’lumotnoma beradi.
3) 9-shakldagi fromaga suratingiz va pasportda ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan ma’lumotlar kiritiladi hamda IIBning muhri bilan tasdiqlanadi.
4) Tayyor bo‘lgan 9-shakl vaqtinchalik pasport o‘rnini bosadi.
5) Ushbu hujjat bilan pasportsiz qabul komissiyasiga hujjat topshirishingiz mumkin.  Qabul komissiyasi mazkur ma’lumotnomani qabul qilishni rad etishga haqli emas.

Agar sizni biometrik pasportga ega bo’lmaganingiz uchun qabul komissiyasi  hujjatlaringizni qabul qilishni rad etsa, hujjat qabul qilishni rad etayotgan oliy ta’lim muassasasi rektoriga, Davlat test Komissiyasiga, Davlat test markaziga ushbu holatni batafsil tushuntirga holda ariza yozishingiz lozim.

“Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida”gi Qonunning ko’ra, siz arz qilgan shaxs va organlar arizani tekshirish natijalari va qabul qilingan qarorning mohiyati to‘g‘risida sizga yozma tarzda ma’lum qilishi shart.

Arizalar va shikoyatlar davlat organiga, jamoaat birlashmasiga, korxona, muassasa va tashkilotga tushgan kundan e’tiboran 1 oy muddat ichida hal etiladi. Qo‘shimcha o‘rganishlar va tekshirishni talab qilmaydigan masalalarni esa 15 kundan kechiktirmay hal etishlari shart.

One response to “O’qishga hujjat topshirish uchun biometrik pasport kerakmi?”

  1. Sara says:

    Assalomu aleykum, VOA.
    Sizlardan iltimos, attestat va diplomlarni perevod qilish masalasi to’g’risida ham ma’lumot bersangiz.
    1Oliy ma’lumotliman, O’zbekistondagi diplomimni apostil qilib, olib kelsam, qo’shimcha yana o’qish talab qilinadimi? Bu masalada qayerga murojaat qilish kerak?
    2. Maktab attestati b-n to’g’ridan-to’g’ri GED diploma olish mumkinmi?

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Blog haqida

Yuridik klinika - "Amerika ovozi" saytining yuridik maslahatlar sahifasi. O'zbekiston qonunchiligi, xorijga chiqish-kelish, fuqarolik, immigratsiya kabi mavzularda huquqiy savollaringiz bo'lsa, ularni bizga uzbek@voanews.com elektron pochta manzili orqali yo'llashingiz mumkin.
Savollaringizga malakali huquqshunoslar javob beradi.
Ushbu blog fuqarolar huquqiy savodxonligini oshirish bilan shug'ullanuvchi "Tashabbus" nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Taqvim

July 2014
M T W T F S S
« May   Nov »
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031