Nyu-yorkdagi bir fors tanishim bilan Erondagi saylovlar haqida gaplashib qoldik.
“Eronliklar juda o’qimishli, universitetda o’qiganlar aholining yarmini tashkil etadi”, deb qoldi.
“Ha, O’zbekiston aholisi ham juda o’qimishli”, – dedim men. “Oliy ma’lumotlilar haqida statistikani bilmadim-ku, lekin bundan 30 yil avval ham savodxonlik darajasi 100 foiz bo’lgan, hozir ham shunday”, – deya qo’shdim ishonch bilan.
“Ha, ha”, – deya gapimga qo’shildi tanishim. Shu damda rang-barang diplomlarim esiga tushdimi, kim biladi.
Keyin o’zim ham o’ylanib qoldim. Tanishim bilan o’tirgan joyimda telefonim orqali internetni titkiladim.
Yaxshiyam internet bor, Google-ni ixtiro etgan odam baraka topsin. Yaxshiyam hamma narsani hisob-kitob qilib turadigan xalqaro tashkilotlar bor. Mana bir zumda Jahon Banki statistikasi ham chiqib keldi. O’rta maxsus va oliy o’quv yurtlarida tahsil olayotganlarga oid raqamlar.
Xo’sh, qaraymiz.
Darhaqiqat, Eron Islomiy respublikasida kollej va universitetda ta’lim olganlar aholining 49 foizini tashkil etarkan.
O’zbekiston-chi? Google orqali izlamay turib, taxmin qilib ko’ring-chi, aziz gapdoshim. Agar O’zbekiston haqida ma’lumot bo’lmasa, qaysi mamlakatni qidirar edingiz, eng yaqini shu bo’lsa kerak, deb? Rossiyami? Qozog’iston yoki Ukrainami? Yohud AQShmi?
Ha, har holda Kongo emas, dedingizmi?
Xo’p. Mana endi statistika.
Rossiyada aholining 76 % o’rta maxsus va oliy ma’lumotli ekan. Bu 2009-yil ko’rsatkichi.
Ukrainada – 82 %. Rossiyadan ham balandroq.
Qozog’istonda – 43 %.
Boshqa qo’shnilarimizni qaraymiz.
Qirg’iziston – 41 %.
Tojikiston – 23 %.
(Turkmaniston uchun ma’lumot yo’q).
Qiziqqanlarga shu yerda aytib o’tay: AQShda bu raqam 95 % ga teng ekan.
Sobiq sovet respublikalaridan yana bir-ikkitasi:
Gruziya – 30 %.
Moldova – 38 %.
O’zbekiston-chi?
2011-yilda O’zbekistonda kollej va universitetlarda o’qiganlar soni aholining 9 foizini tashkil etgan.
Kongo Respublikasi bilan baravar!
Jazoirda – 8 %. Aholisi xunrezlikdan zo’rg’a omon qolgan Ruandada – 7 %.
Darvoqe, 2008-2009-yillarda O’zbekiston uchun ko’rsatkich 10 % bo’lgan ekan. Demak, o’qimishlilar soni kamaymoqda.
Bunday jarayon sababi nimada?
Siyosiy tuzumdami?
Aka-uka Kastrolar o’lkasi Kubada 80 % aholi universitet yoki kollej diplomi sohibi ekan, Xitoyda – 27 %.
Misrda aholining uchdan bir qismi oliy va o’rta maxsus ma’lumoti bilan maqtana olar ekan, Saudiya Arabistonida – 41 %. Ummon sultonligida – 29 %, Iordaniya qirolligida – 38 %.
O’ylanib qoldim. Tanishimga aytib o’tirmadim. Kamerun (12 %) va Ganada (12 %) o’qimishlilar soni O’zbekistonga qaraganda ko’proq ekanini o’ylab, gaplashgim kelmay qoldi. Ochig’i, og’ir botdi. Bu ma’lumotni xazm qilishim kerak, dedim o’zimga o’zim. Tagiga yetmay qo’ymayman, dedim. Jahon Banki mutaxassislari adashgandir, dedim asossiz umid bilan. Hisoblash uslublari noto’g’ridir, dedim biroz jahlim chiqib.
So’ng internetni titkilab, yana bir raqamga duch keldim, bu safar BMTdan: savodlilar, ya’ni harf taniganlar soni bo’yicha O’zbekiston 15 sobiq sovet respublikasi orasida eng oxirigi o’rinda ekan…
Gaplashamiz.