Nargiz Zokirova Rossiya birinchi telekanalidagi “Golos” shou-dasturidagi ishtiroki sababli katta shov-shuvga sabab bo’lmoqda.

Mashhur “Scorpions” guruhining “Still loving you” qo’shig’ini originalidan ham yaxshiroq ijro etgani nafaqat hakamlar hay’ati va tomoshabinlarni hayratga ketlirdi, balki butun internet olamida muhokama qilinmoqda.

Sovet davrida olingan “Vodillik kelin” filmini eslagan rossiyaliklar, qozog’istonlik va boshqalar Nargizni “Ne zabivay menya” (“Unutma meni”) qo’shig’ining rus tilidagi variantini darhol esladi.

Hammani har qadamda tanqid qiladigan rossiyalik qiziqchi Mixail Zadornov esa o’zining blogida Nargiz Zokirova qo’shig’ini eshitgandan keyin odam “tezda uyini yig’ishtirgisi yoki, hech bo’lmaganida, bir vagon ko’mirni yerga tushirgisi keladi – haqiqatan ham quvvatga quvvat qo’shadigan ijro!” deb yozdi.

Nargizga eng ko’p tosh otayotganlar esa… o’zbeklar! Biri tatuirovkalarini, boshqasi boshi kalligini tanqid qilsa, yana kimdir uning o’zbek tilida qo’shiq aytmaganini tilga oldi. Yana biri Zokirovlar sulolasi vakilasidan bunday “narsa”ni kutmagandim, dedi. Oilasi tanqid qilmayotgan bo’lsa, bu sulolaga nima ma’qul-u, nima ma’qul emasligini qayerdan bilarkin-a odamlar?!

Yaqinda Indoneziyada bo’lib o’tgan  “Jahon malikasi” go’zallik tanlovida 1951-yildan buyon har yili tashkil etiladigan bu konkurs tarixida birinchi marta o’zbek qizi ham qatnashdi.

“Jahon malikasi” tanlovining o’zbekistonlik ishtirokchisi Rahima G’aniyeva

Go’zal va jozibali ekaniga shubha yo’q Rahima G’aniyeva haqida O’zbekistondagi Mezon.uz saytidan to AQShda chiqadigan “Huffington Post”gacha – hamma yozgan ko’rinadi. Uning kimligi, qayerdanligi, eng muhimi esa, “Jahon malikasi” tanloviga qanday borib qolgani muhokama qilindi.

Rasmiylar Rahima G’aniyeva ismli bu qizni o’zidan soqit qildi. O’zbekistonda go’zallik tanlovi, umuman, o’tkazimasligini ta’kidlashga shoshildi. Boshqalar esa qizning ko’rinishini nishonga oldi. Vaholanki, Toshkent ko’chalarida yurgan ba’zi qizlarning kiyim uslubi g’arbliklarni ham ajablantirishi mumkin. Ingliz tilini biladiganlar esa uning ingliz tilidagi talaffuzini tanqid qildi. Ha, endi O’zbekistonning xorijdagi elchixonalarida ishlaydigan ayrim diplomatlar ingliz tilida bundan ham yomonroq gapiradi, degim keldi shunda.

Rahima G’aniyeva tanlovning birinchi bosqichidan ham o’tolmay, chiqib ketdi. Lekin unga tosh otmagan odam qolmadi hisob.

Mana endi miyasi qotib qolgan, o’zbeklar qanday bo’lishini men eng yaxshi bilaman, mening fikrim to’g’ri, deb o’ylaydiganlar uchun yangi nishon – Nargiz Zokirova.

Agar shu ko’rinishdagi va xuddi shunday ovozga ega san’atkor Armaniston yoki, aytaylik, Qozog’istondan chiqqanda, bu respublikalar aholisi ikki qo’lini ko’tarib uning uchun ovoz bergan bo’lardi. Biz, o’zbeklar, ham buni yaxshi tushungan va hatto ularning o’z millati vakilasidan g’ururlanayotganiga havas qilgan bo’lardik.

Xo’sh, nima sababdan biz o’zimiz Nargiz, Rahima va boshqalarni qo’llab-quvvatlamaymiz? O’zbekstonni, o’zbeklarni dunyoga tanitayotganidan, qolaversa, shaxsiy darajada ham shunday muvaffaqiyatga erishganidan xursand bo’lmaymizmi?

Facebook, Twitter, odnoklassniki orqali yoki shaxsiy uchrashuvlarda bir-birimiz bilan ularni maqtamaymizmi?

O’zbeklarning ikkinchisi – Sevara Nazarxondan keyin – nihoyatda nufuzli “Golos”ni zabt etayotganidan xursand bo’lmaymizmi?

42-yoshli o’zbek ayoli, mashhur sulola vakilasi bo’la turib, imijini shu qadar o’zgartirishiga hammaning ham irodasi yetmasligini anglay olmaymizmi? Bu shaxsning ichki chegaralarni buza olganidan, demak, haqiqatan ham ruhi erkin ekanidan darak emasmi? Bu hurmatga sazovor emasmi, axir, aziz gapdoshim?

Yoshi 20dan sal oshganida AQShga ko’chib ketib, oilasidan yiroqda yangi hayot boshlash oson bo’lmagandir, axir.

Keling, keyingi safar boshi taqir, badani siyoh, tiliga zirak taqqan Nargizni ko’rganimizda men ham shunday qila olarmidim, deb so’raylik o’zimizdan? Birovga tosh otgisi kelganda odam men ham shunday qila olarmidim, degan savolni o’ziga berishi kerak deb o’ylayman. Qo’lingizdagi toshni otgingiz kelmay qoladi shunda.

Gaplashamiz.