Mana bir necha kundirki hammaning og’zida bir gap – Biryulyovo voqealari. Nima bo’lgani va kim aybdorligini o’zbeklar, qolaversa, barcha markaziy osyolik “gastarbayterlar” taqdiri bilan qiziqqan odam yaxshi bilib olgan desam, adashmasam kerak. Vaholanki, Rossiyada ishlayotgan qarindoshi yoki, hech bo’lmasa, qo’shnisi bo’lmagan o’zbekistonlikning o’zi qolmagan bu kunda.

Achchiqlanarli fakt shuki, rossiyaliklarning markaziy osiyoliklarga keskin salbiy munosabati ham hech kimni hayron qoldirmaydi. O’rganib qolganmiz.

Ruslarning aksariyati Rossiya aslida ko’p millatli mamlakat ekani, u yerda nafaqat mallasoch, ko’zi ko’k odamlar, balki millionlab o’zgacha qiyofaga ega millat va elatlar vakillari yashashini, ularning nafaqat ko’rinishi, balki tili, dini va madaniyati ham boshqa ekanini esidan chiqargan ko’rinadi.

Markaziy osyoliklar rossiyaliklarning o’zi qilmaydigan ishlarni qiladi, ular oladigan maoshga rossiyaliklarning ko’pchiligi rozi bo’lmaydi. Ish beruvchilarga ham “nelegal”larni ishlatish ancha foydaliroq. Aholisi tobora kamayib borayotgan mamlakat uchun markaziy osiyoliklar – bebaho ishchi kuchi. Ularning iqtisod uchun ahamiyati katta. Geosiyosiy nuqtai nazardan ham sobiq sovet respublikalarini o’z ta’sir doirasida saqlab qolishga urinayotgan Rossiya uchun ular bilan viza rejimini joriy etish noto’g’ri qadam bo’lishi aniq.

Buni iqtisodchilar va siyosatdonlar yaxshi tushunsa-da, afsuski, ochiqchasiga e’tirof etishga shoshilmayapti. Aksincha, millatchi Vladimir Jirinovskiydan tortib siyosiy sahnaga endi chiqqanda progressiv liberal ko’ringan Aleksey Navalniygacha – hamma muhojirlarni haydash kerak, deya boshladi. Oddiy odamlarni aytmasa ham bo’ladi.

Siyosatshunos sifatida shuni aytishim kerakki, mamlakat ichidagi vaziyat taranglashganda, xususan, hukumat siyosatidan norozilar ko’payganida, rahbariyat tashqi tahdidni qidiradi. Topmasa, yaratadi. Xalq e’tiborini, noroziligini boshqa masalaga tortishga urinadi. Anchadan beri ko’zda go’vmichchadek bo’lib turgan “gastarbayterlar” shunday tahdidga aylantirildi. Mamlakat tashqarisida emas, ichida bo’lsa-da, tashqaridan kelgan, yot. G’azabni ularga qarata yo’naltirish qiyin emas.

Vladimir Putin yangi prezidentlik muddatiga saylanganidan buyon uning siyosatidan norozilar ko’chalarga chiqishni to’xtatmadi. Xorijiy hukumatlar ham, xalqaro tashkilotlar ham Kreml siyosayini tanqid qilib keladi. Sochi Olimpiadasi yaqinlashgan sari Rossiya obro’si pasayib bormoqda. Davlat nazoratidagi mahalliy ommaviy axborot vositalari Putinning Suriya masalasidagi pozitsiyasini olqishlaganiga qaramay, bu rahbarning aslida qon tomirigacha diktator ekaniga inson huquqlari faollarida shubha qolmadi. Uning tinchlik uchun kurashda Nobel mukofotiga loyiq degan gaplar esa achchiq hazildek qabul qilindi.

Bunday vaziyatda Markaziy Osiyodan Rossiyaga borib ishlayotgan odamlar yanada yomonroq ko’rina boshladi. Bugunda Biryulyovodagi voqealarga sababchi bo’lgan odam aslida Rossiya fuqarosi ekani, uning Markaziy Osiyoga hech qanday aloqasi yo’qligi aniqlangan bo’lsa-da, aynan o’zbek va tojiklar qurbonga aylanmoqda.

16-oktabr kuni o’zbekistonlik yigitning o’ldirilgani haqida xabar chiqdi. Qanchalik dahshatli tuyulmasin, bundan buyon Rossiya shaharlaridan O’zbekiston yoki Tojikistonga jo’natilayotgan tobutlar soni ko’payishi mumkinligini hammamiz yaxshi bilib turibmiz. Ishqilib, gapim noto’g’ri chiqsin. Xabarlarni kuzatishda, yaqinlarimizdan xavotir olishda davom etyapmiz.