So’nggi haftalarda Gulnora Karimova haqida shu qadar ko’p maqola o’qidim-ki, faqat eng dangasa muharrir xodimiga mavzuni o’rganib ko’r-chi, demagan shekilli, deb qoldim. Karimovlar oilasi haqidagi tragikomediya katta ekranlarga chiqib bo’ldi.

Jiddiy gapiradigan bo’lsam, haqiqatdan ham oxirgi paytda O’zbekiston prezidentining to’ng’ich qizi ishlarini xorijdagi nufuzli ommaviy axborot vositalari ham, uncha tanilmagan nashrlar ham yoritmoqda. Markaziy Osiyo, xususan O’zbekistonni muntazam ravishda kuzatib boradigan matbuot haqida gapirmasa ham bo’ladi. Biz ham chetda qolmadik, albatta. “Amerika Ovozi” bergan materiallarni shu veb sahifamizda o’qishingiz mumkin.

Men voqealar rivojiga to’xtalmay qo’ya qolay.

Eshitganu-oqiganlarimdan chiqargan xulosalarim bilan o’rtoqlashmoqchiman, aziz gapdoshim.

Birinchidan, O’zbekistonnng “Birinchi oilasi”da jiddiy muammolar bor.

Lola Karimova-Tillayeva xorijda yashaydi (Courtesy image)

Lola Karimova-Tillayevaning “BBC” ga bergan intervyusi ikir-chikirlarga nigoh tashlash imkonini bergan edi. So’ngra esa Gulnoraning o’zi “Twitter” ijtimoiy tarmog’i orqali ma’lumotga ma’lumot qo’shib bormoqda. “Birinchi Oila”ning juda xunuk ko’rinishga egaligiga shubha qolmadi. Buning ustiga prezidentning hatto o’z oilasini ham uddalay olmasligi aniq bo’ldi. O’z farzandlarini qovushtira olmagan odam xalqni qanday birlashtiradi?

Ikkinchidan, prezident Islom Karimovning juda tajribali va ayyor siyosatchi ekaniga mening shubham yo’q. Men buni maqtov sifatida emas, e’tirof tariqasida aytayapman. O’zingiz bir o’ylab ko’ring-a, aks holda u O’zbekistondek katta mamlakatni 23 yildan buyon boshqara olmarmidi? Boshqara olmasdi, to’g’rimi? Turli siyosiy klanlaru-guruhlar orasida katta mahorat bilan muvozanatni saqlab tura olmasdi. Muxolifatni (muxolif qarashdagi odamlarni emas, balki tashkillashgan muxolif guruhlarni) yo’q qilish va matbuotni cheklashda bunday “muvaffaqiyatlarga” erishmasdi.

Lekin so’nggi ma’lumotlardan men chiqargan asosiy xulosa – Karimov prezidentlik ambitsiyalari borligi qayta-qayta aytilgan qizi Gulnoraga siyosat sirlarini o’rgatmagan ko’rinadi. Bo’lmasa nima sababdan Gulnora siyosiy kurashni (ayrim iddaolariga ko’ra, unga qarshi chiqqan – SNB rahbari Rustam Inoyatovning o’zi) shu qadar qo’pol ravishda olib boradi? Nimaga siyosiy vositalarga kelganda uning “Twitter”dan boshqa narsasi qolmadi? Demak, Karimov qiziga nafaqat sirlarni ochmagan, balki qo’liga siyosiy vositalar ham bermagan. “Fond Forum”dan tortib MTS va “Zeromax” mashmashasi Gulnoraga dadajonisi shunchaki vaqtincha bergan “o’yinchoqlar” bo’lganga o’xshaydi. Aks holda 42 yoshli Gulnora Karimova prezident bo’laman degan ekan, birinchi navbatda dadasigina bilan emas, dadasining atrofidagi qudratli shaxslar bilan do’stlashish va hamkorlik qilish kerakligini bilishi kerak edi. Jiddiy muammo tug’ilsa, “Twitter” orqali 40 ming folloveriga dardini sochish emas, balki o’sha odamlar bilan shaxsan uchrashib, gaplashish kerakligini bilgan bo’lardi.

Islom Karimov rafiqasi Tatyana Akbarovna bilan Hindiston safarida, 2011-yilda olingan surat (Courtesy Image)

Agar Usmon Xaqnazarov ismi ostida chiqqan maqolalarda aytilgan gaplar qisman rost bo’lsa, siyosat qoidalarini bilgan Gulnora, maqolada tasvirlanganidek, Inoyatov ishxonasi eshigini tepib kirib, “belingda belbog’ bormi o’zi?” deb do’q urishning o’rniga sharqonalik bilan soxta bo’lsa-da hurmat ko’rsatishi kerak edi. Yana bir qudratli shaxs, Rustam Azimov haqida o’z tvitida falon milliard dollarlik boylik orttirgan deyish ham to’g’rimidi? O’zbekiston sharoitida-a? (Onasi va singlisining ajinalar bilan “o’yinlari” haqdagi tvitlarini aytmay qo’ya qolay).

Uchunchidan, Karimov mamlakatda bo’layotgan voqealar haqida ma’lumotni faqat uning oldiga kiradigan odamlardan oladi, Internetda ishlashni bilmaydi, desam adashmasam kerak.

Eronning yangi prezidenti Hasan Ruhoniydan tortib Rossiya rahbarlari Vladimir Putin va Dmitriy Medvedevlar o’z  “Twitter” sahifalariga ega. Ular uchun jamoatchilik  bilan aloqalar bo’yicha katta-katta guruhlar ishlaydi, ba’zi rahbarlar hatto shaxsan o’zi ham tvitlar yozadi, folloverlari bilan gaplashadi. Karimov uchun Internet va hatto kompyuter ham yot narsaga o’xshab qoldi. Aks holda u qizi Gulnoraning qilmishlaridan bundan oldinroq xabar topgan bo’lmasmidi?

Bundan chiqib keladigan yana bir xulosa: O’zbekistonning kelasi prezidenti internetni bilsin.

“Ming bir kecha” ertaklarida Harun al-Rashidning birinchi vaziri bilan oddiy odamlardek kiyinib, kechalari shahar ko’chalarini kezgani va odamlar uyiga kirib, xalq hayotini o’rgangani va dardiga quloq solgani haqida yoshligimizda o’qiganmiz.

Sovet davrida sotsialist nomini olgan italyan yozuvchisi Janni Rodarining “Yolg’onchilar mamlakati” ertagida ham sobiq qaroqchi, keyin yo’lg’on yordamida qirol bo’lib olgan Jakomon oddiy kuiyim kiyib, shaharga tushgan va odamlar bilan gaplashgan.

O’zbekistonning katta qismi qishni elektr tokisiz va tabiiy gazsiz kutib olmoqda. Eng asosiy talablar qondirilmagan. Buning ustiga oxirgi paytda benzin taqchil. Prezident biladimi? (Courtesy Image World Bank)

Ertak emas, tarix haqida gapiradigan bo’lsak, chor Rossiyada shahzoda imperator bo’lishi oldidan uni poytaxt Peterburgdan mamlakatning boshqa chekkasidagi Vladivostokkacha olib yurishgan. Shahzoda har bir yirik shaharda to’xtab, u yerdagi odamlar bilan uchrashgan. Ota imperator davlatning bo’lajak rahbari mamlakatni ko’rsin, o’rgansin, degan. Buning uchun kamida uch oy vaqt ketgan ekan. Rossiyadagi loy yo’llar va botqoqlardan bir necha oy yurish saroyda katta bo’lgan shahzoda uchun oson bo’lmagandir. Lekin xalq hayotini bilsin, deyishgan atrofidagilar.

Bugunda mamlakatda nima bo’layotganini bilish uchun internetga bog’lanish kifoya. O’zbekiston haqida kim va nima yozayotganini rahbarlarimiz o’rgansin. O’qisin. Aks holda xalqdan uzoqlashib ketaveradi. “Twitter”dagi folloverlar haqiqiy tarafdorlarni anglatmasligini tushunsin.

Va eng asosiysi, Gulnora atrofidagi ishlar, uning Internet va real hayotdagi faoliyati, qolaversa Lola Karimova-Tillayevaning intervyuda butun dunyoga oshkor etgan tafsilotlari O’zbekistonni yanada xunuk ko’rsatib qo’ydi. “Birinchi oila” odatda xalqning “yuzi” bo’ladi. Bizning yuzimiz shu qadar xunukmi?

Eng afsuslanarlisi shuki, “Karimovlar ham yig’laydi” nomini berish mumkin bu tragikomediya hamon davom etmoqda.

Siz nima deysiz?