Hillary Rodham ClintonAQShda prezident saylovlari 2016-yil noyabr oyida bo’lib o’tadi. Ungacha 19 oy bor. Da’vogarlar birin-ketin maydonga chiqmoqda. Demokratlar partiyasidan hozircha yagona nomzod – Hillari Klinton. U ikkinchi marta oliy lavozimga da’vo qilyapti. Birinchi marta 2008-yilgi poygada eng kuchli nomzodlardan biri bo’lgan, ammo ko’plar uchun notanish Barak Obama tajribali siyosatchini ortta qoldirgan edi.

Bugun vaziyat boshqacha. Klinton bilan bellashmoqchi bo’lgan demokrat nomzodning o’zi yo’q. Hozircha. Bo’lsa ham, Hillarining eng kuchli nomzod ekani shubhasiz, demoqda siyosatshunoslar.

Qizig’i shundaki, demokratik davlatlar orasida birinchilardan hisoblangan AQShda shu kungacha ayol prezident bo’lmagan. 1984-yilda Jeraldin Ferraro ismli arbob demokratlardan vitse-prezidentlikka da’vo qilgan va g’alabani Ronald Reygan va Jorj Bush tandemiga boy bergan. 2008-yilda vitse-prezident bo’laman deb respublikachilardan Sara Peylin saylovda qatnashdi.

Ammo birinchi bo’lib oliy lavozimni ko’zlagan ayol Viktoriya Vudhal bo’lgan. 1872-yilda, hali amerikalik ayollar ovoz berish huquqiga ega bo’lmaganida davlatni boshqaraman degan. 1872-yil 5-noyabr kuni u erkaklar ovoz berishini kuzatgan, ammo o’zi saylovda qatnasha olmagan.

Yevropa uchun ayol rahbar yangilik emas. Qit’aning eng qudratli davlati Germaniyani 10 yildan beri ayol boshqaradi. Angela Merkel dunyoning eng katta siyosiy ta’sirga ega siyosatchilaridan biri hisoblanadi.

Osiyoda ayol rahbarlar hozir ikki nafar – Bangladesh va Janubiy Koreyada. Ikkovi ham demokratik tanlovda saylangan.

Hatto musulmon respublikasi Pokistonda ham ayol arbob – Benazir Bhutto – rahbarlikka bir emas, ikki marta – 1988-1990 va 1993-1996-yillarda saylangan.

Sobiq Sovet respublikalarida Latviya, Litva hamda Qirg’izistonni ayollar boshqardi – Boltiqbo’yi davlatini Veyra Vike Frayburga 1999-2007-yillarda, qo’shnimizni esa Roza Otunbayeva 2010-2011-yillarda. Gruziyaga 2007-2008 – yillarda vaqtincha Nino Burjanadze rahbarlik qildi.

Dalia Gribauskayte hozir Litva prezidenti, Latviyada Laymdota Strauyume bosh vazir lavozimini egallab kelmoqda.

O’zbekistonda shu paytgacha bo’lib o’tgan saylovlarda nomzodlar orasida Dilorom Toshmuhamedova bo’lgan. Bu ayol 2010-2014 yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri edi, undan oldin esa spiker o’rinbosari. 2015-yilgi prezident saylovida biror ayol nomzod sifatida qatnashmadi.

G’arbda yashovchi muxolifat a’zolari o’tkazgan muqobil virtual saylovda Pensilvaniya shtatida yashovchi huquq faoli Mohira Ortiqova qatnashdi.

2014-yil oxirida jami 22 davlatni ayol boshqargan. Odatda bu raqam mana bir necha yildirki, 20 nafar atrofida qoladi. Bu ham kam, axir yer yuzida deyarli 200 ta davlat bor. Ular haqida batafsil ma’lumotni mana bu yerda (ingliz tilida) topishingiz mumkin.

Bu ayollar ismlari tarixda abadiy qoladi, xususan birinchi bo’lganlar.

Hozir yoki o’tmishda faol ayrim arboblar hammamizga yaxshi tanish. Margaret Tetcher, Indira Gandi, Angela Merkel, Korason Akino, Benazir Bhutto, Ellen Jonson, Eva Peron, Golda Meyr, Tansu Chiller ismlari qulog’imizda doim yangraydi. Ba’zida ularning qaysi mamlakatni qachon boshqargani-yu qanday siyosat olib borganini eslolmasligimiz mumkin, lekin ismlarini bilamiz.

Hillari Klinton ham ayol rahbarlari orasiga qo’shilarmikin? Buni 19 oydan so’ng bilamiz.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.