Prezident Islom Karimov o’limidan O’zbekistonning bir necha jihati ayon bo’ldi.

Birinchidan, o’zbekistonliklar orasida Prezident Islom Karimovni chindan yaxshi ko’rgan, hurmat qilgan va qadrlaganlar ko’pligiga har bir kuzatuvchi ishonch hosil qildi. Odamlar to’kkan ko’z yoshlari haqiqiy, g’ami esa chuqur ekaniga Toshkent va Samarqand fuqarolari rasmlarini ko’rgan, respublikaning boshqa hududlari fuqarolari ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirgan fikrlarni o’qigan odamda shubha qolmaydi.

Bu holat tabiiy, sabablari esa tushunarli. Axir o’rta hisobdagi o’zbekistonlikning yoshi 27 da. Ya’ni Islom Karimov hokimiyatga kelganida tug’ilgan bu erkak va ayollar boshqa prezidentni bilmagan, uning shuncha muddat davomida rahbar bo’lib qolayotganini savol ostiga qo’ymagan. Konstitutsiya bilan amaldagi siyosatda qanday farq bor va nimaga qabilidagi savollar bilan boshini og’ritmagan. Televideniye va radioda gapirilgan, “Ma’naviyat va ma’rifat” darslarida o’qituvchi aytgan gaplardan shubha qilmagan va chippa-chin ishongan ular.

Ikkinchidan, yosh va keksa o’zbekistonliklar uchun eng katta qadriyat – tinchlik va barqarorlik ekani ayon bo’ldi. Davlat rahbaridan judo bo’lgan aholi uni respublika mustaqilikka erishganidan beri tinchlik va barqarorlikni saqlab turgan asosiy kuch va omil bo’lganiga ishonadi. Karimovning uslublari, masalan, diniy ekstremizmga qarshi kurash shiori ostida e’tiqod erkinligini cheklagani haqida o’ylaganlar va savol berganlar kam.

Uchinchidan, aholisi 31 milliondan oshgan O’zbekistonda jurnalistikaning yo’qligi ayon bo’ldi. Ommaviy axborot vositalari bor, lekin jurnalistika yo’q. Mustaqil jurnalistika demayotganimning sababi bor, aziz gapdoshim. Chunki aslida jurnalist qaysi ommaviy axborot vositasi xodimi yoki hamkori bo’lishidan qat’i nazar xolis bo’lishi shart. Har bir masala yuzasidan turli fikrlarni o’rganishi, uni har tomonlama yoritishi va ma’lumotni aholiga betaraflik bilan yetkazib berishi kerak. O’zbekistonda esa bu kasb egalari qolmagan. Aksariyati – chet ellarda, ba’zilari qamalgan, kasbini o’zgartirgan, yana boshqalari o’zini o’zi senzura qilish natijasida jurnalist nomini yo’qotgan.

O’zbekiston rahbari kasalligi haqida Moskvada joylashgan “Farg’ona” (Fergana) axborot agentligi birinchi bo’lib xabar berdi. So’ngra xorijiy mamlakatlardan turib, O’zbekistonni yoritadigan boshqa ommaviy axborot vositalari ham unga jo’r bo’ldi, o’zining “manba”lariga tayanib, ma’lumot berdi, ammo manbalar jurnalistlar emas edi. O’zbekiston rasmiylari karaxt ahvolga tushganida masalani mamlakat ichidan turib o’rganib, yoritgan biror jurnalist topildimi? Hatto rasmiy ma’lumotni inkor etmay turib, reportajlar tayyorlaganlar bo’ldimi? Yo’q. Prezident miyasiga qon quyilgani haqidagi ikki gapdan iborat ilk xabarnomani televideniye orqali diktor o’qidi, jurnalist emas. Asosiy manbaga esa prezidentning kenja qizi Lola aylandi.

Prezident o’limi tasdiqlangach, to’g’rirog’i, rasman e’lon qilingach, uning salomatligi, shifokorlar xulosasi, o’limi, Samarqandda dafn etilishi haqida yana diktor gapirdi. Dafn etish marosimi kabi tarixiy voqeani yoritishda esa fuqarolik jurnalistikasi o’zini ko’rsatdi. Odamlar telefonlariga olgan suratlarni ijtimoiy tarmoqlar orqali bir-biri bilan baham ko’rdi, ko’rganlarini boshqalarga so’zlab berdi, taassurotlari bilan o’rtoqlashdi. Professional jurnalistlardan yana sado chiqmadi. Chunki ularning xolis ovozi allaqachon o’chirilgan. Rasmiylar bilan hamohang fikrni ham bildira olmadi, chunki o’zini jurnalist deb ataydiganlar aslida professional malakasini allaqachon yo’qotib bo’lgan. Albatta, pichoqni ishlatmasang, o’tmaslashadi.

Prezident Islom Karimov uzoq umr ko’rdi. O’zbekistonda sal kam 80 yil yashash oson emas. Bu yoshga yetolmaganlar qancha. Katta lavozimda ishlaydiganlar esa yaxshi tibbiy xizmat olish imkoniga ega bo’lsa-da, stress darajasi balandligi tufayli yurak xuruji (infarkt), miyaga qon quyilishi (insult) va boshqa kasalliklarga tez-tez chalinadi. Karimov esa ayrim boshqa rahbarlar, masalan Sovet Ittifoqini 18 yil davomida boshqargan Leonid Brejnevga qaraganda ancha sog’lom va baquvvat edi.

Shuningdek, agar Prezident Karimov insult bo’lishdan oldin Olimpiada g’oliblari sharafiga berilgan ziyofatda o’tirgani va o’z ma’muriyati xodimlari bilan suhbatlashib, spirtli ichimliklar iste’mol qilgani haqidagi ma’lumotlar rost bo’lsa, demak, u o’sha damlarda o’zini yaxshi sezgan. Insultdan keyin, rasmiy xabarlarda aytilishicha, bir hafta yashadimi yoki, boshqa manbalarda ta’kidlanganidek, ikki kundan so’ng olamdan ko’z yumdimi, u vaqt Karimov behush ahvolda bo’lgan.

Demak, o’limi/behush ahvolga tushishidan oldin u a’lo kayfiyatda va yaxshi “forma”da bo’lgan. Bu ham katta gap. Qolaversa, keksalar “Allohim, yotkilik qilmasin”, deb tez va qiynalmay, yaqinlarini qiynamay olamdan ko’z yumish haqida orzu qiladi. Axir hammamizning boradigan joyimiz bir.

Islom Karimov oddiy shaxs emas edi. Uning siyosatini tanqid qilganlar ham buni e’tirof etadi. Lekin katta mamlakatni boshqargan bu kishi o’z oilasini uddalay olmagan ekan, degan xulosaga ham kelish mumkin. Uning o’limidan bu ham ayon bo’ldi. Janozada rafiqasi va kenja qizi Lola ko’rindi, xolos. 2014-yildan buyon uy qamog’ida ekani aytilayotgan to’ng’ich qizi Gulnora marakada qatnashmadi. Aftidan, unga ruxsat berilmagan. Nevaralari ham ko’rinmadi. Karimovning to’ng’ich nevarasi Islom 23 yoshda. Uning tobutni yelkasida ko’tarishi ayni muddao edi, shunday emasmi? Biroq o’z vaqtida onasini himoya qilmoqchi bo’lib, buvasi va buvisini keskin tanqid qilgan yosh Islom Karimov Londondan Toshkentga kelmagani aytildi. Marhum prezidentning qiz nevaralari ham katta bo’lib qolgan. Ammo ular ham buvisi oldida turib, unga dalda berib turmadi. Demak, prezident oilasining ayrim a’zolari o’z xohishiga ko’ra yoki irodasiga qarshi ravishda Karimov bilan vidolashish va so’nggi manzilga kuzatish imkoniga ega bo’lmadi. Bu – Uilyam Shekspirning “Qirol Lir”i taqdiri bilan barobar fojea. Demak, “bizning farzandlarimiz bizdan-da kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo’lishlari shart” degan odam o’z farzandlarini baxtli qilolmabdi. Balki o’zi ham baxtli bo’lmagandir?

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.