24-yanvar kuni Qirg’izistondan shum xabar keldi. Huquq himoyachisi va jurnalist Azimjon Asqarovga ilgari berilgan umrbod qamoq jazosi kuchda qoladigan bo’ldi.

Salomatligi shundoq ham yomon bo’lgan 65 yashar Asqarov norozilik tariqasida ochlik e’lon qildi va 25-yanvar kuni bu haqdagi arizasini kerakli idoraga topshirdi.

Ayrim xabarlarga ko’ra, 26-yanvar kuni advokatlar Asqarovni Oliy sudda appellyatsiya ko’rib chiqilmagunicha ochlikni to’xtatrishga undagan.

Asqarov ishini biz batafsil yoritganmiz. Ish bilan tanish bo’lmaganlarga yana bir bor eslatib o’tmoqchiman.

Azimjon Asqarov Qirg’izistonning Bozor-Qo’rg’onidan, millati o’zbek, kasbi rassom, lekin ko’p yillar davomida inson huquqlarining toptalishini yoritib borgan, beva-bechoralarni himoya qilgan, o’zbeklarni ham, qirg’izlarni ham birdek ko’rgan. Huquq-tartibot organlari, oddiy qilib aytganda “melisa”dan aziyat chekkanlar mijozlari orasida ko’p bo’lgan. 2010-yil iyun oyida qirg’iz va o’zbeklar to’qnashganida ko’plab odamlar aynan Azimjon akaga murojaat qilgan. U hamshaharlari uylarining yoqib yuborilishi kabi hollarni o’rgangan. O’rgangan, odamlar bilan suhbatlashgan, yozib borgan, videoga olgan. Xullas, guvoh bo’lgan. So’ngra hibsga olingan.

Unga bir nechta jiddiy ayblovlar qo’yilgan, xususan militsiya xodimi o’limida ishtirok etish va millatlararo adovat qo’zg’ashlar kabi. 2010-yil sentabr oyida sud uni aybdor deb topdi va umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Asqarov appelyatsiya berdi, yutqazdi, so’ngra BMTga murojaat qildi. BMT uni ozod etishni buyurdi. Qirg’iziston hukumati Asqarovni ozod etish o’rniga qayta sud qildi. 2016-yil 4-oktabrida boshlangan sud mana 24-yanvar kuni avvalgi jazoni kuchda qoldirish hukmi bilan tugadi.

Shunday qilib, 2010-yil iyunidan beri Azimjon aka qamoqda. Bu vaqt ichida uning salomatligi yomonlashdi. Shunchaki yoshi sababli emas. Uni qamoqda aybiga iqror bo’lishi uchun qiynashgani, urishgani sababli. Shunga qaramay u aybiga iqror bo’lmadi. Va shu kungacha haqiqatni isbotlashga urinib kelmoqda. Qamoqda o’tirganida ham, sud qilinganida ham u “meni yolg’on detektorida tekshiring”, deb so’radi. Aybdor emasligini aytib, Qur’onda qasam ichdi.

Na prokurorlar, na sudyalar bu da’vatlarga quloq soldi. Bir-biriga zid kelgan militsiya xodimlari va boshqa “guvohlar” ko’rsatmalarini inobatga oldi. Asqarovni militsiya xodimi o’ldirilgan damlarda mahallamizda ko’rganman, degan qo’shnilar ko’rsatmalarini esa e’tiborsiz qoldirdi.

“Baklashkaga suv to’ldirib, meni urishdi, buyraklarim ishdan chiqqan. Hozir bir qultim suv ichmoqchi bo’lsam, xojat chiqarishim kerak”, degan so’zlarini va qiynoqlar haqidagi gaplarini esa sud asossiz deb, ular uchun javobgarlar ustidan ish qo’zg’ashdan bosh tortdi.

24-yanvargi hukmni qayta ko’rib chiqish haqidagi ariza bir oy ichida ko’rib chiqilishi kerak. Ammo Oliy sud bu safar ham hukmni kuchda qoldirishiga men deyarli 100 foiz ishonaman. Chunki bugungacha bu ishda sudlar huquq va qonun asosida ish tutmadi. Siyosiy vazifani bajardi, o’zbekni jazoladi. Appellyatsiyani yutqazganidan keyin boshqa chorasi qolmagan Azimjon aka ochlik haqdagi va’dasini bajaradi. Demak, uning ko’p yashashiga umid qolmadi.

Xo’sh, unda nima qilish kerak? Xalqaro hamjamiyat nimaga jim, deysizmi?

Xalqaro hamjamiyat ish boshlanganidan beri Asqarovni himoya qilib, bong urdi. Qirg’iz rasmiylari bilan uchrashdi, Prezident Almazbek Atambayevga murojaat qildi, xuddi o’tgan yil yozida Atambayev bilan uchrashgan Germaniya Kansleri Angela Merkel kabi. Qirg’izistonga kreditlar ajratadigan Jahon bankiga ham murojaat qilindi. Qirg’izistonning xorijiy davlatlardagi elchixonalariga chet ellik rasmiylar va nodavlat tashkilotlari vakillari girra-girra qatnadi. Biroq bunday urinishlardan natija bo’lmadi.

Eng achinarlisi shundaki, hech bir taraf ishning asl muddasi haqida ochiqchasiga gapirmayapti. Muddao shundaki, Asqarov – o’zbek. Qizrg’iziston esa uni millati asosida diskriminatsiya qilyapti.

Asqarovning eng katta “aybi” ham shunda. O’zbekligida. Qirg’izistonlik o’zbekligida. Ikkinchi “aybi” – hech kim himoya qilmaganlarni himoya qilganligida va “melisa” va boshqa amaldorlarning “jig’iga tekkanlik”da.

2010-yil yozidagi millatlaro qonli to’qnashuvlardan beri Qirzg’izistonda millatchilik kuchaydi. Millatchilik va millatchilar har bir o’lkada topiladi. Ammo Qizrg’izistonda ko’plar ilgari o’zaro shivirlab gapiradigan gaplarni baralla ovozda gapirishga qo’rqmay qoldi. Atambayev ham, boshqa rahbarlar ham qirg’izlar orasidagi obro’sini yo’qotishdan qo’rqib, o’zbekni himoya qilmaydi. Bundan tashqari, mazkur ishda “melisa”ning o’ldirilishi masalasi katta rol o’ynayapti.

O’sha mudhish fojea davomida o’ldirilgan militsiya xodimi Miqtibek Sulaymonov Qirg’izistonda qahramonga aylandi, unga haykal o’rnatildi. Sudda uning bevasi, hamkasblari ko’rsatma berdi. Asqarovni aybdor dedi. Va ular bu gapidan qaytmaydi. Asqarovni qotillik joyida ko’rmagan bo’lsa ham (zotan ular aynan shunday ko’rsatma berdi) qaytmaydi. Chunki aks holda “boshqalar ham melisani o’ldirish mumkin ekan, degan xulosaga keladi”, deb qo’rqadi. Buning ustiga haqiqiy qotil kimligini bilmaydi. Jinoyatdan 6,5 yil o’tib, qotilni topish iloji ham yo’q.

Umid qolmadi.

Bu ishda yo’lg’on, bo’xton, qo’rquv va pastkashlik g’alaba qozondi.

Kim yutqazdi? Haqiqat, insoniylik, vijdon yutqazdi. Hammamiz yutqazdik.

Gaplashamiz.