
Jasurbek Ibrohimov
U kasalxonadan bu kasalxonaga olib borilib, sarson bo’lgan yigit jami to’rtta jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgach, beshinchisi bo’layotgan paytda, 1-iyun kuni olamdan o’tgan.
Jasurbek yaqinlaridan biri yozgan maktub internet orqali tarqatilganida bu ishdan men xabar topdim. Men kabi boshqalar ham. Maktubni o’qigan har bir o’zbekistonlik, so’ngra xorijliklar ham uni do’stlariga ulashdi. Kimdir internetda “da’vatnomani (petitsiya) imzolang”, deb imzolar yig’a boshladi. Minglab odam imzo qo’ydi, aybdorlarni topinglar, jazoga tortinglar, deya talab qilishdi.
Jasurbekni do’pposlagani aytilayotgan yigitlardan biri, Islom ismli talabaning ota-onasi aybni Jasurga to’nkashga urinayotgani haqidagi iddaolar, ayniqsa, xalqni yanada g’azablantirdi. 4-iyun kuni olomon Toshkentdagi Do’stlik bog’iga to’plandi (Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, bu 2005-yilda Andijonning Bobur maydonidagi namoyishdan beri O’zbekistondagi eng yirik ommaviy aksiyadir).
Xalq adolat talab qilmoqda. Huquq-tartibot organlaridan aybdorlarni tezda aniqlab jazoga tortishni so’ramoqda.
Xalqni bu masala yuzasidan birlashishi ortida bir necha sabab bor.
Avvalambor, 10 gulidan biri ham ochilmagan Jasurbekning o’zi. Internetda yigit rasmlari tarqaldi. Chroiyli, kelishgan, yosh yigit, suratlarda jilmayib turibdi. Bo’lajak shifokor. Har birimiz, ayniqsa, farzandi bor inson Jasurbekning ota-onasi, yaqinlariga ta’ziya izhor qilamiz. Qani edi tasalli berish bilan ish bitsa. Ammo Jasurbek qaytib kelmaydi.
Ikkinchidan, 17 yashar yigitning vahshiylarcha o’ldirilishi. Jasurbekni do’pposlaganlarning esa bemalol erkinlikda yurgani, asosiy aybdor deb aytilayotgan Islom To’laganov otasining “Jasurbekning o’zi aybdor” qabilidagi iddaolari odamlarni g’azablantirmay qolmadi.
Albatta, biz Jasurbekning o’limida aynan Islom To’laganov aybdor demayapmiz. Buni sud isbotlashi kerak. Biroq sud odil bo’lishi shart. Hozirgacha esa ish huquq doirasida ko’rib chiqilishiga ko’plar ishonmayapti.
Uchinchidan, xalqning huquq-tartibot organlari va sud tizimining samarasizligidan noroziligi. Bunday ishlar ilgari ham bo’lgan. Balki o’lim bilan tugamagandir, lekin bir yigitning boshqalar tomonidan do’pposlanishi va natijada aybdorlar hech qanday jazosiz qutulib ketgani haqida har bir o’zbekistonlik eshitgan bo’lsa ajab emas. O’zbekistonliklar orasida sud va sudyalar, huquq-tartibot organlari va tergovchilar pul evaziga “kerakli” xulosa qilib, “kerakli” hukm chiqarib berishini boshdan kechirganlar kam emas.
Beshinchidan, bunday shafqatsizlikka har bir bola uchrashi mumkin, hech kimning xavfsizligi kafolatlanmagan. Buni ham hamma yaxshi tushunib turibdi.
Namoyishga chiqqanlarga huquq-tartibot organlari bosim o’tkazayotgani, ayni vaqtda kollej ma’muriyatining “jinoyat bizning hududimizda sodir bo’lmagan, shuning uchun biz aybdormasmiz” mazmunidagi bayonotlari yana g’azabga sabab bo’lmoqda.
Bu fojea O’zbekiston xalqi vijdonini uyg’ontirdi. Ayni vaqtda huquq-tartibot organlari uchun jiddiy sinov ekani aniq.
Xalq noroziligidan keyin To’laganov hibsga olingani ma’lum bo’ldi. 5-iyun kuni jinoiy ish shaxsan bosh prokuror nazoratida ekani ham e’lon qilindi.
Ishning bosti-bosti qilinishiga yo’l qo’ymaslik, aybdorlarning aniqlanishi va jazoga tortilishini talab qilishda davom etish O’zbekiston jamoatchiligi vazifasi.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.