O’zbekistonda ochilgan tirqish kattalashadimi?

Posted July 13th, 2017 at 1:03 pm (UTC+0)
Leave a comment

O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov

Xalqaro hamjamiyat O’zbekistonga umid bilan qaramoqda. Bu gapni eshitmaganimga ancha bo’lgandi. Lekin 5-iyul kuni O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov o’tkazgan jonli muloqotdan keyin xalqaro hamjamiyatning ikki muhim qismi – ommaviy axborot vositalaridan BBC va xalqaro tashkilotlardan inson huquqlari bo’yicha “Human Rights Watch” (HRW) bu gapni aytayotgan bo’lishi mumkin.

Chunki BBCning o’zbek xizmatiga hamda xalqaro huquq tashkilotiga O’zbekistonga qaytish imkoni berilishiga yaqin qolgan ko’rinadi.

BBC, qator boshqa xorijiy OAVlar kabi, 2005-yil 13-mayda Andijon shahrida minglab mahalliy aholi va hukumat kuchlari to’qnashib, yuzlab odam halok bo’lganidan keyin mamlakatdan haydalgan edi. HRW vakili Stiv Sverdlov esa 2010-yilda rasman mamlakatdan chiqarib yuborildi.

5-iyul kungi muloqoti davrida Abdulaziz Komilov HRWdan maktub olgani va tashkilotga mamlakatga kirish ruxsati berilajagini aytdi. Ammo, qo’shimcha qildi vazir, tashkilot O’zbekistonning urf-odatlarini hurmat qilishi, ichki ishlariga aralashmasligi kerak.

Uning gapidan aniq iqtibos quyidagicha:

“Biz tashkilotning rahbaridan xat oldik, unda Stiv Sverdlov yetakchiligidagi kichik bir guruhning O’zbekistonga kelishi uchun ruxsat so’raladi. Biz ularni qabul qilishga tayyormiz. Faqat, aytmoqchimanki, bu kabi tashkilotlar bilan hamkorligimiz o’zaro hurmat asosida bo’lishi kerak. Bizning ichki ishlarimizga aralashishni nazarda tutmasligi lozim. Urf-odatlarimiz hurmat qilinishi kerak, mexanik usulda umumiy qadriyatlarni bir makondan olib, boshqasiga ko’chirish mumkin emas”.

Stiv Sverdlov bunday bayonotdan mamniyat bildirib, HRW nomidan bergan bayonotida tashkilot dunyning 90 mamlakatida ishlashi va doim ayni metodologiyaga asoslanib inson huquqlariga oid vaziyatni tahlil qilishini aydi. U, shunigdek, shunday dedi:

“HRW hukumatning hamkorlik tomon qadam tashlayotganini olqishlaydi. Tashkilotimiz O’zbekistondagi vaziyatni 25 yildan beri o’rganib, tahlil qilib keladi… O’zbekiston fuqarolik jamiyati bilan yaqindan ishlashga shaymiz. Yaqin kelajakda bu o’lkaga boramiz degan umiddamiz”.

(Bu haqda biz mana bu yerda xabar bergan edik).

BBCga kelsak, mana endi 12 yil o’tib, u O’zbekistonda muxbirni ishga olishini e’lon qildi. Ayrim ma’lumotlarga ko’ra, bu katta to’laqonli faoliyat yuritadigan byuro bo’lmaydi, shunchaki, Londondagi o’zbek xizmatiga reportajlar uzatib turadigan muxbir yoki muxbirlar bo’ladi, xolos.

Biroq g’arblik hech bir jurnalist ishlamaydigan O’zbekistondan BBCdek nufuzli OAV reportajlar berib turishi – katta siljish. Koshki endi, “Amerika Ovozi” va “Ozodlik”ga ham mamlakatda bemalol ishlashga ruxsat berilsa.

Umid so’zini keltirganimda yana bir voqeani nazarda tutdim. May oyida O’zbekistonga BMTning Inson huquqlari bo’yicha Bosh komissari Ziyod Raad al-Husayn borgan va davlat rasmiylari barobarida inson huquqlari himoyachilari bilan ham uchrashgan edi.

Darvoqe, Komilovning o’zi o’sha tashrifni jonli muloqot chog’ida bir necha marta tilga oldi. Demak, u bundan faxrlanmoqda.

Bundan bir yil avval tasavvur qilib bo’lmaydigan bunday o’zgarishlar – ilk qadam. Eshikda kichik tirqishning paydo bo’lishi. Zotan, eshikni lang ochish kerak. O’zbekiston rasmiylari OAV va huquq tashkilotlaridan tanqid va konstruktiv takliflarni eshitishga toqatli bo’lsin, ularning demokratiyani mustahkamlash va inson huquqlarini hurmat qilishga oid tavsiyalariga quloq solib, islohotlarni muhokama qilishga tayyor bo’lsin. Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganidan beri paydo bo’lgan umidlar puchga chiqmasin.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Inter-Gap haqida

Gap, gap, gap… Biz, o’zbeklar uchun gap – ijtimoiy tadbir. Erkak va ayollar alohida yoki birgalikda juda bo’lmaganda oyiga bir marta yig’ilib, “gap o’ynaydi”. Gapga qo’shilgan odamlar bir-birining uyi yoki restoranda mehmon bo’lishadi. Xarajatini ham ko’tarishadi. Mezbonga berilgan pul nafaqat dasturxon xarajatlarini qoplashi shart, balki qo’shimcha daromad ham bo’lishi lozim. Gapdan maqsad aynan shu. Moliyaviy maqsad. Ijtimoiy jihatiga kelsak… Ha, miriqib gaplashish, muloqot qilish, u yoq, bu yoqdan eshitilgan xabarlar bilan o’rtoqlashish, fikr almashish. Ha, bunisi tushunarli, Inter-i nimasi, dedingizmi? Internet davrida yashayapmiz. Pichoqqa ilinadigan har bir gap internetga chiqadi. Biz ham “Amerika Ovozi” da siz bilan gap o’ynashga qaror qildik. Qo’lda bir piyola choy bilan gapdan olamiz. Men mezbon ekanman, gapni boshlab beraman. Siz qo’shiling, fikr-mulohaza bildiring. Xarajati yo’q. Tez ishlab turgan internetingiz bo’lsa bas. Sizga katta rahmat va Inter-GAPga marhamat.

TV dasturlar