1923-yilda Turkiya jumhuriyatiga asos solinganidan buyon armiya siyosatda katta rol o’ynab kelgan. Respublika asoschisi va ilk prezidenti Mustafo Kamol Otaturk harbiylardan chiqqani bunda katta ahamiyatga ega edi, albatta.

Bugungi kunga qadar generallar to’rt marta davlatni to’ntardi, ya’na bir necha marta bunga urindi.

Oxirgi urinishni 2016-yilning 15-iyul kuni kuzatgan edik. Ammo uringanlar yutqazdi, Prezident Rajab Toyyib Erdog’anni hokimiyatdan chetlashtira olmadi. Pirovardida o’tgan yilgi to’ntaruvga urinish Erdog’anga qo’l keldi, demokratiya esa yutqazdi. Aslida demokratlar o’shanda davlat to’ntaruvini kutmagan va uni qo’llab-quvvatlamagan edi.

“Tozalash”

So’nggi bir yil ichida barcha sohalardan minglab odamlar hibsga olindi. Ayrim manbalarga ko’ra, qariyb 150000 odam jinoiy javobgarlikka tortildi. Davlat idoralari xodimlaridan 70000 nafari ishdan bo’shatildi. 150 dan ziyod jurnalist qamaldi. Deyarli barcha muxolifat gazetalari yopildi, boshqalari davlat nazoratiga olindi.

Davlat to’ntaruviga urinishdan so’ng joriy etilgan favqulodda vaziyat hali ham hukmron. Erdog’an boshchiligida ommaviy “tozalash” amalga oshirildi. Hibsga olinmagan harbiylar qayta kazarmalarga haydaldi, ularning salohiyati va ta’siri keskin kamaytirildi. “Tozalash” ishlari armiyadan tinch aholiga, davlat idoralari xodimlaridan o’qituvchi, shifokor, tadbirkor va jurnalistlargacha – hech kim omon qolmadi.

Bu insonlarning barchasi hozirgi hukumat tomonidan terrorchi deb tamg’alangan va AQShda surgunda yashaydigan imom Fathulla Gulen tarafdorlari ekani aytildi. Gulen rahbarligidagi “Xizmat” tashkilotiga aloqadorlikda gumon qilinganlar birinchi bo’lib hibsga olindi. Asta-sekin, qator xalqaro tashkilotlarga ko’ra, Gulen mafkurasiga biroz bo’lsa-da xayrixoh bo’lganlar u yoqda tursin, unga mutlaqo aloqasi bo’lmaganlar ham qamaldi.

Shu yilning 16-aprelida o’tkazilgan referendum natijasida Erdog’an qudrati ancha mustahkamlashdi, tozalash ishlari jadal sur’atlar bilan davom etdi. (Referendum haqida batafsil mana bu yerda gaplashgandik).

Mustaqil “Cumhuriyet” gazetasining sobiq bosh muharriri, hozirda surgundan turib #Özgürüz vebsaytini boshqarayotgan taniqli jurnalist Jan Dundarga ko’ra, Turkiyada har bir davlat to’ntaruvidan keyin barcha sohalar tozalangan. Tarix davomida aynan shunday amaliyot kuzatilgan. Biroq hozirgi “tozalash” – eng ommaviysi. Ayrim tarixchilar bu “tozalash” ishlarini SSSRda Iosif Stalinning repressiyalari va Eronda 1979-yilgi Islomiy inqilobdan keyingi vaziyat bilan qiyoslaydi.

Turkiya hukumati AQShdan Erdog’anning shaxsiy dushmani deyiladigan Fathulla Gulen ekstraditsiyasini talab qilib keladi. Hozircha muvaffaqiyatga erishganicha yo’q.

Ammo ma’lum ma’noda Erdog’an talablari bee’tibor qolmayapti.

So’nggi bir yil ichida AQShdagi ayrim turk tashkilotlari va bizneslari mahalliy huquq-tartibot organlari tomonidan tekshirildi. Masalan, Nyu-Yorkning Bruklin shahridagi “Masal” kafesida o’tgan yili politsiya reydi bo’lgani haqida Nyu-Yorkda chiqadigan gazetalar xabar bergan edi.

AQShda Donald Tramp prezident etib saylanganidan beri esa Vashington va Anqara mahbuslarni almashishi mumkinligi haqida ma’lumotlar ham bor.

Turkiya ichida hukumatni tanqid qiladiganlar qolmadi hisob. Mamlakat tashqarisidagilar ovozi Turkiyada yaxshi eshitilmaydi, chunki internet cheklangan.

Yevropa va Turkiya bir-biriga kerakmasmi?

Bir qismi Yevropada, kattaroq qismi Osiyoda joylashgan bu mamlakatni Otaturk yevropalashtira boshlagan edi. Bunda Mustafo Kamol xuddi Rossiyada Pyotr Birinchi kabi, ba’zida keskin choralar va farmonlarga qo’l urdi. Keyinchalik ham Yevropa bilan yaqinlashishga intildi.

1963-yilda Turkiya hozirgi Yevropa Ittifoqidan oldin mavjud bo’lgan Yevropa Iqtisodiy Hamkorligining shartli a’zosiga aylandi. 2005-yildan buyon esa bu mamlakat Yevropa Ittifoqining to’la qonli a’zosi bo’lishga harakat qilib keladi.

Ammo Erdog’anning 12-iyulda BBCga bergan intervyusiga ko’ra, Anqara niyatidan qaytgan bo’lsa ajab emas.

“Yevropa bekorga vaqtimizni olyapti”, – dedi Erdog’an.

XX asr boshidan buyon bir pallasi Yevropa, ikkinchi pallasi Osiyo bo’lgan tarozini Turkiya hukumati Yevropa tarafiga og’dirishga urinib kelgan, desak adashmaymiz. Biroq Erdog’an teskari siyosat olib borib, murodiga yetayotganga o’xshaydi. Afsus, chunki aksar aholisi musulmon bo’lgan davlatlar orasida dunyoviylik va zamonaviylikka asoslangan davlat qurishda boshqalarga saboq bo’la oladigan bir mamlakat bo’lsa, u ham Turkiya edi. Endi esa Turkiya bu maqomni yo’qotish arafasida.

Siz nima deysiz, azoz gapdoshim?

Gaplashamiz