O’zbekiston rahbariyati kelajakda mamlakatni rivojlangan o’lkalar darajasiga chiqara oladigan uchta muhim qadamni tashladi.

Birinchi qadam mamlakat ichida qo’yildi. Bu – konvertatsiya. O’zbek milliy valyutasi, so’m, rasman qariyb ikki baravar arzonlashtirildi va bu bilan hukumat “qora” va rasmiy bozorlardagi kurslarni birlashtirdi. Hozircha valyuta almashtirish shohobchalarida dollarlarni sotish mumkin, lekin naqd dollarni sotib olish mumkin emas. Dollar sotib olinganda u konversion xalqaro kartochkaga o’tkazib beriladi. Naqd sotib olish – keyingi bosqich bo’lishi aytilmoqda. Biroq bu haqiqatan ham ulkan qadam. Chunki mamlakatdagi ishlab chiqarish, savdo, eksport-importning oshilishiga va xorijiy sarmoyalarning O’zbekistonga kirishiga to’siq bo’lib kelgan aynan erkin konvertatsiyaning yo’qligi edi. O’zbekistonliklar shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda faol, hammaning og’zida – valyuta almashtirish. Butun dunyo esa keyingi qadamni kutib turibdi.

Ikkinchi qadam mintaqa darajasida qo’yildi. 5-sentabr kuni Qirg’izistonga borgan Prezident Shavkat Mirziyoyev qirg’izistonlik hamkasbi Almazbek Atambayev bilan do’stona uchrashuvdan keyin “bu kunni biz 25 yil kutgandik,” deb aytdi. Gap hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki xalq o’rtasidagi to’siqlarni yo’q qilish, rishtalarni qayta tiklash, chegaralarni ochish haqida. Va bu, aftidan, quruq gap emas: ikki davlat prezidentlari imzolagan hujjatga ko’ra, O’zbekiston va Qirg’iziston o’rtasidagi chegaraning 85 foizi aniqlandi, ya’ni qaysi hudud va qaysi qismi kimga tegishli ekani masalasida murosaga erishildi. Yana 15 foizi muhokamasi davom etadi. Eng muhimi – mojarolarga nuqta qo’yish borasida taraflarda siyosiy iroda bor.

Uchinchi qadam xalqaro darajada qo’yildi. Shu kunlarda “Human Rights Watch” xalqaro inson huquqlari tashkiloti delegatsiyasi O’zbekistonga tashrif buyurmoqda. Bu haqda batafsil mana bu yerda o’qishingiz mumkin.

O’tgan gaplarimizning birida, yodingizda bo’lsa, aziz gapdoshim, bunday qadam ahamiyati haqida alohida so’z yuritgan edim. Ko’p gapirib o’tirmay, bir narsani qayd etmoqchiman. O’zbekiston hukumatining demokratiya va inson huquqlarini hurmat qilish borasida xalqaro hamjamiyat va o’z xalqi oldida olgan majburiyatlarini bajarishi nihoyatda muhim, xalqaro investorlar uchun konvertatsiyaning erkinligi kabi ulkan ahamiyatga ega. Chunki bu mamlakat ichida faoliyat yurita boshlagan xorijiy kompaniyalar huquqlari ham himoya qilinishini, O’zbekiston xalqaro shartnomalarga rioya qilishi, sarmoyadorlarning mulki yoki mablag’i bir mahalliy mansabdor qarori bilan olib qo’yilmasligini anglatadi.

Shu paytgacha O’zbekistonni yaqindan kuzatib kelgan taraflar bundan buyon yanada diqqatlik va sinchkovlik bilan kuzatishda davom etadi. Chunki O’zbekiston rahbariyati haqiqatan ham o’zgarishlarga tayyorligini namoyish qildi. Va’da qilgandan keyin bajarish kerak. Aks holda endi paydo bo’layotgan ishonch yo’qoladi, umidlar puchga chiqadi. Bu safar bunday bo’lmaydi, degan umiddamiz.

Siz nima deysiz?

Gaplashamiz.