Aksariyat nemislar Angela Merkelni yaxshi ko’radi, uni “Mutti”, ya’ni onajon deb ataydi. U dunyodagi eng qudratli siyosatchilardan biri, Yevropa qit’asida esa eng nufuzlisi. Boshqa davlat rahbarlari uning fikriga quloq soladi – bunga sabab Germaniya iqtisodi ulkanligi ham, Merkelning siyosiy tajribasi kattaligi ham.

Kansler lavozimi

Germaniyada bir siyosatchi qayta-qayta kansler etib saylanishi mumkin, AQSh va ko’pgina boshqa davlatlardan farqli o’laroq, u yerda bu borada hech qanday cheklov yo’q. Shu sababli yakshanba kungi saylovda Angela Merkel to’rtinchi marta hukumat rahbari etib qayta saylana oldi.

Germaniya Federativ Respublikasiga bu lavozimga 1949-yilda asos solingan va birinchi kansler – by esa bosh vazir bilan barobar – etib Konrad Adenauer saylangan edi. Albatta, aslida Germaniya ham, hukumat rahbari lavozimi tarixi ham ancha uzunroq va birinchi nemis kansleri etib Otto fon Bismarkni hisoblash mumkin.

Ikkinchi jahon urushi, ya’ni Adolf Gitlerdan keyingi davrni oladigan bo’lsak, sakkiz siyosatchi kansler bo’lib xalqqa xizmat qilgan (AQShda ayni davrda 13 siyosatchi prezident bo’ldi). Ular orasida Konrad Adenauer va Helmut Ko’l to’rt muddatdan kansler bo’lgan va bu bilan “rekord” qo’ygan. Ular saflariga mana endi Angela Merkel ham qo’shildi – u ham to’rtinchi muddatga saylandi.

Merkel

2006-yildan 2016-yilga qadar har yili nufuzli “Forbs” jurnali Angela Merkelni dunyodagi eng qudratli ayol deb atab keladi (2010-yil bundan mustasno: unda bu “unvon”ga Mishel Obama loyiq deb topilgan edi).

Merkelning bu safargi saylovda g’alaba qozonishiga hech kim shubha qilmadi, biroq saylov kansler xonim uchun o’ziga xos zarba bo’ldi, chunki bu safar o’ta o’ng kuchlarning (oddiy qilib aytganda, natsistlarning) “Muqobil Germaniya” partiyasi parlamentga saylanishga muvaffaq bo’ldi. Bu haqda mana bu yerda batafsil hikoya qildik. “Muqobil Germaniya” mafkurasi Merkel platformasiga tubdan zid. Merkel Yevropa millat, din, madaniyat, til borasida rang-barang bo’lsin deydi, Germaniya qochqinlarni qabul qilishi kerak, deb hisoblaydi. “Muqobil Germaniya” esa Germaniya faqat nemislar uchun, qochqinlar kelib bizning madaniyatimizga putur yetkazmoqda, bizdan ishlarni olib qo’ymoqda, ularni mamlakatga kiritmaslik kerak, deydi.

Izolyatsionizmga qarshi

G’arbdagi manzarani o’rgangan kishi so’nggi yillarda mana shunday millatchilar kuchayayotganini payqagan bo’lsa kerak. AQShni olaylik. O’tgan yilda bu yerda noqonuniy muhojirlarga qarshi chiqqan, Meksika bilan devor qurishni va’da qilgan Donald Tramp prezident etib saylandi. Undan oldin Britaniya Yevropa Ittifoqidan ajralishga qaror qildi. Bu yili Fransiyada o’ng kuchlar vakili Marin le Penning yutishiga sal qoldi, lekin Merkel bilan hamfikr Emannuel Makron g’alaba qozondi va bu bilan, ehtimol, Yevropa integratsiyasini saqlab qoldi.

Agar Germaniyada saylovlar o’tgan yakshanba emas, bir yil oldin o’tkazilganida, millatchilar bundan ham ko’proq ovoz olgan bo’lardi. Balki Merkel qayta saylanmasdi, chunki bir yil oldin, yodingizda bo’lsa, Yevropaga Yaqin Sharqdan borgan qochqinlar inqirozi eng avjida edi va Merkelni tanqid qilayotganlarning tarafdorlari ham ko’paygan edi.

Murakkab vazifa

Endi esa Merkel oldida koalitsion hukumat tuzish vazifasi turibdi. Albatta, murosalarga ustaligi bilan tanilgan kansler buning uddasidan chiqadi. Kelasi to’rt yilda Germaniya tashqi siyosatida keskin o’zgarishlar yuz bermaydi, mamlakat ichida esa turli siyosiy guruhlar orasidagi ziddiyatlar to kuchayib, to pasayib boradi, lekin siyosiy tizim barqarorligicha qolaveradi.

2021-yilda esa cheklov yo’qligiga qaramay, Merkel kansler lavozimiga qayta saylanishga intilmasligi mumkin. Ana shunda mamlakat jiddiy jumboqqa yuz tutishi ehtimoli bor.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.