Sovet Ittifoqida fikrlari va dunyoqarashi hukumatnikiga to’g’ri kelmagan odamlar, ya’ni dissidentlarning ko’pginasi mamlakatni tark etib, Nyu-Yorkda qo’nim topgan. Shundaylardan biri Sergey Dovlatov edi. Yozuvchi, journalist, millati yahudiy. SSSRda kitoblarini chop etolmagan. Chunki ularda bildirilgan fikrlar, aytganimdek, kommunistlar partiyasi mafkurasiga mos kelmagan.
Nyu-Yorkga kelganidan keyin u rus va rusiyzabon yahudiy muhojirlar asos solgan gazetada ishlagan, “Svoboda” radiosida ishlagan, AQShning eng nufuzli jurnallaridan biri “Nyu-Yorker”da maqolalari chiqqan, kitoblar chop etgan.
Sergey Dovlatov kitoblari sobiq vatanidagi absurd tizim haqida, Nyu-Yorkda yashaydigan rusiyzabon aholi haqida. Hayot, sevgi, tanlov, ishonch, tafakkur, vijdon va insof haqida.
Asarlari bilan Dovlatov mashhur bo’ldi, kitoblari ingliz tiliga tarjima qilindi. Ammo 1990-yilda u yoshi ellikka kirmay turib yurak xurujidan vafot etdi. 2014-yilda Nyu-Yorkning Kvins dahasidagi ko’chalarning biriga Sergey Dovlatov nomi berildi.
Men bugun Dovlatovning “Hunar” nomli asarini o’qiyotib, bir gapga e’tibor berdim. Sovet tizimining erkin fikrlovchi odamga nisbatan qo’llaniladigan uslublari haqida mulohaza yuritar ekan, u bunday yozadi:
“Shunday uslub bor – tahqirlashning chegarasi bo’lishi kerak. Odamni o’ylamay qadam qo’yishga itarmaslik uchun”.
Nihoyatda to’g’ri aytilgan gap.
Avtoritar tuzumlar bu uslubdan hanuz foydalanadi. Dissidentni, aytaylik, hukumatni tanqid qilgan yozuvchini avval qamab, keyin qo’yib yuboradi, lekin unga qarshi ochilgan jinoiy ishni yopmaydi. Yoki bo’lmasa, hech qanday sababsiz qamalgan jurnalistni 10 yoki 15 yildan keyin ozodlikka chiqaradi-yu, biroq uni oqlamaydi. Jurnalistga xorijiy diplomat yoki inson huquqlari faollari bilan uchrashishga ruxsat etiladi-yu, lekin uning pasporti qaytarib berilmaydi. Ya’ni dissident ozodlikda-ku, lekin erkin emas.
Amerikaliklarning bir gapi bor: yarim homilador bo’lishning iloji yo’q. Yo u yoqlik bo’lishi kerak yoki bu yoqlik. Yo tizim demokratik bo’ladi va demak, erkin fikr bildirish jazolanmaydi, chunki bu Konstitutsiya kafolatlagan huquq. Yoki tizim avtoritar. Bu holda o’yinni yig’ishtirib, niqobni yechish lozim. Chunki xalqaro hamjamiyat vaziyatni kuzatar ekan, yangi rahbariyatga eskining egrisini to’g’irlash uchun biroz muddat beradi. Lekin vaqt o’tgandan keyin ishonch oqlanmasa, xorijliklar yuzini o’giradi. To’g’ri ma’noda emas. Diplomatiya degan narsa bor har holda. Lekin yolg’onchiga ishonch yo’qolgandek, bu yerda ham ishonch yo’qoladi. Vaqtni boy bermasdan qaror qabul qilish kerak. Yoki homilador yoki yo’q. Yoki demokratik yoki eski hammom, eski tos.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.