13-oktabr kuni BMTning ta’lim, ilm-fan va madaniyat bo’yicha tashkiloti – UNESCOning yangi rahbari saylandi. Bu o’rinni 45 yoshli fransuz ayol, Fransiya sobiq madaniyat vaziri Odri Azule egalladi. Endi uning nomzodini UNESCO Bosh konferensiyasi tasdiqlashi kerak.

Hozirda tashkilot tanazzulga uchragan desak mubolag’a bo’lmaydi.

Mana faktlar:

1. 12-oktabr kuni UNESCO tarkibidan AQSh chiqdi. 2011-yilda bu tashkilot Falastinni to’la huquqli a’zo sifatida qabul qilganini e’lon qilgach, AQSh (Isroil bilan yaqin aloqalarga egaligi sababli)  bundan norozilik tariqasida a’zolikni to’xtatishini bildirgan edi. Ammo shu paytgacha UNESCOning Vashingtondagi vakolatxonasi faoliyatini to’xtamagan edi. Endi esa Donald Tramp ma’muriyati 2018-yil oxirida AQSh UNESCOdan batamom chiqishini bildirdi. Bu tashkilot byudjeti uchun katta zarba. Chunki AQShning BMT tizimidagi barcha tashkilotlar byudjetidagi hissasi katta, UNESCOda – 20 foiz. Hozirda UNESCO rahbariyati o’tgan yillar uchun AQSh bizga 550 ming dollar qarz, demoqda.

2. AQShning 12-oktabr kungi qaroridan so’ng Isroil ham UNESCOdan chiqishini e’lon qildi. Gap yana Falastinda.

3. Tashkilotni sakkiz yildan beri boshqarib kelgan bolgariyalik Irina Bokova davrida tashkilotdagi poraxo’rlik, korrupsiya va moliyaviy firibgarliklarga oid iddaolar ko’p yangradi. Eng so’nggi bunday iddaolardan biri Bokovaning Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va uning rafiqasi Mehribon Aliyeva bilan yaqin bo’lgani haqida taniqli ozarbayjonlik mustaqil jurnalist Xadicha Ismoilova tomonidan qilindi. (Uning ochiq xatini mana bu yerda ingliz tilida o’qish mumkin.)

Maktubda jurnalist, xususan, Ozarbayjonda madaniy merosni saqlab qolish masalasiga UNESCO ko’z yumgani va buning evaziga Aliyevlardan pora olgan bo’lishi mumkin ekanini iddao qiladi. Shuningdek, tanqidiy reportajlari uchun qamalib, 1,5 yil qamoqda o’tirib chiqqan Ismoilova uning ozod etilishi uchun Bokova hech narsa qilmagani, lekin keyinchalik ko’ksiga urib, bu uning yutug’i bo’lgani haqida gapirganini ta’kidlaydi.

Bokovaning poraxo’rligi haqidagi da’volar bu bilan cheklanmaydi.

4. Azule barobarida bosh lavozimga Qatar vakili nomzodi ham qo’yilgan edi. Hamad bin Abdulaziz al-Kavariyni barcha arab davlatlari dastakladi, chunki ular UNESCOni boshqarish navbati aynan arab davlati vakiliga keldi, deb keladi. Shu paytgacha tashkilotni boshqarganlar Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika vakillari bo’lgan.

Saylovning birinchi bosqichida Azule Misr vakili ustidan g’alaba qozondi va ikkinchi bosqichda al-Kavariy bilan yuzlashdi. (Darvoqe, Misr Tashqi ishlar vazirligi tanlov adolatli bo’lmaganini ta’kidlab, ovoz berish jarayoni taftish etilishini talab qilmoqda. Bu yuqorida aytganim gapda oid.)

Isroil bir necha oy davomida Kavariyni qoralashga qaratilgan kampaniya olib bordi. Uni antisemitlikda aybladi, yahudiylarga qarshi gapirgan yoki yozgan deya iddaolarni ilgari surdi, go’yoki dalillar keltirgandek bo’ldi. Yahudiy lobbichilar tashkilotidan biri Qatar vakili nomzodi ilgari surilayotganidan norozilik bildirib, tashkilot rahbariyatiga maktub yo’lladi.

Oxirgi ovoz berishda Azule uchun 30, Kavariy uchun esa 28 ovoz berildi.

Azule yahudiy, otasi marokashlik. Shu bois u murosaviy arbob sifatida ko’rilmoqda. Lekin Isroil ichida unga qarshi chiqayotganlar kam emas. Ayni vaqtda arab davlatlari ham ranjigan.

Azule tashkilotni isloh qilish niyatini bildirib, bayonot berdi. Zotan, UNESCO islohotlarga muhtojligiga shubha yo’q. Biroq yangi bosh direktor buning uddasidan chiqadimi yoki yo’q, buni vaqt ko’rsatadi. Avvalambor, yangi rahbar tashkilotga bo’lgan ishonchni qayta tiklashi lozim.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.