Shu hafta 7-noyabr kuni Oktabr inqilobi – yoki ayrim manbalarda qurolli to’ntaruv deb atalayotgan voqea – yuz berganiga 100 yil to’ldi.
20-asr tarixida keskin burilish yasagan va shu bois ulkan ahamiyatga ega bu voqeaga o’zbekistonliklar bugunda turli munosabat bildiradi.
Mendan so’rasangiz, fikrimcha, Oktabr inqilobi va uning natijasida hokimiyatga bolsheviklarning kelishi ham Rossiya, ham Turkiston – hozirgi O’zbekiston uchun katta salbiy oqibatlar olib keldi.
Albatta, tarix haqida “agar bu bo’lmay, u bo’lganida, bunday bo’lardi, unday bo’lardi”, deb taxmin qilish noto’g’ri. Chunki o’tmishni o’zgartirib bo’lmaydi. Lekin o’sha davrni tahlil qilsak, nazarimda, hozirgi O’zbekiston uchun chorizm barham topgach, ruslardan mustaqil bo’lgan va jadidlardan tarkib topgan demokratik hukumatni tuzsh ehtimoli bor edi. Jadidlar, hozirgi so’z bilan aytganda, islohotchilar bo’lgan. Ular siyosiy, iqtisodiy va hatto diniy tizim o’zgarishlarga muhtojligini, hozirgi so’z bilan aytganda, modernizatsiya kerakligini tushungan va shuni targ’ib qilgan. Ha, hatto shariat islohoti haqida, ayollar huquqlari haqida gap borgan. O’sha davrdagi manbalarni o’rgansangiz, aynan shu ko’zga tashlanadi.
19-asrda Rossiya va Britaniya o’rtasida tarixchilar “Buyuk o’yin” deb ataydigan jarayon boshlangan edi. Unda Rossiya va Britaniya hozirgi Hindiston va Pokiston barobarida, Afg’oniston va Markaziy Osiyo, shu jumladan, O’zbekiston uchun talashdi. Tarixdan bilasizki, Hind yarimoroli Britaniya mustamlakasiga aylandi. Bu jarayon haqida Redyard Kiplingning “Kim” romanini o’qishni tavsiya etaman. U hammamizga yaxshi tanish “Maugli” asaridan ham mukammal. (Darvoqe, “Buyuk o’yin” atamasini birinchi bo’lib aynan Kipling qo’llagan. Undan keyin olim va siyosatchilar ham bu atamadan foydalana boshlagan.)
O’zbekiston hududining ruslar tomonidan bosib olinishi, so’ngra bolsheviklar hokimiyati o’rnatilishini oqlaydiganlar bugungi kunda Britaniyaning sobiq mustamlakalari – Hindiston va Pokistonlardagi vaziyatni ko’rsatib, bu davlatlar qoloq ekanini aytadi va shu bois “Buyuk o’yin” oqibatida O’zbekiston Britaniyaga emas, Rossiyaga tekkanini ijobiy baholaydi. Aslida bu nimani qiyoslayotganingizga bog’liq. Masalan, demokratiyaning eng asosiy alomati – saylovlarni oladigan bo’lsak, bu borada Hindistonda mutlaqo erkin va adolatli saylovlar bo’lib o’tadi. Pokiston ham ortda qolmagan, zero bu davlat siyosiy tuzum jihatidan Hindistondan farq qilsa-da. Boshqa tarafdan, savod masalasida O’zbekiston ulardan ancha ustun.
Jadidlarning mafkurasini va ular kimlar bilan bordi-keldi qilgani hamda fikr almashganini olsak, XX asrning 20-yillarida Markaziy Osiyo Mustafo Kamol Otaturk Turkiyaga bergan yo’nalishida rivojlanishi mumkin bo’lganini tushunamiz.
Fikrimcha, Turkistonda ruslar, xususan, bolsheviklarning ustun kelganidagi salbiy oqibati shundaki, bugunda o’zbek jamiyati – arosatda qolgan bir jamiyat. Na Sharq emas, na-da G’arb. Na haqiqiy musulmon emas, na-da to’la dunyoviy. Iqtisodiy sohani oladigan bo’lsak, na sotsialist tizimiga xos aholining kuchli ijtimoiy himoyasi qolgan, na hukumat nazorati kam bo’lgan kapitalist tizim barpo etilgan.
Biroq, boyagi gapimni yana takrorlab aytamanki, “o’z vaqtida Markaziy Osiyo ruslar emas, inglizlar mustamlakasiga aylanganda nima bo’lardi” mavzuida mulohaza yuritishdan naf chiqmaydi. Tarixni o’zgartirib bo’lmaydi. 1991-yilda ruslardan nihoyat ozod bo’ldik. Bundan buyon shu mustaqillikni mustahkamlagan holda, jadidlar bundan 100 yil oldin istagan islohotlarga hanuz ehtiyoj borligini unutmaslik va modernizatsiyani amalga oshirishda davom etish kerak.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.