People participate in a protest march for survivors of sexual assault and their supporters in Hollywood, Los Angeles, California, Nov. 12, 2017.

Gollivudda produser Xarvi Vaynshteynning jinsiy tajovuzkorlikda ayblanganidan bir oy o’tib, shunga o’xshash ishlar soni qariyb 40 taga yetdi. Ayollar va erkaklar tomonidan jinsiy tajovuz yoki tegajog’likda ayblanayotganlar orasida Gollivud yulduzlari – mashhur aktyor va rejissorlar, televizion boshlovchilar va qiziqchi, fotosuratchi, oshpaz va bloger qatorida siyosatchi va hatto AQShning sobiq prezidenti ota Jorj Bush ham bor.

Ulardan ikki nafari – Vaynshteyn hamda “Karta uyi” (House of Cards) serialida prezident rolini ijro etgan Kevin Speysi jinsiy muammolarni davolaydigan kasalxonaga yotganini e’lon qildi.

Qolgan hollarning aksariyatida jinoiy ishlar ochilgan, politsiya iddaolarni o’rganmoqda. Bunday sharmandali axloq shov-shuvga sabab bo’lgach, jinsiy tegajog’likda ayblanayotgan 38 erkakning aksariyati ishidan bo’shatildi.

Bu holatni “domino effekti” iborasi yaxshi ta’riflaydi. Tikka qo’yilgan dominoning birini yiqitsangiz, qolganlari birin-ketin qulay boshlaydi. Bu holda ham shunday bo’lyapti. Ayol va ayrim hollarda erkaklar bundan 20-30 va hatto 40 yil avval bo’lgan hollarni eslamoqda va bu haqda qo’rqmay gapirmoqda.

Nimaga aynan hozir? Nimaga shu paytgacha bu qurbonlar sukut saqlab keldi?

Avvalambor, har bir jamiyatda jinsiy masala haqida gapirish uyatli hisoblanadi. Ayniqsa, ayollar o’zlariga nisbatan qilingan tajovuz haqida gapirishni istamaydi, bundan or qiladi, baribir meni hech kim tushunmaydi, “o’zi aybdor” deyishadi, deb o’ylaydi.

Ikkinchidan, odatda jinsiy tajovuz yoki tegajog’lik ayol yoki erkakning o’zidan kuchliroq, qudratliroq odam tomonidan qilinadi. Misol uchun, Vaynshteynni olaylik. U yillar davomida nihoyatga katta qudrat va ta’sirga ega produser edi. Bir og’iz so’z bilan aktrisa yoki aktyor karyerasini puchga chiqara olardi. U o’ziga qaram odamlarga tajovuz qilgan, zo’rlagan, ularni qo’rqitgan, tergovchilar yollab ularga “kompromat” to’plagan (bu haqda “Nyu-York Tayms” gazetasi maqola chiqardi).

Yoki Kevin Speysi, yoki bo’lmasa Stiven Sigal. Axir bular afsona barobaridagi shaxslar, kinoaktyorlar. Ular birovga tegajog’lik qilsa, omma kimga ishonadi? Ulargami yoki hech kim tanimaydigan bir yigit yoki qizgami?

Uchinchidan, har bir jarayonning o’ziga xos bosqichlari bo’ladi. Bu masalada ko’plab ayol va erkaklarning sabr kosasi to’lishi uchun ancha vaqt ketdi. Shu bilan birga jamiyatdagi vaziyat shu qadar o’zgardiki, mashhur odamlarni jinsiy tajovuzlarda ayblab chiqayotganlar buni aslida uyat emasligini tushundi. Jamiyat ham, Amerika jamiyati buni nihoyat to’g’ri qabul qilmoqda.

To’rtinchidan, bu jarayonning boshlangani nafaqat Golivudda, balki butun Amerika jamiyatidagi umumiy vaziyatni sog’lomlashtirishi kerak. Bundan buyon boshqa birovga tajovuz qilish oldidan hamma bir emas, ikki marta o’ylab ko’rib, keyin ish tutadigan bo’ladi.

Zora bu jarayon o’zbek jamiyatiga ham ijobiy ta’sir ko’rsatsa. Chunki o’zbekistonlik ayollar orasida umrida kamida bir marta tegajog’lik nishoni bo’lmaganini topishning imkoni bo’lmasa kerak.

Vaynshteynga nisbatan ilk iddaolar yangraganidan keyin ijtimoiy tarmoqlarda ayollar Me too – Men ham heshtegi ostida kampaniya olib bordi (#Metoo). Bu haqda biz batafsil mana bu yerda hikoya qilgan edik.

O’zbek ayollar birin-ketin o’zining salbiy tajribasi haqida ma’lumot bilan o’rtoqlasha boshladi. Facebookdagi bitta shunday postning tagida men ham #Metoo deb, kim aslida bunday tegajog’lik nishoni bo’lmagan, bundaylar bormi o’zi, degan yozuv qoldirdim. Postni muhokama qilgan ayollar hammasi fikrimga qo’shildi. Aslida bunday holatlar shu qadar ko’p uchraydiki, ayollar bu ularning eng asosiy huquqlarining buzilishi ekani haqida o’ylamay ham qo’ygan. Zero, bu AQShdagi kabi jinoyat hisoblanishi kerak.

Jinoiy kodeksga kelsak, Rossiyanikida jinsiy tegajog’lik tushunchasi yo’q ekan. Demak, bunday xulq uchun jinoiy javobgarlik ham ko’zda tutilmagan. Men buni rus tilidagi matbuotdan bildim. Chunki Rossiyada bu masala keng muhokama qilinmoqda. O’zbekistonda ayni mavzuga bag’ishlangan maqolalarni ko’rmadim. Balki chiqqandir, balki chiqmagandir. Jinoiy kodeksni ham tekshirib chiqmadim, huquqshunosmasman. O’zbekistonda jinsiy tegajog’lik va tajovuz jinoyat hisoblanadimi, degan sagvolga agar Siz aniq javobni bilsangiz, menga, albatta, bildiring, aziz gapdoshim.

Gaplashamiz.