AQShda yetimxonalar, ya’ni mehribonlik uylari yo’q. Yetim qolgan, ota-onasi olamdan o’tgan yok ota-onalik huquqidan mahrum etilgan holda bolalar boqib olinadi. Aslida o’gay bolani boqib olishni istagan odamlar shu qadar ko’pki, amerikaliklar xorijdan, kambag’alroq mamlakatlardan ham bola boqib oladi.

Men AQShda Rossiya, Qirg’iziston va O’zbekistondan millati rus bo’lgan bolalarni boqib olgan amerikaliklarni ko’p uchratganman. Ayrim bolalar nogiron edi. O’zbekistondan bir o’zbek bolani boqib olgan bir amerikalik ayolni ham. U o’g’liga aslida o’zbekligini aytishini, ismi ma’nosini tushuntirganini va YouTubedan o’zbekcha qo’shiq va musiqa qo’yib berishini aytgan edi. U ayol mendan nima qilsam, bola o’zbek tilini unutmaydi, axir na men, na turmush orto’g’im o’zbek tilini bilamiz, deb maslahat so’ragandi. Hamda musulmon o’g’il bolani qanday tarbiyalash kerakligi haqida maslahat so’ragan. U oila o’z nasroniy edi, lekin bola musulmon ekanini bilib, uning dini haqida o’zi ham o’rgana boshlagan, bola dinini ham, tilini ham, madaniyati va tarixini ham hurmat qilgan. Ko’pgina amerikalik ota-onalar boqib olingan farzandiga boqib olingani haqida ochiqchasiga so’zlab beradi, bolaning aslida qayerdanligi, qanday sharoitda u bilan tanishgani va qanday boqib olgani haqida so’zlab beradi. Ba’zi ota-onalar boqib olingan farzandini vataniga ham olib boradi, shunchaki, tanishtirish va bolaning ildizini unutmasligini ta’minlash uchun.

Endigina ota-onasiz qolgan bola avval davlat “mulki” hisoblanadi va “foster”, ya’ni muvaqqat ota-onaga beriladi. Bu vaqtincha holat. Biroz vaqt o’tgach, bu bolaga yangi oila topiladi. Ungacha davlat “foster” ota-onaga maosh to’lab turadi. Buning maqsadi – bolani doimo oila muhitida saqlash. Ya’ni bolalar uylari o’rniga bu yerda bolalar oilalari bor.

Ba’zida bola boqib olmoqchi bolgan oila avval bolani foster qaramoqqa oladi. Agar taraflar bir-biriga mehr qo’ysa, bola boqib olinadi va bu holda davlat bola uchun pul to’lashni to’xtatadi. Agar ota-ona bolani boqib olmasa, yana davlatga qaytaradi, ya’ni bola boshqa foster oilaga tushadi.
Albatta, xulqi yomon bolgan ba’zi bolalar uchun hech qachon oila topilmasligi mumkin. Bu holda bola bir yoki ketma-ket bir nechta foster oilada yashaydi va 18 yoshga kirgach, mustaqil hayotga qadam qo’yadi.

Shy payshanba amerikaliklar Shukronalik kunini nishonladi. Bu bayram nafaqat kurka pishirish va dasturxon atrofida oila a’zolari bilan yig’ilish hamda shukur qilish bilan mashhur. Bu bayramda amerikaliklar o’z ahvolidan shukur qilib, boshqalar bilan ham ulashadi. Beva-bechoralarga yordam beradi. Aynan shu kunlarda xayriya maqsadlarda shaxsiy bank hisoblaridan turli xayriya tashkilotlar hisobiga katta pullar o’tkaziladi.

Gaplashamiz.