Noyabr oxirida yuz bergan bir muhim voqea, afsuski, ko’pgina axborot vositalarining diqqat markaziga kirmadi.

Rossiya tarkibidagi eng katta respublikalardan biri Tataristonda tatar tilini o’rganishga oid qonun o’zgartirildi: bundan buyon Tataristondagi maktablarda tatar tilini o’rganish “ixtiyoriy” asosda amalga oshiriladi va haftasiga ikki soatdan oshmaydi. Demak, Rossiyadagi ruslardan keyin soni bo’yicha ikkinchi eng katta etnik guruhning huquqlarini cheklashga qaratilgan va uzoq yillardan beri davom etayotgan siyosatda Kremlning ustun kelganini anglatadi bu.

Muhim o’zgarish qabul qilingunicha ijtimoiy tarmoqlarda tatarlar va ularning huquqlarini qo’llab-quvvatlaganlar tatar tilini o’rganishni cheklamaslik haqida turli chaqiriq va bayonotlar tarqatdi, imzolar to’pladi. Ammo Kremlparast kuchlar o’z niyatidan qaytmadi.

Rossiyada 190 dan ziyod etnik guruh yashaydi. Ularni rus tiliga majburan o’tkazish siyosati 300 yildan beri davom etadi. Aynan shu sababdan hatto 26 yildan beri mustaqil O’zbekistonda o’zbek tilida gapirmay, rus tilida so’zlashadigan odamlar oz emas. Chunki Moskva sovet davrida ham, undan oldin va keyin ham xalqlarning rus tilida so’zlashishini rag’batlantirgan va hatto bunga majburlagan.

Rossiyada turkiy elatlar ko’p. Tatar va boshqirdlar qatorida chuvash, qoratoy, qorachoy, xakas, tuva, yoqutlar hamda Kavkazda yashaydigan oz sonli turkiy elatlar bor. Gap hozir Rossiyaning tub aholisi haqida ketyapti. So’nggi yillarda Rossiyaga ko’chib borgan o’zbek-u qirg’iz, ozariy va qrim-tatarlar haqida gapirmay qo’ya qolay. Mamlakatning turkiy elatlari orasida tatarlar eng katta guruh: 6 million odamga teng. Tarixan bu guruh o’z mustaqilligi uchun qattiq kurashgan, o’zligini saqlab qolishga uringan. Tatarlar, shuningdek, katta intellektual potensialga ega. Qozon universiteti Moskva va Peterburg universitetlaridan keyin uchinchi eng qadimgi oliygoh. Unga 1804-yilda, ya’ni 213 yil avval asos solingan. Mashhur rus adibi Lev Tolstoy va SSSRga asos solgan Vladimir Ulyanovdan (Lenin) tortib, alternativ geometriya asoschisi Nikolay Lobachevskiy va ko’plab boshqa taniqli olimlarning Qozon universitetiga aloqasi bo’lgan.

Bir paytlar Qozon xonligi Rus knyazligidan ancha kuchli bo’lgan. 1550-yilda Qozonni Ivan Grozniy bosib olgan, mahalliy xalq rus tilini o’rganish va nasroniylikni qabul qilishga majburlangan, masjidlar buzib tashlangan, o’rnida cherkovlar qurilgan. 200 yil davomida tatarlarga masjid qurish taqiqlangan.

19-asr oxirlarida Tatariston jadidlar harakati markaziga aylandi. Biroq Birinchi jahon urushi hamda bolsheviklarning 1917-yilgi inqilobi bu harakatning ildiziga bolta urdi.

Sovet davrida Boltiqbo’yi davlatlari hamda Kavkazning ikki respublikasi – Gruziya va Armaniston o’z alifbosini saqlab qolgan, odamlar familiyalariga ham -ov yoki -ova qo’shmagan. 1978-yilda Moskva Gruziya SSR Konstitutsiyasiga o’zgartish kiritib, rus tiliga gruzin tili qatorida davlat tili maqomini beramiz, deganda gruzinlar norozilik tariqasida ko’chalarga chiqqan, bunga yo’l qo’ymagan. Tataristonda bunday bo’lmadi, aholini ruslashtirish jarayoni Moskva uchun muvaffaqiyatli kechdi.

1990-yilda Tatariston o’z suverenitetini e’lon qilgan birinchi respublikalardan bo’ldi. Tataristonning ilk prezidenti Mintemir Shaymiyev mustaqil bo’lamiz degan kuchli va irodali yetakchi edi. 1991-yilda u putchga qarshi chiqib, Tatariston mustaqilligini e’lon qildi va Moskva bilan maxsus munosabatlar qurishga muvaffaq bo’ldi.

Shaymiyev bilan do’st bo’lgan Boris Yeltsin hokimiyatdan ketgach, Rossiyada prezidentlikka Vladimir Putin keldi. U Tataristonni Moskvaga bo’ysundirishga qattiq urindi va bunga erishdi. Hozirgi rahbar Rustam Minnixonov – Putin tarafdori.

Men yuqorida aytganim qonun qabul qilinishi barobarida 5-dekabr kuni Rossiya Adliya vazirligi Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosining Tatar-boshqird xizmatini “xorijiy agentlar” ro’yxatiga kiritdi. (Bu ro’yxatga Ozod Yevropa/Ozodlik Radiosining yana boshqa yetti xizmati hamda Amerika Ovozi ham kiritildi). Bu esa ushbu radiostansiyaning tatar-boshqird tillarida faoliyat yuritishini cheklaydi. Demak, Tataristonda tatar tilida ma’lumot olish yanada qiyinlashadi.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.