O’tgan juma kuni Bruklinda Nyu-York meri hamda Bruklin prezidenti idoralaridan vakillar o’zbek jamoasi faollari bilan uchrashdi. Bu uchrashuv 31-oktabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan xurujdan keyin hokimiyat hamda o’zbek jamoasi o’rtasida yo’lga qo’yilayotgan hamkorlikdagi yana bir qadam bo’ldi.

31-oktabr kuni Manxettenning janubiy qismida asli o’zbekistonlik Sayfullo Soipov yuk tashuvchi mashinani piyoda ketayotgan odamlarga, so’ngra maktab avtobusiga borib urgan va naijada 8 odam nobud bo’lgan, 10 dan ortiq odam tan jarohatlari olgan edi.

O’zi ham yaralangan Soipov kasalxonada yotgan xonaga “Islomiy davlat” (ID) terror guruhi bayrog’ini osishni so’ragan va xurujni aynan ID uchun amalga oshirganini aytgan. Bu haqda biz batafsil hikoya qilganmiz.

Avvalgi blogpostlarimdan birida men o’sha xurujdan keyin Nyu-Yorkda yashovchi o’zbeklarga munosabat qandayligi haqida ham gap yuritgan edim.

Toshkentlik Soipovning O’zbekistonda emas, AQShda radikal g’oyalar bilan tanishib, ularni qabul qilgani va AQShda yashagan davrda terror tashkilotiga hatto moliyaviy mablag’ o’tkazgani ma’lum bo’ldi.

O’sha mudhish voqeadan beri Nyu-Yorkdagi o’zbek jamoasi AQShga ko’chib kelayotgan o’zbekistonliklarning radikallashmasligini ta’minlash yo’llarini izlamoqda. Shahar va Bruklin tumani hokimiyatlari esa jamoa bilan maslahatlashmoqda. 8-dekabrgi uchrashuvdan maqsad ham aynan shunda edi.

Uchrashuvda o’zbek jamoasining turli qarashlarga ega vakillari qatnashdi. Fikrlar ham turli, ba’zida bir-biriga qarama-qarshi bo’ldi.

Masalan, ayrimlar o’zbeklarga masjid kerak, desa, boshqalar masjidga hamma ham boravermaydi, bizga oilaviy yig’iladigan markaz kerak, dedi.

Ba’zilar o’zbek tili darslarini tashkil etish kerak, farzandlarimiz ona tilini unutib qo’ymoqda, desa, boshqalar “bolalarning amerikalashishi va ingliz tilida yaxshiroq gapirishi – tabiiy hol, bunga qattiq qarshilik ko’rsatish kerak emas, keling, yaxshisi farzandlarimizga kompyuter programmalashtirishdan (coding) dars beraylik”, degan taklifni ilgari surdi.

Shahar va tuman hokimiyatlari vakillari biz uchrashuvdan avval ham fikrlar turli bo’lishi va hatto bir-biriga zid bo’lishi mumkinligini bilgan edik, deb aytdi. Chunki bu, ularning gaplariga ko’ra, boshqa muhojirlar jamoalarida ham uchraydigan hol.

Barcha immigrantlar kabi, AQShga kelgan o’zbekistonlik muhojirlarga yangi mamlakatga o’rganishga qaratilgan kurslar kerak, degan taklifda barcha fikrdosh bo’ldi.

Taraflar yaqin kelajakda Bruklin hokimiyati binosida o’zbek madaniyati kunini o’tkazishga kelishib oldi. Bundan tashqari, o’zbek muhojirlari uchun ingliz tilidan darslar tashkil qilish kerakligi ham e’tirof etildi. O’zbeklar masjidi haqidagi fikrlar alohida uchrashuvda muhokama qilinadigan bo’ldi.

Bunday uchrashuvda qatnashganingizda Siz nima degan bo’lardingiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.